Ukrainada Xitoydan evakuasiya qilinganlar keltirilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Ukrainada Xitoydan evakuasiya qilinganlar keltirilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Avvalroq G‘arbiy Ukraina aholisi koronavirus tarqalgan Xitoydan evakuasiya qilinadigan ukrainaliklarni o‘z aholi punktlariga qo‘ymaslik uchun barrikadalar qurishayotgani ma’lum qilingandi.

Uxandan 45 ukrainalik va bir qator xorijiy davlatlarning 27 fuqarosini olib kelayotgan samolyot dastlab Kiyevdagi Borispol aeroportida soat 8da qo‘nishi kerak bo‘lgan, biroq u 2 soat davomida Xarkov, Dnepropetrovsk va Poltava oblastlari tutashuv joyi ustida uchib yurgan. Bu haqda “RBK Ukraina” nashri xabar berdi.

So‘ngra samolyot Borispolda yonilg‘i quyish uchun qo‘nib, keyin Xarkovga uchib ketgan. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligida samolyot ekipaji a’zolari va yo‘lovchilarda o‘tkir respirator kasalliklar alomatlari yo‘qligi ma’lum qilingan.    

Uxandan keltirilganlarni Ukraina Milliy gvardiyasining Poltava oblasti, Noviye Sanjari posyolkasidagi tibbiy markazida joylashtirish rejalashtirilgandi. Bu esa mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular yarimtundan boshlab aholi punktiga kirish yo‘llarini to‘sib, polisiya bilan to‘qnashuvga kirishgan. 

Polisiya va Milliy gvardiya yo‘lning qatnov qismidan namoyishchilarning avtomobillarini olib tashlash uchun harbiy texnika qo‘llagan. Namoyishchilar bilan Poltava oblasti ma’muriyati boshlig‘i Oleg Sinegubov uchrashgan. “Bu odamlar o‘rnida istalgan boshqa odam bo‘lishi mumkin edi. Ular uyga qaytmoqdalar. Bu insonlar kimningdir bolasi, ota-onasi, yaqinidir. Ularning barchasini xitoylik va ukrainalik shifokorlar tekshirgan. Ularning birortasida o‘tkir respirator infeksiya alomatlari aniqlanmagan”, deb ma’lum qilgan Sinegubov.   

Ma’lum qilinishicha, polisiya posyolka tomon tez yordam mashinalari, polisiya, Milliy gvardiya mashinalaridan boshqa transportni o‘tkazmayapti. 

O‘z navbatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Noviye Sanjaridagi namoyishlarni qoralagan. “Yo‘llarni, gospitallarni to‘sishga, Ukraina fuqarolarini Ukrainaga qo‘ymaslikka urinishlar bilan biz o‘z fe’l-atvorimizning yaxshi bo‘lmagan jihatlarini ko‘rsatmoqdamiz. Ayniqsa, yo‘lovchilarning aksariyati 30 dan yoshlar ekani hisob olinsa. Ularning ko‘pchiligi biz uchun boladek”, deb yozgan Zelenskiy Facebook’da.    

Prezidentning ta’kidlashicha, Xitoydan evakuasiya qilinganlarning barchasi qoniqarli ahvolda. Bakteriologik xavf yo‘q, hokimiyat esa xavfsizlikni ta’minlash uchun mislsiz choralar ko‘rgan. Zelenskiy evakuasiya qilinganlar joylashtiriladigan Noviye Sanjaridagi tibbiyot punkti “mamlakatdagi eng qo‘riqlanuvchi ob’ektga” aylanishiga, u to‘liq izolyasiya qilinishi va qat’iy bakteriologik xavfsizlik tartibiga o‘tkazilishiga va’da bergan. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!