“To‘ybola” tilanchilar. Ularni ana shunday huquqbuzarlikka kimlar yetaklayapti?

“To‘ybola” tilanchilar. Ularni ana shunday huquqbuzarlikka kimlar yetaklayapti?

...Shahrisabz shahridagi hashamatli “Yoshlar saroyi” deb nomlangan res­toranda o‘tkazilgan to‘yda qatnashdim. Dasturxon noz-ne’matlarga to‘la, xizmatchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Sekin davrani kuzata bosh­ladim. Mezbon bir muddat xorijda ishlagan ekan, shu yoqda orttirgan do‘stlari bo‘lsa kerak, to‘rdagi stolda sakkiz chog‘li chet ellik mehmon o‘tiribdi.

Bir mahal davra to‘rida yurgan to‘ybolaga ko‘zim tushdi: egnidagi shahzodalardek zarbof to‘nga mos belbog‘, boshida salla, oyoqlarida esa... cho‘poyoq (?!). Chamasi 12-13 yoshlar atrofida. Odatda voha tomonlarda sunnat to‘yini o‘g‘il bola maktabga chiqqunicha nishonlashardi, bunisi qiziq bo‘ldi-ku, deb o‘tiribman.

To‘y bolaning ota-onasi eshik oldida mehmonlarni kutib olishmoqda, u esa davra o‘rtasida bemalol aylanib yurar, har bir stol atrofiga borib, mehmonlarga qo‘lini cho‘zib, pul so‘rardi.

– Voy, sizlarda endi to‘ybola pul teradigan bo‘ldimi? – ajablanib so‘radim yonimdagi ayoldan.

– Yo‘q, bu to‘ybolamas, qo‘lbola tilanchi, hamma to‘yga kirib chiqadi, ko‘rmaganmidingiz? “Ega”lari tashqarida, mashinasida olib yuradi. Nima deymiz, bu yog‘i o‘zbekchilik, kim ham haydab yuborardi? Bular bizning andishali ekanligimizni suiiste’mol qilishadi...

Keling, “tekin tomosha”ni to‘xtatib turaylik-da, bu holatga qonunchilik yuzasidan javob izlaylik. 
Amaldagi qonunlarimizda voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar sirasiga kiradi va ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasiga asosan voyaga yetmagan shaxsni tilanchilikka jalb qilish – eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tilanchilikka jalb qilish deganda, voyaga yetmagan shaxsni begona shaxslardan pul, oziq-ovqatlar, kiyim-kechak va boshqa buyumlar so‘rashga o‘rgatish va dalolat qilish tushuniladi. Bordi-yu, shaxs bunday harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bu holatni yana sodir etsa,jinoiy javobgarlikka tortiladi: eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (Jinoyat kodeksi 127-moddasi).

Yana to‘yxonaga qaytamiz: oyog‘iga cho‘poyoq kiyvolib pul so‘rayotgan bolaning ortida turgan shaxs – voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilib, jamoat tartibiga tajovuz qilayotgan huquqbuzardir. Huquqbuzarki, xalqimizning shafqatliligi, ko‘ngilchanligi tufayli jamoatchilik nazoratidek o‘ta muhim va foydali institutning to‘laqonli a’zosi ekanligini anglamayotgan va shu tufayli bunda faol ishtirok etolmayotganini “unumli” va yuzsizlarcha oyoqosti qilib, noqonuniy, harom yo‘llar orqali jig‘ildonini to‘ldirib kelayotgan boqimanda!  

Deylik, mehmonlarning aksariyati bunday qo‘lbola sadaqaxo‘r va uning ortida turgan kimsa bilan ishi yo‘qdir, ammo bu kabi hashamatli to‘yxonalar sohiblari-chi, ular qayoqqa qarashyapti? 

Bu ko‘ngilsiz manzarani loqayd kuzatib turgan mas’ullardan biriga e’tiroz bildirdim: “Nega bu bolaning noma’qul qiliqlarini ko‘rib indamayapsizlar? Axir, qarang, oramizda chet ellik mehmonlar ham bor ekan, ularga kulgi bo‘lamiz-ku!”.

U mening gaplarimni eshitib, pinaginiyam buzmadi, aksincha, ensasi qotib:

– Mehmonmisiz, izzatingizni bilib o‘tiravermaysizmi, sizga nima, og‘iri tushyaptimi? – desa bo‘ladimi...

Ana sizga, shu to‘yxonadagi tartib-intizomga javobgar kimsaning javobi. Boshqalardan nimani kutasiz endi? 

Shu o‘rinda bir mulohaza va u tufayli bir taklif. Ma’lumki, voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani uchun restoran, kafe, bar, klub, diskoteka, kinoteatrlar, kompyuter zallari, internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoki boshqa ko‘ngil ochish (dam olish) joylarining rahbarlari yoxud boshqa mas’ul shaxslari qonunga binoan javobgarliklikka tortiladi (eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorida jarima. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1882-modda). Ammo qonunlarimizda voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga, xususan tilanchilikka jalb qilishga yo‘l qo‘ygani (!) va bunga sharoit yaratib bergani uchun bunday joylarning rahbarlari yoxud boshqa mas’ul shaxslarining javobgarligini belgilab beruvchi norma yo‘q! Demak, qonunchilikka bunday me’yorni joriy etish zarurati paydo bo‘lmoqda.

“Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunimizda ta’rif berilganidek: “g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar – voyaga yetmaganning muntazam ravishda spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishida, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanishida ifodalanadigan xatti-harakatlari, shuningdek, o‘zga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan boshqa xatti-harakatlari”dir. Restoranda tilanchilik qilayotgan bolakay o‘zining g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlari bilan nafaqat huquqbuzarlik sodir etayapti, shu bilan birga, bu yerda dam olish, yaxshi kunni ko‘ngildagidek nishonlashni niyat qilib kelgan mehmonlar – fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzayapti!

Demak, bizning taklifimiz e’tiborga olinsa, huquqiy savodxonligi va vijdon amri bo‘lmagan ba’zi to‘yxona mas’ullari qonun amriga bo‘ysunarmidi? Shu bilan yosh o‘g‘il-qizlarimizdan chirkin maqsadda foydalanish, ularni ilm-ma’rifat olishga emas, aksincha, boqimandalikka, bezbetlikka o‘rgatib kun ko‘ruvchilar biroz bo‘lsa-da kamayarmidi?

Manba: 21asr.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!