60 nafarga yaqin mansabdorlarga sertifikat va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

60 nafarga yaqin mansabdorlarga sertifikat va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

Avval xabar berganimizdek, “Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida vazirliklar va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari tarkibi bilan o‘tkazilgan besh kunlik yig‘in davomida ko‘zlangan natijalarga erishildi.

Yig‘in ishtirokchilari bilan mashg‘ulotlar chog‘ida dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyatlar qiyosiy tahlil etildi. Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, tinchlik va urush davrida front orti ta’minotini tezkor tashkillashtirish yuzasidan muhim ko‘nikmalar hosil qilindi.

Mudofaa tizimida harbiy hizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini oshirib borish, kuch tuzilmalarining vazifalari va imkoniyatlari xususida mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona yurtga sadoqat, fidoyilik, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga ishtiyoqini yanada oshirish borasida ham fikr-mulohazalar yuritildi.

Ishtirokchilar dala-o‘quv maydonida bajargan amaliy mashg‘ulotlari mobaynida jismoniy, saf, topografiya va taktik tayyorgarliklar, o‘qotar qurollardan otish, jangovar texnikalarni boshqarish kabi qator sinovlardan o‘tishdi.

Yig‘in yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ishtirok etib, yig‘in qatnashchilariga sertifikat, bir guruh zaxiradagi harbiy xizmatchilarga navbatdagi ofiserlik unvonlari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘in mashg‘ulotlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!