Deputat tashabbusi bilan tarbiyachilar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi

Deputat tashabbusi bilan tarbiyachilar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi

Sport salomatlik garovi ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu bois, O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanish ommaviy tus olmoqda. Sog‘lom turmush tarziga amal qilayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin ko‘payib borayotir.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim ahamiyatga egadir. Chunki ayni qish bo‘lishiga qaramay, mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda turli sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shunday sport musobaqalaridan biri bugun, 21 yanvar kuni OʼzLiDeP Shahrixon tuman Kengashi hamda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hamkorligida «Maktabgacha ta’lim tizimi – sport bilan hamnafas» shiori ostida o‘tkazildi.

Tumandagi 4-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan musobaqada tumandagi 7,8,15,23-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari 100 metrga yugurish, stol tennisi, voleybol, shashka va sportning boshqa turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Musobaqada so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Otaxonova sport hayot mazmuniga aylangan oilada sog‘lom muhit hukm surishini aytib, keyingi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

— Mazkur musobaqadan ko‘zlangan maqsad – xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, keng jamoatchilik o‘rtasida sportni ommalashtirish, — deydi parlament quyi palatasi deputati O.Otaxonova. — Agar sportga oshno xonadonlarni kuzatsangiz, ularda vaqt qadriga yetadigan, yoshu keksaning hurmatini joyiga qo‘yadigan, elu yurt ishiga kamarbasta o‘g‘il-qizlar voyaga yetayotganiga guvoh bo‘lasiz. Shu bilan birga, sport organizmni chiniqtiradi, immunitetni mustahkamlaydi, irodani toblaydi.

Musobaqa yakunida g‘olib jamoalarga hamda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!