O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish yo‘lida hamkorlik

O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati va kasb-hunar ta’limini rivojlantirish yo‘lida hamkorlik

Kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan “Business evenings” tadbirida mamlakatimiz kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga qaratilgan muloqot va o‘zaro hamkorlik uchun platforma yaratish masalalari haqida so‘z bordi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati - GIZ hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ushbu soha vakillari va mutaxassislar ishtirok etdi.

Unda qayd etilganidek, tadbir to‘qimachilik kompaniyalarini boshqarish, ekologik toza to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, xalqaro brendlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘nikma va tajriba almashishga qaratilgan.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati - GIZ O‘zbekistondagi uzoq muddatli faoliyati davomida ta’lim, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni rivojlantirishga ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizasiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ulardan biridir. Mazkur loyiha doirasida yurtimizda dual ta’lim tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tashabbus to‘qimachilik va tikuv-trikotaj, charm va poyabzal sohalarini jalb qilishni nazarda tutadi.

–Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda to‘qimachilik sanoati vakillari va GIZ loyihasi mutaxassislari o‘rtasida yana bir muloqot maydoni yaratilmoqda. O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga qaratilgan “Business evenings” tadbirlari ana shunday o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini yaratib beradi. Ushbu tashkil etilgan tadbir ilk uchrashuv bo‘lib, unda tomonlar sohani yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan dolzarb muammo va masalalarni, shu jumladan, mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq sanoatni rivojlantirishda birgalikda ishlash uchun korxonalar orasida fikr almashish va istiqbollarni muhokama qilishga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, bu muloqot maydoni Yevropa bozori bilan ishlash strategiyalari, milliy brendni ishlab chiqish va sohaning kadrlar salohiyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega, – dedi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati mutaxassisi Nodira Alixonova.

Tadbir yakunida ishtirokchilar galdagi rejalar xususida ham fikr almashdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!