Markaziy Osiyoda mushtarak jihatlar, tahdidlar va yangi imkoniyatlar

Markaziy Osiyoda mushtarak jihatlar, tahdidlar va yangi imkoniyatlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish doirasida Toshkentda 19-20 fevral kunlari Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
O‘zA muxbirining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori vazifasini bajaruvchi Botir TURSUNOV bilan suhbati mazkur yirik anjumanning amaliy ahamiyati haqida bo‘ldi.
Avvalo, Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgan omillar haqidasuhbatlashsak. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqada o‘zaro ishonchni yanadamustahkamlash imkonini berayotgan tashabbuslari haqida.
Darhaqiqat, so‘nggi uch yilni Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari tarixida yangi davrning boshlanishi sifatida baholash mumkin. Qisqa davrda davlatlararo aloqalarda muhim ijobiy natijalarga erishildi. Qo‘shni mamlakatlar bir-biriga nafaqat chegaralarni, balki bozorlarini ham ochdi. Mintaqada yangi mustaqil davlatlar tashkil topgan davrdan boshlab birinchi marta yon qo‘shnilar sanoat kooperasiyasi, o‘zaro investisiyalarni jalb qilish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida 2018 yilning mart oyida ilk bor o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi ham o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichi boshlanganiga yorqin misol. Toshkentda joriy yilning aprel oyida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Hamkorlikning yangi bosqichda davom etayotgani o‘zaro savdo-iqtisodiy natijalarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2018 yilda mamlakatimizning mintaqa davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasida o‘sish sur’ati kuzatildi.
Birgina misol. Qozog‘iston bilan o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 2017 yilda 1,7 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 2,6 milliard AQSh dollariga yetdi. GM Uzbekistan avtomobillarini qo‘shni davlatda yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, mintaqaviy turizmni rivojlantirish maqsadida Ipak yo‘li vizasi loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
O‘tgan yili O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarning 4 millionga yaqin fuqarosi turli darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Bunda keyingi yillarda jadal rivojlanayotgan xalq diplomatiyasi muhim o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Prezidentimiz rahbarligida Markaziy Osiyo davlatlari, yon qo‘shnilarimizga nisbatan amalga oshirilayotgan ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan faol tashqi siyosat mintaqamizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarda muhim poydevor bo‘ldi.
Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada uzoq yillar to‘planib qolgan muammolarga yechim topishda muhim siyosiy iroda namoyish etmoqda. Xususan, Turkiyadagi nashrlardan biri Derin Ekonomi davlatimiz rahbarini mamlakat, mintaqa hamda xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta’sir ko‘rsatadigan yetakchilar o‘ntaligida qayd etgani shular jumlasidan.
Sizningcha, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining qaysi yo‘nalishlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda?
Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan yangi siyosiy muhit, globallashuv jarayonlari hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirib borishni, foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi. Zero, bu zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada qulay investisiyaviy muhitni yaratish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, biznes tuzilmalarining Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritish bo‘yicha intilishlarini samarali ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Mintaqada 70 milliondan ortiq aholiga ega ulkan bozor mavjud. Mashhur Boston Consulting Group ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa iqtisodiyoti real sektorlariga 40-70 milliard dollarlik investisiya jalb qilish mumkin.
Shu kabilardan kelib chiqib aytish mumkinki, mintaqa davlatlari uchun farqli va o‘ziga xos yondashuvlar barobarida, iqtisodiyotni diversifikasiya qilish, modernizasiyalash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish kabi umumiy strategik vazifalar mavjud.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining muhim strategik joylashuvi xalqaro transport yo‘laklari imkoniyatlaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi. 2017 yildan boshlab temir yo‘l, havo va avtomobil yo‘llari qatnovlari tashkil etilgani, 2018 yilning avgust oyidan boshlab Xitoy Qirg‘iziston O‘zbekiston Afg‘oniston avtomobil yo‘li bo‘ylab yuk tashuvlarining yo‘lga qo‘yilgani yangi Sharq-G‘arb , Shimol-Janub transport-kommunikasiya loyihalarini amalga oshirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Bundan tashqari, sanoat kooperasiyasi, mintaqalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqaviy turizmni rivojlantirish ham ustuvor maqsadlar sirasidan.
Dunyoda barqaror rivojlanishga erishishning muhim va birlamchi omili bu tinchlikdir. Aytingchi, bugun Markaziy Osiyo mintaqasi totuvligiga raxna solayotgan tahdidlarga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlar nimalarda namoyon?
Bugungi kunda isbot talab etmaydigan bir haqiqat bor. Bu ham bo‘lsa, mintaqa xavfsizligini bir davlat miqyosida yoki alohida tasavvur etib bo‘lmaydi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida mintaqa uchun umumiy bo‘lgan radikallashuv, ekstremizm, terrorizm kabi tahdid va xavflarga qarshi kurashish mumkin.
Shu ma’noda, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilingani quvonarli holdir. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan bu hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Rezolyusiyaning qabul qilinishi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Davlat rahbari BMT yuksak minbarida turib so‘zlar ekan, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyusiyaning asosiy maqsadi barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat ekanini qayd etdi. Hujjat bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashish ga qaratilgan. Bu nafaqat mintaqamiz, balki dunyo hamjamiyati duch kelayotgan muammolarga o‘ziga xos javob hamdir.
Hozirgi kunda O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistondagi mojarolarga yechim topishga qaratilgan faol tashqi siyosiy tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Poytaxtimizda 2018 yil 27 mart kuni Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasining o‘tkazilishi ham shundan dalolat.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi mazkur konferensiya afg‘on xalqining muammolarini hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilgani bilan amaliy ahamiyatga ega.
Toshkent shahrida o‘tadigan Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar mavzusidagixalqaro konferensiyadan kutilayotgan natijalar haqida ham ma’lumot bersangiz.
Bugungi kunda xalqaro munosabatlarda barqaror, jadal rivojlanayotgan davlatlar xalqaro hamjamiyatning konstruktiv va uzoq muddatli sheriklari bo‘lishi mumkin, degan hayotiy qarash mavjud. Agar mintaqa davlatlari bu yo‘nalishdagi maqsadlarni amalga oshira olsa, Markaziy Osiyo Evroosiyoda barqarorlik va tinchlikning geosiyosiy laboratoriyasi ga aylanishi mumkin.
Ushbu konferensiya esa ana shunday maqsadlar sari yana bir muhim qadam. Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanuvchi ekspertlar, tahlil doira vakillari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etadigan tadbirda mintaqada sodir bo‘layotgan jarayonlar, chegara bo‘yicha hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar, suvdan oqilona foydalanish, xavfsizlik va savdo masalalari muhokama qilinadi.
Anjumanda AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston kabi mamlakatlar, shuningdek, Markaziy Osiyo davatlarining yetakchi tahlil markazlaridan 100 dan ortiq mutaxassis ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Buyuk Britaniya Qirollik birlashgan kuchlari instituti, Germaniya Xalqaro jarayonlar va xavfsizlik instituti, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti, Toronto universiteti, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Qirg‘iziston Milliy strategik aloqalar instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi Post-sovet tadqiqotlar markazi, Rossiya iqtisodiyot oliy maktabi, AQSh Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, shuningdek, AQSh RAND (Research and Development) korporasiyasi va boshqa tashkilotlar vakillari bor.
Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan siyosiy va iqtisodiy voqealar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mintaqaviy hamkorlik masalalariga yangicha baho berishni talab qilmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni barqaror va dinamik rivojlantirish uchun samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish zarurati tug‘ilmoqda.
Konferensiya esa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy tamoyillari sifatida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, teng huquqlilik, manfaatli sheriklikni rivojlantirish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Manba: uza. uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!