Ayol o‘z joniga qasd qilsa…

Ayol o‘z joniga qasd qilsa…

Yaqinda mahalla faollari bilan ta’ziya bo‘lgan bir xonadonga kirdik. Marhuma 26 yoshli juvon, uch farzandning onasi, o‘ttiz yoshli navqiron erning jufti ha­loli, yosh oilaning bekasi o‘z joniga qasd qilibdi…

Motamsaro ona sukutda o‘tiribdi, go‘yo jonsiz jasaddek. Quchog‘ida marhuma qi­zining 9 oylik go‘dagi… U tinimsiz yig‘­laydi, ehtimol, onasining issiq bag‘rini izlayotgandir…

U ona edi. Alloh unga shunday buyuk nom, ulug‘ saodatni nasib etgan edi. Ming afsus! U shayton vasvasasiga uchdimi? Bir lahzada o‘tib ketuvchi, xayollarini bir onga chalg‘itib qo‘ygan lainga bo‘ysundimi?! Eh, afsus…

Uning onalik burchi, mas’uliyati qayda qoldi! O‘sha g‘addor ipni bo‘yniga ilayotgan mahalda bu ish gunohi azim ekanini o‘ylamabdi-da. Ko‘zlari jovdirab, qo‘l­chalarini cho‘zib turgan jigargo‘shalarining oldida qarzdor ekanini esdan chiqarib qo‘yibdi-da!

Bu dunyo – sinov. Biz oxirat uchun ezgu amallar zaxirasini to‘playmiz. Alloh jonni bandalariga O‘zi berdi, qachon qaytib olishi ham Uning ixtiyorida. O‘z joniga qasd qilganlar Allohning bergan umriga xiyonat qilayotganlarini anglab yetmoqlari lozim.

Hadisi qudsiyda: “Bandam (Men uning jonini olishimdan avval, o‘zini o‘zi o‘ldirib) shoshildi. Shuning uchun unga jannatimni harom qildim” (Muttafaqun alayh), deyilgan. Bu dunyoda o‘z joniga qasd qilgan banda, demak, ikkinchi dunyodagi rahmat va mag‘firatdan ham umidini uzdi.

Alloh taolo: “Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmang!” (Niso surasi, 29-oyat), deya amr etgan.

Ancha yillar oldin viloyatga borganimda bir dahshatli voqeani eshitdim.

Fotiha qilingan bo‘lajak umr yo‘ldoshi kasal bo‘lib o‘lgach, bo‘lajak kelin – 19 yoshli qiz o‘z joniga qasd qilgan. Esiz, yoshgina qiz, esiz, bu qizga ta’lim-tarbiya bergan ota-onasiyu ustoz-muallimlar meh­nati.

“Farishtadek qiz edi”, deydi uni ko‘rgan-bilganlar. Lekin farishtalar Allohning har bir istagiga bosh egib “Labbay” deb turadilar-ku! Alloh xohladi; Inson qilib yaratdi, unga umri azizni tuhfa qildi. Shu umrga nuqta qo‘yishga jazm qilish jaholat emasmi?!

Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat), deya amr etgan Alloh. “Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi, 35-oyat), deb marhamat qilinadi Qur’oni karimda. Demak, mehnat-mashaqqatlarimiz biz uchun sinov ekanini har vaqt esda tutishimiz kerak. Sabr va shukrni unutmasak, sinovlaridan sabr va chidam bilan o‘tib olsak, inshoalloh, jannatga yetmog‘imiz va’da qilingan.

“Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin” (Baqara surasi, 201-oyat), deya Yaratganga iltijo etamiz.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kim tog‘dan tashlab o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadulabad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘lsa, u zaharni qo‘lida tutgan holida jahannam otashida abadiy zahar ichib turadi. Kim o‘zini temir tig‘ bilan o‘ldirgan bo‘lsa, u temirni qo‘lida tutgan holda jahannam olovida abadulabad o‘sha temirni qor­niga sanchib turadi (Muttafaqun alayh).

Xulosada shuni aytay, aziz odamlar, Alloh bergan aziz umrimizning qadriga yetaylik. Uni ezguliklarga sarflaylik. Bo­qiy dunyoga – Yaratgan huzuriga yorug‘ yuz bilan boraylik. Shaytonning eng yomon vasvasasi – o‘z joniga qasd qilishdek gunohi azimdan Alloh asrasin!

Dilorom KARIMOVA

filologiya fanlari nomzodi, dosent

“Mo‘minalar” jurnalining 2019 yil, 3-sonidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!