Hikmat Abdurahmonov shahar hokimi faoliyatini nazorat qila oladimi? (video)

Hikmat Abdurahmonov shahar hokimi faoliyatini nazorat qila oladimi? (video)

Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamoatchilik kengashlari faoliyatiga ham bir yil bo‘ldi. Shu o‘tgan davr mobaynida Toshkent shahar hokimligidagi Jamoatchilik kengashi qanday natijalarga erishgani, kengashi faoliyati mazmun-mohiyati haqida bilish maqsadida jurnalist Xurshid Daliyev Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov bilan suhbatlashdi. 

— Hikmat aka, Prezident qarori bilan boshqaruv organlari huzurida tashkil qilinayotgan jamoatchilik kengashlari tuzilganiga ham, iyul oyida bir yil bo‘ladi. Siz boshchiligingizdagi kengash faoliyati sizni qoniqtiradimi? 

— Bitta gap bilan aytaman, menda qoniqish yo‘q. To‘g‘ri bir yil davomida qator ishlarni amalga oshirish barobarida, ayrim sabablarga ko‘ra qilinmagan, qilinib ulgurilmagan ishlar ham bo‘ldi. Biroq tan olish kerak, bir yil davomida fuqarolik jamiyati shakllanishi sari katta qadam qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining “Jamoatchilik nazorati  to‘g‘risida”gi qonunni tilga olmaslikning imkoni yo‘q. Mazkur huquqiy hujjatda jamoatchilik nazorati, uni amalga oshirish yo‘llariga ta’rif berildi. Ko‘p o‘tmay, davlat tashkilotlari huzurida jamoatchilik tashkilotlari tuzilishi haqida qaror chiqdi. Biz ham bundan ilhomlanib, oldimizga katta marralarni qo‘ygan edik. Biroq ba’zi rejalarni amalga oshirish uchun yillar kerak ekan. Ba’zi maqsadlarimiz yo‘lida to‘siqlar ham bor. Kengashimiz mohiyatan maslahat organi. Tajribali, obro‘li insonlar tashkilot rivoji uchun kerakli tavsiyalar beradi. 

— Qarordagi vazifalarni o‘qib chiqdim: juda ko‘p va keng ko‘lamli. Agar yaxlit ta’rif etadigan bo‘lsak, davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish. Bu katta mas’uliyat. Kengash bugun qonunda belgilanganidek, ana shunday nazorat qudratiga ega bo‘la oldimi?

— Harakat qilyapmiz. Bu yo‘lda bir qancha muammolar bor: davlat hokimiyati organlari o‘rtasida muvozanat yo‘q. Bunga faqat fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini kuchaytirish, sud mustaqilligini ta’minlash orqali yechim topish mumkin. Tajribamdan bilaman, deputatlarda faollik yetarli darjada emas. Fikrimcha, deputatlar faol bo‘lsa, bu kabi jamoatchilikka kengashlariga ehtiyoj bo‘lmaydi. 

— Ma’lumki, Jamoatchilik kengashi davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan «ko‘prik» rolini bajarishi kerak. Ana “ko‘prik” asosini qurish, ya’ni kengash a’zolarini tanlash tartibi qanday kechdi? Kimlar, qaysi kriteriyalar bo‘yicha qabul qilindi? Ularning vazifasi nima? Ro‘yxatni ko‘rdim, ancha taniqli shaxslar, tadbirkorlar...

— Jamoatchilik kengashining faoliyati dastlabki 3-4 oyi kadrlarni saralashga ketdi. Faol ishchi guruhimizda taniqli, obro‘ga ega, shaffof ishlashga qodir 10 ga yaqin insonlar bor edi. Asosiy talab – shaffoflik. O‘z xohishi asosida ishlash, ma’lum bir sohalar yuzasidan jo‘yali takliflar berish shu kabi qator kriteriyalar asosida e’lon berdik. Bir oy mobaynida 300 ga yaqin talabgordan ariza kelib tushdi. Ularning ichidan 60 nafar ekspert saralandi. Ularning bir qismi jamoatchilik kengashi a’zolariga aylanishdi, qolganlari esa jamoatchilik kengashi ekspertlari bo‘lishdi. 

— Hikmat Abdurahmonov – tadbirkor, Hikmat Abdurahmonov – bir qancha biznes loyihalar muallifi va bundan tashqari jamoat faoli. Toshkent shahar Jamoatchilik kengashiga qanday kelib qoldingiz? Bu hurmatli shaxslar taklifimi yoki shaxsiy tashabbusmi?

— Ijobiy islohotlar boshlanishi bilan ma’lum bir vatandoshlarimiz chet eldan qaytishdi, ba’zi birovlar davlat ishiga o‘tishdi, ma’lum bir yurtdoshlarimiz ijtimoiy muhim loyihalarni boshlashdi. Bu tendensiyaga aylandi. Savolingizga javob bersam: bu taklif edi. Shahar hokimi meni uchrashuvga chorladi. Samimiy suhbat bo‘ldi. Hokimning so‘zlarini keltiraman: shahar rivojlanishi uchun strategik yondashuv muhim, yangi loyihalar kerak, analitik ijodiy ishlarga talab lozimligini aytdi. Hokim esa asosiy vaqtini kundalik muammolar yechimiga sarflayotgani aytildi. Shu tariqa shu yerdaman. 

— Menga qiziq, xalqning dardu tashvishi, muammosini kerakli instansiyalarga olib chiqadigan tizimlar mavjud. Masalan, prezident portali, Bosh vazir Qabulxonasi, Xalq qabulxonalari... Jamoatchilik kengashiga ham bu kabi vazifalar yuklanishi zaruriyati bormidi?

— Jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi muammolarni hal qilish emas. Buning uchun unda mablag‘ ham, vakolat ham yo‘q, aslida. Unda nimaga kerak bu tashkilot dersiz?! Biz qandaydir tizimli muammolar hal qilinmasa, ularga ijobiy yechim topilmayotgan bo‘lsa, bu haqida hokimiyatga signal beramiz. Nimaga hal qilinmayapti, sabablari nimalardan iborat. Shu bizning asosiy vazifa. Misol keltiraman, daraxtlarning ommaviy kesilgani bilan bog‘liq holat yodingizdadir. Hozir ham uchrayapti bunaqa vaziyatlar. Biz bu holatni o‘rganib, nahotki bu turdagi xatti-harakatlarni tartibga soladigan qonunchilik asosi yo‘q, degan e’tiroz bilan chiqqandik. Ushbu muammo mutasaddilar oldiga qo‘ndalang qo‘ygandik. 

Zimmamizdagi yana bir vazifa – tashabbuslar berish. Shaharda ko‘plab muammolar topiladi: qurilish-buzilishlar, jamoatchilik transporti, ekologik holat, betartib avtoturargohlar va h.k. Bizga istalgan inson mana shu masalalar yechimi bo‘yicha loyiha taklif etishi mumkin. Biz esa pilot loyihalar bilan tanishamiz, ularni o‘rganamiz hamda o‘z yo‘nalishi vakolatli mutasaddilarga taqdim etamiz. 

— Jamoatchilik kengashining yil davomida erishgan yutuqlari hamda kamchiliklar...

— Bilasizmi, muammolar muammolarni tan olmaganimizdan kelib chiqadi. Toshkent shahrining bosh rejasi yo‘qligi, bu katta kamchilik. Uning yechimi o‘rnida urbanistika markazini tashkil qildik. 2018 yil sentyabridan taniqli ekspertlardan iborat ishchi guruhi yordamida olti yo‘nalishga asoslangan strategiya ishlab chiqishga kirishgan edik: shahar iqtisodini rivojlantirish, kommunal, shahar bosh rejasi, Toshkent shahrida tabiatni muhofaza qilish va ekologiya, ma’muriy boshqaruv(shahar misolida), ijtimoiy soha bo‘yicha qanday islohotlar qilish kerakligi yuzasidan takliflar yig‘dik. Yaqindagina mana shu strategiyaning konsesiyasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydik. 

— Xorijiy davlatlarda ko‘p bo‘lgansiz. Ularda Jamoatchilik nazorati, Jamoatchilik kengashlari faoliyati qay darajada yo‘lga qo‘yilgan? 

— Moskva, Qozog‘istonning yirik shaharlari: Olma-ota, Nur-Sulton shaharlari tajribalari o‘rganildi. Bilasizmi, Moskvada yilda bir bor shahar fuqarolik forumini o‘tkazadi. Shaharda faollik ko‘rsatayotgan rasmiy, norasmiy, davlat, nodavlat tashkilotlari yig‘ilib, ularning muammolarining o‘rganish platformasi tashkil etilgan. Bir hafta davomida fuqarolik jamoat tashkilotlari bilan dialog amalga oshiriladi. Biz ham shu kabi forumni tashkil etish niyatidamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab guruhlar bor: hayvonlarni himoya qilish, beva-bechoralarga beminnat yordam ko‘rsatayotgan havaskor-volonterlar bor. Afsuski, ularni bugun hokimiyat radarlarida ko‘rmayapmiz. Maqsadimiz ularga tizimli yordam ko‘rsatish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash. Joriy yilda kuzda ilk bor mana shunday forum o‘tkazmoqchimiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!