O‘z vaqtida yopilgan O‘zbekiston maktablari: Jahon banki ushbu holatni e’tirof etdi

O‘z vaqtida yopilgan O‘zbekiston maktablari: Jahon banki ushbu holatni e’tirof etdi

Jahon bankining rasmiy veb-saytida “O‘zbekiston: maktablarning yopilishiga o‘z vaqtida javob“ nomli maqola e’lon qilindi.

Maqolada bank mutaxassislarining ta’kidlashicha, 22 aprel holatiga ko‘ra 180 dan ortiq mamlakatlarda maktablarni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kamida 1,7 milliard o‘quvchiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Maktablarning uzoq vaqtga yopilishi oz fursatda nafaqat ta’lim sifatining, balki inson kapitalining rivojlanishi va iqtisodiy imkoniyatlarning ham pasayishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston, ko‘plab davlatlar singari, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha maktablarni yopishga majbur bo‘ldi. Qaror 15 mart kuni, mamlakatda COVID-19 ning birinchi holati ro‘yxatga olinganida qabul qilindi.

Ikki kun o‘tgach, Xalq ta’limi vazirligi karantin davrida umumta’lim maktablarning 6,1 million nafar o‘quvchilari uchun masofadan turib onlayn ta’lim berilishi haqidagi Hukumat qarorini e’lon qildi.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonda internet tezligi va aholini qamrab olish ko‘rsatkichlari yuqori emas. “Shu sababli, Xalq ta’limi vazirligi mamlakatdagi barcha o‘quvchilarga onlayn ta’lim yetib bormasligi mumkinligini tan oldi. Mamlakatda raqamli televidenie aholini 100 foiz qamrab olganini e’tiborga olgan holda televizion darslarni ishga tushirish masofaviy ta’lim bilan aholini ommaviy qamrab olish uchun yagona imkoniyatdir”, — deya ta’kidlaydi Jahon banki mutaxassislari.

Vazirlik bu choralarni o‘z vaqtida qabul qildi, shunga qaramay hali ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak. Jahon banki ekspertlarining ta’kidlashicha, 30 martga qadar 350 dan ortiq videodarslar tayyorlangan bo‘lib, ular milliy telekanallar hamda internetda namoyish etildi.

Shuningdek, maqolada “Albatta, puxta o‘ylangan onlayn darslar va favqulodda yaratilgan masofaviy darslar o‘rtasida farq bor. Masofaviy ta’limni joriy etayotgan ko‘plab mamlakatlarning sa’y-harakatlari inqiroz paytidagi harakat sifatida baholanishi kerak. Inqiroz tugagach, ushbu tajriba vazirlik va boshqa manfaatdor tomonlarga kelajakda maktablar yopilishi kabi holatlar yuzaga kelsa, natijalarni baholash va masofaviy ta’limni takomillashtirish imkoniyatini beradi", deyiladi.

Bank mutaxassislari vazirlikning pandemiya davrida favqulodda vaziyatlarga o‘z vaqtida chora ko‘rgani butun O‘zbekiston o‘quvchilarga ta’lim bera olishga tayyorligini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, ta’lim muassasalari ochilib, darslar qayta boshlanganidan so‘ng vazirlik muhokama qilishi va rejalashtirishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar mavjud.

Jahon banki vakillari kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ham o‘z tavsiyalarini berdi. Xususan, ular o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, karantin paytida olingan bilimlarni baholash bo‘yicha ishlarni tashkillashtirishni tavsiya etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!