Botir Qodirov hamda YPX xodimi o‘rtasidagi janjal qachon va qayerda yuz bergandi?

Botir Qodirov hamda YPX xodimi o‘rtasidagi janjal qachon va qayerda yuz bergandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda taniqli xonanda Botir Qodirov va YPX xodimi o‘rtasidagi tortishuv aks etgan video tarqaldi. Ushbu videoda YPX xodimining iddao qilishicha, avtomobilini harakatlanayotganida belgilangan tezlikni oshirgan Botir Qodirov uning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortgan. Jurnalist Mirolim Isajonov mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv o‘tkazdi.

Xonanda Botir Qodirov va yordamchilarining YPX xodimlari bilan janjallashgani aks etgan video bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarni «portlatmoqda». 07:39 daqiqalik videoda YPX xodimining «Boshqa haydovchilardan nima farqingiz bor? Xonandalarga qonun yo‘qmi?» singari gap-so‘zlarini eshitish mumkin. Video ostida yozilishicha, xonanda belgilangan tezlik 50 kilometr/soat bo‘lgan hududda soatiga 103 kilometr tezlikda harakatlangani uchun to‘xtatilgan. Hattoki Botir Qodirovning sheriklari YPX xodimiga kuch ishlatib, uni turtib yuborishga harakat qilgan. Guvohlarning fikricha, xonanda hujjatini ko‘rsatmagan va YPX xodimi talablariga bo‘ysunmasdan mashinasini haydab ketib qolgan.

Facebook’dagi bir qator guruhlar hamda Telegram’dagi kanallarda tarqalgan ushbu manzara ko‘plab foydalanuvchilarning qizg‘in baxs-munozaralarini yuzaga keltirdi. Ayrimlar YPX xodimining bu holatni videoga olib, tarqatib yuborganini qoralasa, aksariyat yurtdoshlarimiz xonanda o‘z obro‘siga yarasha ish qilmaganini, burni «ko‘tarilib» qolganini ta’kidlab, bu voqeaga albatta, qonuniy jazo ko‘rilishini aytishgan.

Xo‘sh, aslida ushbu voqea qachon va qayerda yuz bergan? Mazkur holatda ko‘proq Botir Qodirovni ayblash to‘g‘rimi? YPX xodimi esa «oppoqmi»? Shu va boshqa savollarga jurnalist Mirolim Isajonov javob topdi.

Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea joriy yilning 23 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Videoda xonanda bilan janjallashgan shaxs Farg‘ona viloyati IIB Yo‘l xarakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l patrul xizmati bataloni yo‘l-patrul xizmati ikkinchi otryadi, ikkinchi safarbarlik guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori, kichik serjant Akmaljon Obidov bo‘lib, u o‘sha kuni Oltiariq tumani «Katput-Qapchug‘ay» yo‘nalishida o‘ziga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan Nexia rusumli transport vositasi va «Iskra-video-2» tezlik o‘lchash moslamasida xizmatga chiqqan. U o‘zining xizmat faoliyatini olib borayotgan vaqtida soat 08:57 da «Farg‘ona—Qo‘qon» yo‘nalishida transport vositalarining tezligi 50 km/soat tezlikgacha cheklangan hududda Toyota Prado transport vositasi 103 kilometr tezlikda hamda uning ortida Captiva rusumli transport vositasi soatiga 67 kilometr tezlikda harakatlanib kelayotganligini aniqlagan va ularni jezl yordamida to‘xtatgan. Ushbu avtomashinalar haydovchilariga o‘zini tanishtirib, ularga bu hududda soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlanish belgilanganligi va haydovchilar tomonidan tezlikni oshirganliklari, amaldagi yo‘l harakati qoidalarini buzishganligini tushuntirgan. Shu tufayli ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirganligini ma’lum qilgan vaqtida o‘zini qo‘shiqchi «Botir Qodirov Sheraliyevich» hamda «Prodyuser Asror Isaxo‘jayev Axmadovich», deya tanishtirgan shaxslar safdor A.Obidovning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, o‘sha yerda bo‘lgan fuqarolar ko‘z o‘ngida safdor A.Obidovni haqorat qilib, uni obro‘sizlantirishgan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha videoradar tasvirlari inspektor tomonidan har ikkala haydovchilarga ham ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB YXB xodimlari tomonidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shundan so‘ng biz xonandaning prodyusseri Asror Isaxo‘jayevga qo‘ng‘iroq qildik. U hozir bu borada gapirolmasligini, ammo tez kunlarda voqea yuzasidan albatta, ma’lumot berishini ta’kidladi.

Mazkur videoning «o‘rgimchak to‘ri»da yashin tezligidek tarqalib, ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atganiga salkam bir hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo shu vaqt oralig‘ida IIB YHXB bu borada rasmiy ma’lumot bermaganiga kishini ajablantiradi. Yoki ular bu videoni ko‘rmaganmi yohud vaziyatdan bexabarmi? Mutasaddilar ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan munosabatlar, salbiy fikrlar, xonandaning shaxsiyati-yu ijodiga nisbatan aytilayotgan «go‘zal» va «tesha tegmagan» so‘zlarni o‘qishmayaptimi? Yoki o‘qishsa ham mum tishlab olishganmi?

Kimlardir «Tasvirni ko‘rganlar yana biror haftadan keyin buni unutishi mumkin», degan fikrda yurgan bo‘lishi shubhasiz. Ammo qonun hammaga teng ekanligini siz-u bizdan yaxshi biluvchi oddiy xalq, kunora qoida buzaverib, jarima to‘layotgan haydovchilarning keskin noroziliklariga voqea bo‘yicha mutasaddilar qachon yanada aniqlik kiritib, javob berishadi? O‘ylaymizki, ushbu vaziyat bo‘yicha tegishli tashkilotlardan jo‘yali javoblar kutib qolamiz.

Biz esa mavzuga yana qaytamiz.

Manba: daryo.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!