Mutaxassis: 15 daqiqada nafaqa tayinlash amaliyoti joriy etilmoqda

Mutaxassis: 15 daqiqada nafaqa tayinlash amaliyoti joriy etilmoqda


Yaqin-yaqingacha pensiyaga chiqish uchun 30 dan ortiq hujjat talab qilinar, ayniqsa, ularni taqdim etishga 14 dan ortiq idora tizimi ovora-yu sarson edi. Qanchadan-qancha qog‘oz, vaqt sarflanardi.
Endi ana shulardan voz kechilib, hujjatlarni yig‘ish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda. Pensiya bilan bog‘liq murojaatlar yildan-yilga oshib borayotgani, tabiiyki, tizim faoliyatini soddalashtirishni taqozo etmoqda.

2022 yil 1 iyuldan davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi kabi qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Shaxs faoliyatiga doir barcha ma’lumot bandlikka ko‘maklashish markazlariga qarashli “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritiladi. Bu esa, tabiiyki, pensiyaga chiquvchilarga katta qulaylik yaratadi.

Sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Nuriddin Shodixo‘jayev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

- Endilikda davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lmagan fuqarolarga belgilangan yetti turdagi nafaqani tayinlash uchun hech bir hujjatlarsiz, qisqa muddatlarda, e’tiborlisi davlat idorasiga tashrif buyurmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxat o‘tish orqali eksterritorial tartibda respublika bo‘yicha davlat hizmatlariga murojaat etgan holda nafaqalarni tayinlash uchun murojaat qilish imkoni yaratiladi, - deydi N.Shodixo‘jayev.- Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 2020 yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish hamda fuqarolarga nafaqalarni tayinlash uchun faqat pasport bilan murojaat qilishi kifoya bo‘ladigan tizimni yaratishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qarorga ko‘ra, nafaqa tayinlash uchun murojaat qilgan fuqarodan hech qanday hujjatlar talab qilinmasdan, kerakli hujjatlar Pensiya jamg‘armasining «Pensiya» dasturiy majmuasi orqali tegishli vazirlik va idoralar bilan axborot almashinuvi orqali 15 daqiqa ichida olinadi va nafaqa tayinlanadi. Endilikda yoshga doir, nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga, bolalikdan nogironlarga va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqalar tayinlash uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxat o‘tish orqali qabul qilinadi. Mazkur amaliyot joriy etilishi natijasida respublika bo‘yicha joriy yilda 64 ming 500 nafar fuqaroga faqat birgina pasport asosida, eng asosiysi, 15 daqiqa ichida davlat idorasiga tashrif buyurmasdan eksterritorial tartibda olti turdagi nafaqani tayinlash uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ijtimoiy ta’minot bilan kafolatlanadi hamda fuqarolarga nafaqa ular murojaat qilgan kundan emas, balki nafaqaga huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab tayinlanadi va to‘lanadi. Shu bilan ularga ijtimoiy jihatdan ko‘maklashish mexanizmi yaratiladi.

Sohadagi yana bir muhim o‘zgarishlardan biri, 2022 yil 1 yanvardan boshlab pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni aholiga yetkazib berish har 3 yilda hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda ushbu to‘lovlar Xalq banki filiallari tomonidan yetkazib berilmoqda va buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi olinmoqda. 2020 yilda jami 35,4 trillion so‘mlik pensiya va nafaqa to‘lovlarining 28,1 trillion so‘mi yoki 79 foizi naqd pul ko‘rinishida ajratilgan. Xalq bankiga mazkur to‘lovlarni naqd pulda tarqatish xizmatlari uchun 2020 yilda 223,6 milliard so‘mlik xizmat haqi to‘langan.

Shu yilning 1 iyunidan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.


Bugungacha fuqarolardan mehnat daftarchasidan tashqari ishlagan davridagi ish haqiga oid ma’lumotlar talab qilib kelingan. Ammo ko‘plab tashkilotlarda arxiv ishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli juda ko‘pchilik oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumot topishning imkoni bo‘lmagan. Natijada haqiqatdan ishlagan bo‘lsa ham pensiyasi miqdori kam chiqardi. Demak, buni ham juda katta o‘zgarish sifatida ko‘rsatish mumkin.

Ilgari ko‘plab pensionerlarimiz pensiya hisoblashdagi texnik yoki boshqa xatoliklar tufayli ko‘proq miqdorda pensiya olgan bo‘lsa, keyinchalik o‘sha ortiqcha pensiyalarning hammasi pensionerdan qayta undirilgan. Endi tasavvur qiling, 70 yoshga kirgan va hech qayerda ishlamaydigan otaxon olgan pensiyasini allaqachon ishlatib bo‘lgan bo‘ladi. Davlat esa bir necha million so‘mni qaytarishni talab qiladi. O‘sha otaxon qayerdan oladi buncha pulni? Xullas, savollar ko‘p edi. Endi bu savollarga ham aniq javob bor. Bir necha yil avval tayinlangan pensiya va nafaqalarni tekshirish bilan bog‘liq fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida, nazorat organlari tomonidan pensiya ishlarini 3 yil davomida o‘rganish tartibi joriy etilib, 3 yildan avval tayinlangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ortiqcha to‘langan miqdorlarini undirish tartibi bekor qilinmoqda.

Yana bir muhim yangilik, joriy yil 1 iyundan ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi. Pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!