Fojia: erkak jazmani uchun qotillikka qo‘l urdi, ammo...

Fojia: erkak jazmani uchun qotillikka  qo‘l urdi, ammo...

1986 yilda tug‘ilgan Xolidbek Mahkamov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Mohira ismli qiz bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib qolgach, turli mavzularda maroq bilan gaplashadigan bo‘ldi. Qiziqarli suhbatlar ortidan erkak va ayolda bir-birini ko‘rish ishtiyoqi uyg‘ondi. Shu kezlarda Xolidning uchrashish taklifiga ayol yo‘q, deya olmay, rozi bo‘ldi. Mazkur jarayonda erkak ham, ayol ham oilasini unutdi. Hatto muqaddas dargohga xiyonat qilayotganliklarini xayollariga ham keltirmadi. Bu uchrashuvning oxiri voy bo‘lishi haqida o‘ylab ham ko‘rishmadi. Tanishib olganlaridan keyin tez-tez uchrashib turadigan bo‘lishdi. Bu uchrashuvlar oxir-oqibat ularni xiyonat qilishga undadi.

Shu alfozda oradan bir qancha vaqt o‘tib, ular juda yaqin bo‘lib ketishdi. Shundan keyin Xolidbek xotinidan ko‘ngli qolganini, uni nega avvalroq uchratmaganidan afsusda ekanligini aytib, Mohiraga eridan ajrashish talabini qo‘ya boshlaydi. Uning “Keyin nima qilaman” degan savoliga, xotinidan voz kechishini, o‘zi unga uylanishini ta’kidlaydi.

Tubanlik sari botib borayotgan Mohira bu safar jazmanining talabiga ko‘nmadi. Eri bilan ajrashishdan bosh tortdi.

Xolidbek esa qarorida qat’iy turib oldi. Mohiraga yetishishning turli yo‘llarini qidira boshladi. Shunday kunlarning birida tanishi Urfan Sog‘unovni uchratib qoldi. Ikkovlon kafega kirib, tamaddi qilish bahonasida ozroq “qittay-qittay“ qilishdi. Gap orasida Xolidbek sherigiga “dilini yordi”. Yangi tanishining ta’rifini keltirdi. Unga yetishish uchun harakat qilayotgani, ammo bunga uning eri to‘siq bo‘layotgani haqida aytib, nolidi. Ularning ulfatchiligi jazmanga erishish yo‘lida uning erini oradan olib tashlash bilan yakunlandi. Ichkilik ta’siridagi Xolidbekni eriga bevafolik qilgan ayol qanday qilib, vafodor yor bo‘lishi qiziqtirmadi.

Mohiraning turmush o‘rtog‘i shifokor edi. G‘araz maqsadli kimsalar uchun mazkur kasb ayni muddao bo‘ldi. Ular Mohiraning erini kasal ko‘rib qo‘yish bahonasida oldindan tayyorlab qo‘yilgan uyga chaqirishadi. Ichkariga kirgach, urib-tepib, oyoq-qo‘lini bog‘lab qo‘yishadi. Salkam uch kun hatto suv ham bermay, shu tarzda majburan tutqunlikda saqlab, keyin bo‘g‘ib o‘ldirishadi.

Qotillar hech narsadan xabarsiz begunoh insonning hayotiga zomin bo‘lganliklari yetmaganidek, uning plastik kartochkasi, uyali telefon apparatlari, bir necha so‘m puli, jami 11 million 805 ming so‘mlik shaxsiy buyumlarini o‘zlashtirib olishadi.

Fuqarolik pasportini yoqib yuborishadi. O‘zini esa yana bir tanishlari - Erik Mag‘rupov boshqaruvidagi avtomashinaga ortib, daryo bo‘yida qazilgan chuqurga ko‘mib yuborishadi.

Sodir etilgan jinoyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan fosh etildi.

Sud tomonidan ikki qotil uzoq yillik muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Avtomashinasi bilan jinoyatga sherik bo‘lgan uchinchi shaxsga ham tegishli jazo tayinlandi.

Elmurod Ubayev,

Toshkent shahar prokuraturasi katta prokurori

“Huquq” gazetasining 20.09.2018 yildagi 38-soni

Manba: uza.uz​​


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!