Erdog‘an: "Fuqarolarimizni O‘zbekistonni kelib ko‘rishga, bu davlatga sarmoya kiritishga va munosabatlarimizning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirmoqdamiz"

Erdog‘an: "Fuqarolarimizni O‘zbekistonni kelib ko‘rishga, bu davlatga sarmoya kiritishga va munosabatlarimizning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirmoqdamiz"

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida biz «qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik» deb ta’riflagan aloqalarimiz o‘zaro ishonch muhitida har sohada tobora chuqur ildiz otib rivojlanmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini 2022 yil 4 mart kuni nishonladik.

Uzoq davom etgan sog‘inch va ayriliqdan keyin o‘z davlatiga va bayrog‘iga ega bo‘lgan O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan ilk davlat bo‘lganimizdan faxrlanamiz. Toshkent shahrida birinchi elchixona Turkiya tomonidan ochilganida Sovet Ittifoqi davrida Tashqi ishlar vazirligi joylashgan binoning Turkiya elchixonasiga berilganligini O‘zbekistonning ham Turkiyaga alohida mehrining bir nishonasi deb bilamiz.

Tarixiy Ipak yo‘lining bardavom bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilib, xalqaro savdo va madaniy hamkorlikning rav- naq topishiga ulkan hissa qo‘shgan Ota yurtimiz O‘zbekiston davlati ko‘hna Turkiston zaminida barpo bo‘lib, jahon tamaddunining shakllanishini belgilab bergan boy siyosiy, iqtisodiy va madaniy tajribaga egadir.

Nafaqat turk-islom sivilizasiyasi, balki butun insoniyatning mushtarak madaniy xazinasiga ham beqiyos darajada hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkir va allomalar qoldirgan asarlar bizni bir-birimizga yaqinlashtiradigan umumiy merosiy boyligimizdir.

O‘zbekiston chuqur tarixiy o‘tmishi va davlatchilik an’analari, Markaziy Osiyo aholisining qariyb yarmini tashkil etuvchi 34 milliondan ortiq yosh va dinamik aholisi, Osiyo qit’asining yuragida joylashganligi, boy tabiiy resurslari va barakotli zamini bilan o‘z mintaqasida va undan tashqarida yetakchi bo‘lishga qodir davlatdir.

O‘zbekistonda «Yangi O‘zbekiston» va «Uchinchi Renessans» konsepsiyalarida o‘z ifodasini topgan, aziz birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona yo‘lboshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosati nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda hayrat bilan kuzatib borilmoqda.

Biz O‘zbekistonning Afg‘onistondagi insoniy fojialar asoratlarini kamaytirishda o‘z zimmasiga olgan yetakchilik rolini yuqori baholaymiz. Biz Termiz shahrining Afg‘onistonga insonparvarlik yordamlarini yetkazishda barcha xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT uchun logistika markaziga aylanganini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda va undan tashqarida yaratmoqchi bo‘lgan farovonlik va barqarorlik kamari doirasida ilgari surgan o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasiga biz ham katta baho berganimizni alohida ta’kidlashni istayman.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2017 yilda Turkiyaga qilgan tashriflari bilan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan munosabatlarimiz 2020 yilda o‘tkazilgan Oliy darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashi yig‘ilishi bilan yana bir pog‘onaga ko‘tarildi.

O‘zbekistonga 2022 yil 29-30 mart kunlari amalga oshiradigan davlat tashrifimiz doirasida Oliy daraja- dagi Strategik Hamkorlik Kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazib, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi aloqalarning yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga muhim hissa qo‘shishimizga ishonaman.

Muzokaralarimiz doirasida ikki tomonlama hamkorligimizni energetikadan qishloq xo‘jaligigacha, sanoatdan madaniyatgacha, yoshlar masalalaridan atrof-muhit masalalarigacha bo‘lgan ko‘plab sohada siyosiy, iqtisodiy, harbiy va ijtimoiy jihatlarini muhokama qilamiz, imzolaydigan ikki tomonlama shartnomalar bilan esa aloqalarimizning huquqiy zaminini yanada mustahkamlab olamiz.

Fuqarolarimizni hozirgi qayta yuksalish davrida O‘zbekistonni kelib ko‘rishga, bu davlatga sarmoya kiritishga va bu davlat bilan munosabatlarimizning har sohada rivojlantirilishiga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirmoqdamiz. Tadbirkorlarimiz tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bizni faxrlantirishi bilan birga o‘zaro savdo aylanmasini harakatlantiruvchi kuch hamdir.

Darhaqiqat, 2017 yildan buyon siyosiy sohada jadallik bilan tashlangan qadamlar qisqa vaqt ichida savdo va sarmoya sohasida ham o‘z ifodasini topdi. Biz o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarlik marraga yetkazish sari qat’iy odimlarimizni tashlamoqdamiz. Butun jahonni o‘z domiga olgan pandemiyaning salbiy oqibatlari eng kuchli sezilgan 2020 yilni musbat ko‘rsatkichlar bilan yakunlagan ikki davlatning savdo hajmi 2021 yilda 3,6 milliard dollardan oshib ketdi.

Qolaversa, import va eksport ko‘rsatkichlarining bir-biriga juda yaqin bo‘lishi ham savdo aloqalarimizning bir-birini to‘ldiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi mohiyatda ekanligini ko‘rsatadi. 2022 yilda ham ikki tomonlama savdo aylanmasida rekord natijalarga erishishimizga to‘liq ishonaman.

Turkiya «Osiyo asri»da bu qadimiy qit’a bilan aloqalarini «Yana Osiyo» shiori ostida keng qamrovda olib borayotgan hozirgi davrda biz qardosh O‘zbekiston bilan munosabatlarni har sohada chuqurlashtirish siyosatini ko‘proq o‘rtamizdagi azaliy rishtalar va umumiy tarix yelkalarimizga yuklagan mas’uliyat, deb bilamiz.

Qardosh O‘zbekiston bilan kelajagimizni birgalikda qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz butun insoniyatga farovonlik keltirishiga ishonamiz. O‘zaro hurmat va ishonch asosida chuqurlashib borayotgan ham- korligimiz bundan keyin ham shunday jadal sur’atlar bilan rivojlanib borishini tilagan holda, xalqim nomidan o‘zbek birodarlarimizga eng samimiy salom va ehtiromlarimni izhor etaman.

Rejep Tayyip Erdog‘an,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

Nizomjon Islomov tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!