Donald Tramp: AQSh va KXDR munosabatlari yomonlashsa, Kim Chen In bor-budini yo‘qotadi

Donald Tramp: AQSh va KXDR munosabatlari yomonlashsa, Kim Chen In bor-budini yo‘qotadi

Agar AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashsa, u holda KXDR yetakchisi Kim Chen In “bor-budini yo‘qotadi”, deya bayonot berdi AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Twitterdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga qaraganda, Kim Chen In “juda ham aqlli” va Singapurda denuklearizasiya bo‘yicha imzolangan Shartnomadan so‘ng Qo‘shma Shtatlar prezidenti bilan alohida munosabatlarni buzishni istamaydi. “Agar u o‘zini dushmanona tutsa, u holda bor-budidan ayriladi”, – qo‘shimcha qildi Tramp.

Tramp va Kim Chen In 30 iyunda Pxanmunjomda uchrashganida denuklearizasiya borasidagi muzokaralarni amaliy darajada qayta tiklashga kelishib olgan edilar. Bu muzokaralar ikki rahbarning Xanoyda fevral oyida samarasiz yakunlangan uchrashuvidan so‘ng to‘xtatib qo‘yilgan edi. Bu kelishuvga binoan 5 oktyabr kuni AQSh va KXDR vakillari Stokgolmda uchrashib ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash istiqbollarini muhokama qilishdi, biroq muloqot tiklanmadi. O‘shanda KXDR delegasiyasi rahbari Kim Myon Gil bayonot berib konsultasiyalar barbod bo‘lganini aytdi va Amerika tomoni o‘zlarining mavqelarini o‘ylab ko‘rishlari borasida maslahat berdi. Ammo AQSh davlat departamenti bu bahoga qo‘shilmadi va uchrashuv konstruktiv bo‘lganligini ta’kidladi.

Yaqinda Shimoliy Koreyaning BMTdagi vakili Kim Song bayonot berib, Shimoliy Koreyaning yadroviy qurolsizlanishiAQSh bilan muzokaralarning asosiy predmeti emasligini ta’kidladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Shuningdek, kuni kecha Pxenyan Soxe raketa poligonida muhim sinovlar o‘tkazilgani haqida bayonot berdi. Sinovlar yaqin kelajakda mamlakatning strategik ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida Soxe poligoni haqida yo‘ldoshdan olingan suratlarga tayangan holda CNN Shimoliy Koreya raketa dvigatellari sinovini qayta tiklashga tayyorgarlik ko‘rayotgani borasida xabar berdi.

Tomonlar Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi butunlay to‘xtatilishiga qaratilgan amaliy uchrashuvlar olib bormoqda, biroq hozircha oldinga siljish kuzatilmayapti. Pxenyan Amerika sanksiyalari olib tashlanishi hamda Janubiy Koreya va AQSh qo‘shma harbiy mashqlari to‘xtatilishini talab qilmoqda.

Shu yilning may oyidan boshlab Pxenyan kamida 13 ta raketa sinovini o‘tkazdi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!