BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi doirasida yoshlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi doirasida yoshlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi


Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 2024 yilgi Butunjahon yoshlar festivali doirasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yoshlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etildi.
Festivalda 120 nafar mahalliy va xalqaro va ishtirokchilar, jumladan, “New Climate Innovation Center” MCHJ asoschisi, Pan Gi Mun «Farovon kelajak uchun» jamg‘armasi direktorlar kengashi direktori Raekvon Chang, Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Arayaa, shuningdek, Yoshlar muzokarachilari akademiyasi hammuassisi Veena Balakrishna ishtirok etdi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad yoshlarning iqlim o‘zgarishi muammolari bo‘yicha xabardorligi va bilimini oshirish, iqlim bo‘yicha tashabbuslarda ishtirokini kengaytirish, yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, tajriba va ilg‘or tajriba almashish uchun platforma yaratishdan iborat.

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yoshlar konferensiyasi mamlakatimizda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha islohotlar va milliy strategiyani amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Festivalda yoshlarning ishtiroki iqlim muammolarini hal etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

“Iqlimga oid favqulodda holatlarga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan uglerod neytralligiga faqat hukumat yoki biznes tomonidan erishib bo‘lmaydi. Yosh avlod uglerod neytralligi uchun mas’uliyatni his qilib, «Birinchi men» tamoyiliga amal qilgan holda o‘z taqdirini o‘zi boshqarishi vaqti keldi. Bugungi yoshlar kelajakdagi muammolarni boshqalar hal qilishini kutmasligi, o‘z kelajagini o‘zi boshqarishi kerak”, – dedi Pan Gi Mun «Yaxshi kelajak uchun» jamg‘armasi ijrochi direktori Raekvon Chang.
Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha tizimli yondashuv va samarali choralar ko‘rishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy muammolarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod yetakchilari, menejerlari va mutaxassislarini tayyorlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda “Green University”ning ochilishi ham iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muammolarini hal etishda ta’lim muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, iqlim bo‘yicha muzokarachilar guruhining yaratilishi milliy va xalqaro iqlim forumlarida ishtirok etish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yetakchilarning yangi avlodini tayyorlashga, avlodlararo muloqot va global iqlim bo‘yicha muzokaralarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Biroq, iqlim o‘zgarishini muvaffaqiyatli o‘rganish uchun chuqur fundamental tadqiqotlar talab etiladi. Buning uchun ilmiy va akademik salohiyatni oshirish, shuningdek, fanni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Milliy strategiyaga integrasiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, «Green University»da iqlimshunoslik rezidensiyasini yaratish rejalashtirilmoqda, u iqlim fanlari sohasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish va innovasion yechimlarni ishlab chiqish uchun mahalliy va xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar va olimlarni jalb qiladi.

«Osiyo taraqqiyot banki UNICEF tomonidan ma’qullangan Bolalar, yoshlar va iqlim bo‘yicha harakatlar deklarasiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ijobiy o‘zgarishlarni ilgari surish va sog‘lom sayyorani targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutayotgan O‘zbekiston yoshlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.

Tadbir, shuningdek, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, O‘zbekistonda yoshlar tomonidan aniqlangan iqlim muammolarini aks ettiruvchi xaritani ishlab chiqishga turtki bo‘ldi. Yoshlarning shaxsiy mas’uliyat va faol harakatlarini rag‘batlantirish orqali uglerod izini kamaytirishga qaratilgan asosiy tashabbusi – “Me First Pledge” dasturini ishlab chiqish va ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!