«Bibixonim»ga atalgan besh milliard qayerda?

«Bibixonim»ga atalgan besh milliard qayerda?

Yoshligimdan qadimiy, tarixiy obidalarni tomosha qilishni yoqtiraman. Negaki, asrlar davomida bugungacha saqlanib qolgan har bir mo‘’jiza — u xoh me’moriy obida, xoh musiqiy asar, xoh adabiy osori-atiqa bo‘lsin — inson qo‘li va tafakkuri hosilasidir. Ana shu manbalar yordamida ular orqali xalqimizning tarixiy hayotini, o‘sha davr nafasini tiklash va bilib olish mumkin.

Bugun yurtimizda 7500 madaniy ob’ekt ruyxatga olingan. Ulardan 4 mingtasi arxeologiya ob’ektlari hisoblanadi. Aksariyatining yoshi ming yildan ham oshiq. Bugun ularga YUNESKO ham e’tibor qaratgan.

— Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon, Karmana shaharlaridagi har bir tosh, har bir bino, har bir maydon ko‘plab tarixiy sirlarni o‘z bag‘riga yashirgan, — deydi O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor ­SAYFULLAYEV. — Ammo dovrug‘i yetti iqlimga yetgan ana shu boyliklarni yetarlicha asrab-avaylay olmayapmiz. Sababi — e’tiborsizlik, loqaydlik. Ayniqsa, bu borada Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish hududiy boshqarmalari ishida tashabbuskorlik, zamon bilan hamqadamlik, siljish umuman sezilmayapti. Buni quyidagi raqamlar ham isbotlaydi. O‘tgan yili 745 ta ob’ektni obod qilish uchun 27 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ sarflangan bo‘lsa, 2018 yilda 69 ob’ektning holatini yaxshilashga 46 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Lekin afsuski, hududlardagi ob’ektlarda bajarilgan ishlar ko‘ngildagidek emas. Qolaversa, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 7500 ob’ektning bor-yo‘g‘i 1728 tasiga kadastr hujjati olingan. Muhofaza belgilari esa, faqat 25 foizida o‘rnatilgan. Xivadagi Ichan qal’aning rejasi ishlab chiqilmagan.

Farg‘ona vodiysidagi Mingtepa arxeologik yodgorligini olaylik. Bugungi kunda bu bebaho mulkni ham asrashga e’tibor yaxshi emas. Mazkur yodgorlikka yetkazilgan zarar miqdori katta. U ko‘r-ko‘rona xususiy tadbirkorga berib yuborilgan. Madaniyat vazirining aytishicha, mamlakatimizdagi 259 ta ob’ekt jiddiy tarzda shikastlangan. Birgina Samarqand viloyatining o‘zida ana shunday ob’ektlardan 19 tasi buzib yuborilgan. Endi bu kabi salbiy holatlar bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Bundan keyin nazorat va talab juda qattiq bo‘ladi. Axir, yurtimizning bunday javohiru gavharlarini kelgusi avlodlar uchun ko‘z qorachig‘iday asrashimiz kerak emasmi?

Usta

Har bir yumushni, o‘sha ishga uquvi bor mutaxassis amalga oshirishi lozim. O‘shanda e’tirozga o‘rin qolmaydi. O‘tmishda kechgan bir voqea yodga tushadi. Frunzening shotirlari Buxoroi sharifga osmondan o‘q yog‘diradi. Otilgan o‘qlar Minorai Kalonga ham tekkan va ancha shikast yetgan. Laylak in qurgan joyga sho‘ro qizil bayroq ilib qo‘yadi. Oradan kun, oy o‘tadi, sho‘ro hukumati bu xalq noroziligiga sabab bo‘lishidan cho‘chib, minorani asl holiga keltirish uchun Moskvadan bir muhandisni yuboradi. U ishni dastlab, besh vagon yog‘och, bir vagon sement, yuz quti mix va yana o‘n beshtacha duradgor keltirishdan boshlaydi. Ular muhandis topshirig‘iga ko‘ra, darhol havoza yasashga kirishadi. Ularning ishini kuzatib turgan mahalliy bir usta: «Ey, kallasi ishlamaganlar! Minorani ta’mirlash uchun buncha yog‘och nimaga kerak? Anavi, taxta va boshqa ashqol-dashqollarni yig‘ishtirib, menga ellik quloch pishiq arqon, bitta eski sandiq, to‘rt nafar yordamchi beringlar», deydi. Unga so‘raganlarini to‘g‘rilab berishadi. Usta minora uchidagi bo‘shliqda chiqib turgan qoziqqa bir g‘ildirak o‘rnatib, undan arqonni o‘tkazadi. Bir uchiga kajava nusxa sandiqni bog‘laydi-da, andava, tesha, yana keragicha qurilish ashyolarni olib, o‘sha sandiqqa tushadi. Pastdagilar arqonning ikkinchi uchini tortganda sandiq yuqoriga ko‘tariladi. Xullas, o‘sha qari usta bir hafta ichida to‘rtta yordamchi bilan minorani ta’mirlab beradi.

Bu tarixiy voqeani keltirishdan muddao shuki, keyingi vaqtlarda madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlashga ko‘proq mohir bo‘lmagan, tajribasiz kishilar jalb qilinmoqda. Natijada uquvsiz kishi bajargan ish sifatsiz va xunuk chiqyapti. Uning kelgusida qancha chidashi ham noma’lum. Buning uchun oliy o‘quv dargohida restavrator-mutaxassislar (qadimiy inshootlarni ta’mirlaydigan usta) tayyorlaydigan fakultet ochish kerak. Ana shunda yuqoridagi kabi minorani ta’mirlayman, deya ortiqcha xarajatga sabab bo‘ladigan no‘noq, uquvsiz muhandislar paydo bo‘lmaydi.

Xarobalar

Butun Movarounnahru Xurosonda tarixiy osori-atiqalarga boyligi jihatidan Afrosiyobga teng keladigan makonni topish qiyin. Har gal Samarqandda bo‘lsam, albatta, ana shu tepalikni kezishga harakat qilaman. Quloqqa qilichu qalqonlarning sharaq-shuruqi, uchayotgan paykonlarning vizillashi, otlarning kishnashi, odamlarning baqir-chaqiri eshitilgandek bo‘ladi.

Chindan ham, mazkur go‘sha bag‘rida ko‘p sirlarni yashirgan. Nima bo‘lgandayam Afrosiyob xarobalari xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Nazarimda, ana shu boylikni asrab-avaylashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgandaymiz. Gap shundaki, Afrosiyob kengliklariga turli chiqindilar ham tashlanmoqda. O‘ylaymizki, tez kunda mazkur hudud chiqindidan batamom tozalanadi. Bibixonim maqbarasidagi ta’mirlash ishlari ancha cho‘zilib ketgan. Vaholanki, bu ishni amalga oshirish uchun besh milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz hududidagi qadimiy osori-atiqalar, minoralar ko‘p. Ularning bari tarix mulki. Shunday ekan, yurtimizning har bir muzofotida, har bir mavzesida ta’mirga muhtoj obidalar yoki madaniy meros ob’ektlari bo‘lmasligi kerak. Negaki, har bir qulagan minora yoki obida boy tariximizning unutilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Zero, biz har bir qadimiy yodgorlikni buyuk xalqimiz tarixi, undan qolgan qimmatli xotira sifatida qabul qilishimiz darkor.

Manba: zamin.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!