Durdona Qurbonova Manzuraning gaplariga javob berdi «15 minut fonogramma aytib, 4 mln so‘m olishadi-ku?!» (video)

Durdona Qurbonova Manzuraning gaplariga javob berdi «15 minut fonogramma aytib, 4 mln so‘m olishadi-ku?!» (video)

Xonanda Manzura intervyusida aktrisa Durdona Qurbonova 200 dollar uchun klipga tushishni rad etgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga o‘z munosabatini bildirib, bu pulga bir oy ishlaydigan xalq artistlari borligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Aktrisa Durdona Qurbonova «Daryo» muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida xonanda Manzuraning klipida nima uchun suratga tushmaganligiga oydinlik kiritdi.

Xonanda Manzura bilan intervyu qilganingizni bilmagan edim. Bir tanishim Telegram’dan o‘sha intervyuni tashlab, siz haqingizda gapirishibdi, ko‘ring dedi. Intervyuni ko‘rdim.

‘Aldama meni’ ko‘rsatuviga chaqirishdi. Bordim. O‘zi u ko‘rsatuvga borgim kelmayotgan edi, nimadir bo‘ldi-yu ko‘rsatuvga chiqqim kelib qolib, ‘qani nima bo‘lar ekan?’, deb chiqdim.

Ko‘rsatuvda ‘Manzura opa haqida gapirmayman, gapirsam xafa bo‘lib qoladilar’ dedim. ‘Mayli aytmang‘, deb chayonni ushlashga olib boryaptilar, men esa chayondan juda qo‘rqardim. ‘Savolga javob bera qoling, yomon narsa emas-ku’, dedilar. O‘zi o‘sha ko‘rsatuv ko‘p sa’atkorlarni bir-biriga yomon ko‘rsatib qo‘ymoqda. Meni ham bir qancha san’atkorlar ushbu ko‘rsatuvda yomon ko‘rishini aytib o‘tgan edi.

Bilasizmi, boshqa joylarda intervyu bersangiz to‘liq qo‘yishadi. U ko‘rsatuvda men ‘Manzura opani hurmat qilaman, biz yosh vaqtimizda, san’atga kirib kelmagan vaqtlarimizda, muxlisi bo‘lganmiz, rollarini ham ko‘rganmiz, bu yerda tushunmovchilik bo‘lgan’ dedim.

Menga Manzuraning klipini suratga olayotgan rejissyorning ma’muri telefon qilib, klip olishayotganini va unda rol ijro qilishimni aytishdi. Vaqtim borligini va gonorarimni unga aytganimda ertaga telefon qilamiz dedi. Telefon qilib, sizni klipga oladigan bo‘ldik, ammo siz aytgan pulni emas, mana shunaqa narxni beradigan bo‘lyapmiz, dedi. Men unaqa narxga klipda tusha olmasligimni aytganimdan so‘ng ‘nima qilibdi, Manzurani klipi-yu’, dedi. Tushunyapsizmi, bu yerda qanday gap ketyapti? Nima, endi Manzurani klipi ekan, deb tekinga tushib ketaverishim kerak ekan-da, dedim.

Juda ko‘p klipmeykerlar chiqishadi, shunaqa yaxshi muomala qilishadiki, kerak bo‘lsa, bergan puliga rozi bo‘lib, talashmasdan ketamiz. Misol uchun, rejissyor Ikrom Ali kliplarga chaqirishadi, ishoning, ular muomalani shu darajada qilganlaridan hattoki pulini ham so‘ramasdan rozilik beraman, yo‘q deya olmayman.

Ular ‘nima qilibdi, Manzurani klipi-yu’, deganida ‘bu deganingiz bilan mashhurlarning klipida tekinga tushib ketaverishim kerak ekan-da’, desam, uni klipida tushsangiz, o‘zingizga yaxshi-ku dedi.

Xudo bergan narsa fayz oladi, bermasa, fayz ololmaydi. Men u klip bilan ko‘tarilib ham ketmayman yoki suratga tushmasam, reytingim tushib ham ketmaydi. Uning muomalasi yoqmaganidan keyin klipga tushmayman, deb javob berdim.

‘Aldama meni’ boshlovchisiga ham shu gaplarni gapirib berdim va bu gaplarim kesib tashlanmasin, deya alohida ta’kidlab o‘tganman.

Manzura opa intervyularida ‘Durdona mening klipimdagi rollarni o‘ynay olmasdi’, debdilar. Men umuman boshqa sohadan kelib qolgan, havaskor aktrisa emasman. Shu sohada professional bo‘lish uchun kollejni ham aynan shu yo‘nalishda tugatdim, oliy ta’limda ham aynan shu sohada o‘qiyapman. Ularning aytishlaricha, ‘teatr aktrisalari bu summaga bir oylab ishlaydi’, deyaptilar. Ho‘p, unda nimaga teatr aktrisasini kliplariga chaqirmadilar?

Meni yoqtirmas ekanlar, chaqirishayotganida xabarlari bo‘lmaydi, xabarlari bo‘ladi, albatta. Hech qaysi klipmeyker xonandaning roziligisiz aktyor yoki aktrisa tanlamaydi.

Men xafa bo‘lgan joyim — bu summaga u ko‘nmagan deganlari. Ular aytyaptilarki, ‘bu summa uchun odamlar oylab ishlaydi’, deyaptilar. Barcha odam yaxshi biladiki, qaysiki aktrisa qaysidir vaqtda o‘ziga ko‘proq gonorar belgilaydi, qaysidir yillarda kerak bo‘lsa oylab, yillab rol kutishga majbur bo‘ladi.

Men shu ish uchun 3 yil kollejda, hozir oliygohda o‘qiyapman, bularning barchasi xarajat-ku. Buning ustiga yurishim, kiyinishim va yana qandaydir kutilmagan xarajatlarim bo‘lib qoladi. Uyimga ham nimadir orttirsam deyman. Shu kasbdan oz bo‘lsa-da moddiy manfaatdorlik ko‘rsam, hech bo‘lmasa uyimdagilarga og‘irligim tushmasdan o‘zimni o‘zim eplasam, deyman. Masalan, syomkalardan pul yig‘ib, o‘z kuchim bilan mashina oldim.

Bir kun davomida ovqatlanmasdan syomkalarda yuramiz. Har bir kasbning boshqa odamlar bilmaydigan qiyinchiliklari bor.

Manzura opa to‘yga borishadi, o‘n besh minut fonogramma aytishadi, lekin to‘rt million so‘m olib ketishadi. Nima, aktrisalar, qo‘pol qilib aytganda, odam emasmi? Biz ham undan ko‘ra o‘n besh minut fonogramma aytib to‘rt million olib ketaveramiz.

Men Manzura opani klipida pul uchun emas, balki klipmeyker yordamchisining muomalasi yoqmaganligi uchun tushmaganman. Hech qachon pulga talashmaganman, hattoki ‘Million’ jamoasining konsertiga ham gonorarini kelishmasdan chiqqanman. Kastindan o‘tganimga xursand bo‘lib o‘ynab ketaverganman. Hozir ham pul masalasida hech kim bilan talashmayman.

Durdona Qurbonova, aktrisa


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!