Toshkentda 20 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, uni yerto‘laga ko‘mib qo‘ygan erkakka sud hukmi o‘qildi

Toshkentda 20 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, uni yerto‘laga ko‘mib qo‘ygan erkakka sud hukmi o‘qildi

Toshkentda o‘z o‘g‘lini o‘ldirgan otaning jinoyati oradan ikki yil o‘tib ochildi va unga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud bosh konsultanti Akrom Aripovga tayanib, «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2018 yil 27 avgustida ichib olgan M. uyiga kelib uyquga ketgan. Ishdan kelgan ota esa uning yotishini ko‘rib g‘ashlangan.

Shundan so‘ng, erkak uxlab yotgan o‘g‘lini sudrab hovliga olib chiqqan, yigit shunda ham uyg‘onmagan. Ota hovlida yotgan ketmon dastasini olib uning to‘g‘ri kelgan joylariga urgan. Salgina ingroq tovushini eshitib, jahldan tushish, biroz o‘ziga kelish uchun hammomga kirgan ota yuz-qo‘lini yuvib chiqqan. Biroq yana jahl otiga minib, boshqa bir ketmon dastasi bilan yerda yotgan yigitni kaltaklashda davom etgan.

Ertasiga, 28 avgust tongida ota o‘g‘lining qo‘llarini kelib ushlagan uni o‘ldirib qo‘yganini tushunib yetgan.

Ota murdani yo‘qotishga ahd qiladi va uyining yerto‘lasiga ikki soatlar mobaynida chuqur kovlab, o‘zi yotgan uyning devoriga qoqilgan qizil duxobani olib chiqib mayitni o‘ragan va uni yerto‘laga sudrab kirib ko‘mgan.

Oradan bir-bir yarim oy o‘tgach, yerto‘ladan kelayotgan badbo‘y hid hovliga tarqala boshlagan. Bu eshikdan kirgan har qanday kishini shubhaga solishi mumkinligini o‘ylagan ota yerto‘lani qalin qilib sementlab, ikki kun elektr pechi bilan quritadi va uyida boqayotgan quyonlarini shu yerga olib kelib qamaydi.

Oilaning turmushga chiqib ketgan qizi ham bor bo‘lib, u akasi anchadan buyon aloqaga chiqmayotganidan xavotirlangan va IIBga borib, akasining yo‘qolgani, otasidan shubhasi borligini bildirgan.

2019 yilning oktyabr o‘rtalarida ota IIBga chaqirilgan. Vahimaga tushgan erkak uyiga qaytgach, yerto‘ladagi sementni ko‘chirib, u yerdan o‘g‘lining jasadini kavlab oladi. O‘ralgan duxoba allaqachon chirib ketgan, mayit ham bir ahvolda bo‘lgani bois qisilib qolgan oyoqlarining to‘pig‘idan pasti uzilib tushib qolgan. Murdani tomga olib chiqib yashirgan ota yerto‘lani tekislayotib, uzilib qolgan to‘piq va barmoq suyaklarni ko‘rib qoladi va ularni ham bir sellofan xaltaga solgan. Sellofandagi bo‘laklarni ko‘chaga, chiqindi tashlanadigan joyga olib borib qo‘ygan.

Tomiga yashirgan o‘g‘lining jasadi bir kun uni oshkor qilishidan cho‘chigan erkak 2020 yil 14 fevral kuni yarim tunda uni qo‘shnining tomiga olib chiqib yashirgan. 21 fevral kuni qo‘shni tomidan topilgan jasad esa jinoyatni fosh etadi.

Ta’kidlanishicha, sud qotilni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!