Namanganga 1 milliard dollarga yaqin Xitoy sarmoyasi kiritiladi

Namanganga 1 milliard dollarga yaqin Xitoy sarmoyasi kiritiladi

Namanganda O‘zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Namangan – Xitoy” xalqaro investisiya va biznes forumining asosiy tadbiri har ikki davlat madhiyalari sadosi ostida boshlandi.

Mazkur nufuzli iqtisodiy anjumanda viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, mahalliy tadbirkorlar, Sharqiy Osiyodan kelgan 300 dan ziyod ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyatning iqtisodiy salohiyati, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi mavjud imkoniyatlar, xorijlik hamkorlar, shu jumladan, Xitoy bilan hamkorlik aloqalari samaralari haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, bugungi kunda Namanganda xitoylik investorlar kapitali ishtirokida 71 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Yengil sanoat, qurilish materiallari, farmasevtika, meva-sabzavotni qayta ishlash va turizm yo‘nalishlarida 850 million dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirildi.

Forumda Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan “Fazman tekstil", "Aisha Home Textile", "Uz Chasis", "Namangan paxta teks", "Lactalis Central Asia", "Xinyuan LLC”, "Iftihor kiyim sanoat", "Chortoq Mineral Water", “Tai chang special steel”, "Art soft tex", "Mexmash" kabi yirik sanoat korxonalari, klaster va kompaniyalar vakillari ham faol qatnashdilar.

– O‘n besh yil Xitoyda yashaganman. Dastlab o‘qidim, keyin ishladim. Prezidentimizning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investorlarga keng yo‘l ochish borasidagi dadil siyosati tufayli 2021 yilda Vatanimizga qaytib keldim, – deydi Namangan metallurgiya zavodi ta’sichisi Gulbahor Tojimirzayeva. – “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda 30 gektar yer maydonida metall mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tai Chang Special” qo‘shma korxonasiga asos soldik. Umumiy qiymati 30 million dollarga teng bo‘lgan yirik loyihamizning birinchi bosqichini ishga tushirish natijasida 400 kishini doimiy ish bilan ta’minladik. Biz joylashgan hudud – Chust tumanida konlar ko‘pligi bois konchilik bo‘yicha yangi yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirdik. Buning uchun Xitoyning “Cccp United Co LTD” kompaniyasi bilan birgalikda 50 million dollarlik sarmoya kiritishni rejalashtirganmiz.

Xalqaro anjumanda Namangan viloyati haqida xitoy tilida suratga olingan maxsus videorolik namoyish etildi. “Namangan” va “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonalari hamda shahar, tumanlarda barpo qilingan 72 ta kichik sanoat zonasi hamda viloyatda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Namangan viloyatiga investisiya kiritgan “Hua Cheng Group” xorijiy korxonasi rahbari Chen Xing Fu, “Uychi Chemical Steel” qo‘shma korxonasi rahbari Xan Jian Pin O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun kafolatlangan qulay investision muhit shakllangani, mamlakat aholisining 70 foizdan oshig‘ini yoshlar tashkil etayotgani, qolaversa, tinchlik va barqarorlik hukm surayotganini e’tirof etishdi.

Ishbilarmonlik tadbirlari davomida Xitoy Xalq Respublikasining yirik va dunyoga mashhur biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Forum yakunida Namangan viloyati hokimi, shuningdek, shahar va tumanlar hokimlari hamda xitoylik hamkorlar o‘rtasida kelishuv va memorandumlarni imzolash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga muvofiq, o‘ttizga yaqin istiqbolli loyihani amalga oshirishga qaratilgan, umumiy qiymati 1 milliard dollarga yaqin investisiya shartnomalari imzolandi.

Anjuman ishtirokchilari forumning ikkinchi kunida “Yangi Namangan” shaharchasi qurilishi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Yuksalish” massivida joylashgan kichik sanoat zonasi hamda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida "Iftihor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan yirik tekstil korxonasi bilan yaqindan tanishdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!