Ana xolos! Putin Baydenni tabriklashdan bosh tortdi

Ana xolos! Putin Baydenni tabriklashdan bosh tortdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hali ham Jo Baydenni AQSh saylovlarida g‘alaba qozongani bilan tabriklash uchun hojati yo‘q deb hisoblamoqda. Bu haqda seshanba kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifing paytida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Trampning hokimiyatni yangi ma’muriyatga o‘tkazish uchun rasmiy prosedurani boshlash to‘g‘risidagi qarori, Putin tomonidan Baydenning g‘alabasini tan olishnishi uchun «etarli emas» ekan.

«Sizlarning ham xabaringiz bor-ku, hali ayrim shtatlarda ovozlarni ko‘rib chiqish va qayta hisoblash davom etmoqda, ularsiz saylov natijalarini rasmiy ravishda keltirib bo‘lmaydi», – deya Peskov Kreml pozisiyasini ma’lum qildi.

U saylov natijalari to‘liq tasdiqlangandan so‘nggina, Baydenga tabrik yo‘llashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

«Bu yerda hech narsa o‘zgarmadi, xuddi avval boshidan beri aytib kelinayotganidek», – deya Interfaks Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda rasmiy ovoz berish natijalarini kutmasdan turib, Putin birinchilardan bo‘lib Trampni g‘alaba bilan tabriklagan edi va Rossiya Federasiyasi Davlat Dumasidagilar saylovlarning dastlabki natijalarini olqishlar bilan kutib olgandi.

Bir kun oldin Tramp, AQSh ma’muriyatining Umumiy ishlar bo‘yicha boshqarmasiga rasmiy ravishda, Baydenga jamoa tuzishi uchun byudjet mablag‘larini blokdan chiqarib, hokimiyatni topshirishga tayyorgarlikni boshlash to‘g‘risida ko‘rsatma bergani haqida e’lon qildi.

O‘z navbatida, Tramp mag‘lubiyatini tan olmasligini va sud jarayonlarini davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidladi. «Bizning ishimiz qat’iyat bilan davom etmoqda, biz kurashni davom ettiramiz <…> va men g‘alaba qozonamiz deb ishonaman», dedi u.

AQSh Saylovchilar hay’ati a’zolari 14 dekabr kuni ovoz berishi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!