Arzon uy-joylar qurilishida qanday muammolarga duch kelinmoqda?

Arzon uy-joylar qurilishida qanday muammolarga duch kelinmoqda?

So‘nggi ikki yilda yurtdoshlarimizning ko‘pi uy-joyli, ta’bir joiz bo‘lsa, kichik vatanli bo‘ldi. Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi. Shu orqali turarjoy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingta oila uy bilan ta’minlandi.

Ammo bunyodkorlik sohasida tajriba ortgani sari arzon uy-joylar qurilishida ham o‘ziga xos muammolar paydo bo‘lmoqda. Prezidentimizning “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa ­chiqarib ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchi masala uy-joylar quraman, deb qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanish holatlari bilan bog‘liq. Shu yilning o‘zida tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan 1065 gektar yerning 60 gektarga yaqini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kirgan. Kamchilikning yana biri — energiya samarador va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning arzon qurilish materiallaridan foydalanmaslik bo‘lsa, boshqasi — muhandislik-transport kommunikasiyalari va uy-joylar qurilishida o‘zaro uyg‘unlik ta’minlanmayotganida.

Oqibatda milliardlab pullar ortiqcha sarflanmoqda. Shu yilning o‘zida kommunikasiya maqsadlariga 500 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Shaharsozlik norma va qoidalari talablarini buzish, qurilish-montaj ishlarining sifatsiz bajarilishi, loyihadan chetga chiqish holatlari ham muammolar qatoridan joy olgan.

— Aholi talablari, qolaversa, gaz, elektr energiyasi, kanalizasiya, suv va boshqa kommunikasiya tarmoqlarini olib borish imkoniyatlari o‘rganilmasdan yer uchastkalarining tanlanishi va o‘sha yerda uylarni qurish qator muammolarni yuzaga keltirmoqda, — deydi “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ bosh direktori ­Ilhom Ahmedov.

Kamchiliklarni bartaraf etish kelajakda ustuvorlik kasb etar ekan, savol tug‘iladi. Xo‘sh, endi ishlar qay tariqa tashkil etiladi? Umuman, sohada qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Avvalo, uy-joylar hududiy optimal joylashtiriladi hamda ular qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlariga kirmaydigan uchastkalarda quriladi. Bundan tashqari, bu toifadagi uylarni qurishda muhandislik-transport kommunikasiya­lari va infratuzilma ob’ekt­lari “Obod qishloq” dasturi bilan o‘zaro uyg‘unlikda tashkil etiladi. Bu esa muhandislik tarmoqlariga sarflanadigan xarajatlar va uy-joylar narxlarini arzonlashtirishda qo‘l keladi.

Qaror bilan 2019-2020 yillarda qishloq joylarda va ­fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi, shuningdek, turarjoy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari hamda transport kommunikasiyalari qurilishi bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2019 yilda 15010 ta arzon uy-joy va kvartiralar qurilishi ­rejalashtirilgan. Ularning 11 ming 70 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun, 658 tasi alohida namuna ko‘r­satayotgan yosh oilalarga, 1272 tasi og‘ir ijtimoiy va­ziyatga tushib qolgan ayollar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, ­Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari ­xodimlari uchun ham 2010 ta ­kvartira bunyod etiladi.

— Boshlang‘ich badal uy-joy umumiy narxining 10 foizi, harbiylar uchun esa bu 25 foiz etib belgilangan, — deydi “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ bo‘lim boshlig‘i Abror Akbarov. — ­Turarjoylar 20 yilga va imtiyozli kreditlar asosida beriladi. Bu fuqarolar uchun yanada ko‘proq qulaylik, degani.

Qarorda belgilanganidek, bundan buyon arzon uy-joylar, ­tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari hamda transport kommunikasiyalari qurilishining kelgusi yillar uchun asosiy parametrlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 1 iyunga qadar, “Obod qishloq” dasturi bilan o‘zaro bog‘langan holda tasdiqlanadi.

Darvoqe, ichimlik suvi, kanalizasiya, issiqlik, elektr, gaz ta’minoti inshootlari va tarmoqlari hamda yo‘llar qurilishi markazlashtirilgan manbalar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekenergo” AJ hamda “O‘ztransgaz” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Endi muhandislik-transport kommunikasiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi.

Yana bir muhim masala. Yangi qurilayotgan uy-joylar arzon ekan, deb ularning sifatini sirayam keyingi o‘ringa qo‘yib bo‘lmaydi. Birgina raqam, joriy yilning 9 oyi davomida 3351 holatda sifatsiz ishlar aniqlanib, bajarilgan ishlar hajmidan 5,1 milliard so‘m ­ushlab qolingan. Chunki u imoratlardagi sifat sarflangan ­pulni oqlamagan.

Endilikda arzon uy-joylar qurilishiga xaridor bo‘lgan odam Internet tarmog‘ida real vaqt rejimida bajarilgan qurilish-montaj ishlarining hajmlari, jumladan, ob’ektlarning fotosuratlari va videoyozuvlari, ob’ektlar qurilishida ishtirok etayotgan pudratchilar, qurilishi tugallangan ob’ektlarda o‘tkazilgan nazorat tartibida o‘lchash natijalari, qurilishni moliyalashtirishning borishi, ya’ni qaysi qurilishga qancha mablag‘ ajratilgani to‘g‘risida ma’lumot olishi mumkin.

Prezidentimizning mazkur qarori arzon uy-joylar qurilishi sifatini yanada oshirib, uning narxini pasaytirish, odamlarni uyli qilish, umuman, xalq roziligiga erishishda muhim ­dasturilamaldir.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil 
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim SHERQULOV tayyorladi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!