«Qo‘rqit ota» merosi YUNESKOning nomoddiy meroslari ro‘yxatiga kiritildi

«Qo‘rqit ota» merosi YUNESKOning nomoddiy meroslari ro‘yxatiga kiritildi
Mavrikiya Respublikasining poytaxti Port-Luisda o‘tgan YUNESKOning nomoddiy madaniy meroslarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo qo‘mitasi yig‘ilishida 9 ta yangi element ro‘yxatdan joy oldi. Ularning ichiga «Qo‘rqit ota» meroslari ham kiritildi, deb xabar tarqatdi Qozog‘iston axborot agentligi. 
 
“Qo‘rqit ota” meroslarini YUNESKOning nomoddiy meroslari qatoriga kiritish ishlari o‘tgan yildan boshlangan, deyiladi xabarda. Bunda Qozog‘iston tomoni tashabbus bilan chiqqan va Turkiya, Azarbayjon davlatlari qo‘llab-quvvatlagan. 
Hujjat YUNESKOning nomoddiy madaniy meroslari ro‘yxatiga «Qo‘rqit ota merosi: 
doston, afsona va musiqa» nomi bilan kiritildi. Qo‘rqit (X a.) – qo‘bizning otasi, kompozitor, jirov, shoir, musiqachi, baxshilar g‘amxo‘rchisidir. Qo‘rqit ota turkiy xalqlar urf-odatini, e’tiqodlarini, boshqa xalqlardan o‘zgachaligini, umuman, ijtimoiy xususiyatini yozib qoldirib, uni bugungi kunga qadar yetkazgan buyuk san’at ustasidir. Qo‘rqit otaning bizning zamonimizgacha yetib kelgan 12 ta dostoni bor. Ularning sakkizi ichki va tashqi urushlar to‘g‘risida. Ikkisi oshiqlar haqida, ikkalasi esa mifologik talqinda berilgan. Qadimda hozirga qadar uning "Qo‘rqit", "Elmoya", "Targ‘il tana", "Elim-oy", "Ucharning ulishi" kabi kuylari ham saqlangan. 
 
Turkiy xalqlarda «Kuy otasi — Qo‘rqit" degan so‘z shundan qolgan bo‘lsa ajab emas. 
 
Oltoydan tarqalgan butun turkiy xalqlar bobosi, qo‘bizning egasi, mif va folklorning otasi sanaladigan Qo‘rqit ota merosi insoniyat tarixida alohida iz qoldirgan jarayon sifatida sanaladi.
 
— Qoraqalpoq xalqining VII-VIII asrlardagi meroslaridan so‘z yuritsak, albatta, Qo‘rqit ota to‘g‘risida aytishga to‘g‘ri keladi, – deydi Nukus davlat pedagogika instituti dosenti, folklorchi-olima Mariya Bekbergenova. – Dunyo adabiyotlarining ko‘pchiligiga "Kitab i dedam Qorqut" (Qo‘rqit ota kitobi) nomi bilan mashhur kitobdagi afsonalar qoraqalpoq, qozoq, o‘zbek va tүrkman xalqlari o‘rtasida keng tarqalgan. 
 
Qo‘rqit ota o‘z davrining iste’dodli so‘z ustasi, ya’ni shoiri bo‘lganligi bois, undan ko‘p asr keyin yashagan turkiy xalqlarning buyuk shoiri Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylar hurmat ila o‘z asarlarida tilga olgan. XVI asrdagi Xorazm hukmdorlaridan biri, tarixchi Abulg‘ozi Bahodirxonning "Shajarayi taraxima", "Shajarayi turk" asarlarida ham Qo‘rqit ota to‘g‘risida fikrlar uchrashadi. 
 
Qoraqalpoq jirovlari esa Qo‘rqit otani o‘zlariga ruhiy pir, ustoz tutgan. Qoraqalpoq jirovlari o‘z dostonlarini, to‘lg‘ov va termalarini kuylashdan avval Qo‘rqit ota ruhiga sig‘inar ekan.
 
Qo‘rqit ota kitobi ("Kitabi dedam Korkut") o‘g‘uz-qipchoqlarning qahramonlik dostoni bo‘lib, VIII-XII asrlardagi Sirdaryo bo‘yidagi o‘g‘uz-qipchoqlarning turmush tarzidan so‘zlovchi adabiy esdalik sanaladi. Undagi voqealar aslida VIII asrda paydo bo‘lgan, kitob esa XVI asrda Ozorbayjonda "Kitabi dedam Korkut g‘ali lisan tayfa og‘uzan" degan nom bilan xatga tushirilgan. Qo‘rqit ota kitobi syujetlari Sirdaryo yaqinidagi Yangikent qal’asi atrofida paydo bo‘lgan. 
 
Qo‘rqit otaning qabri ham aynan shu yerda, qoraqalpoqlarning tarixiy vatani Sirdaryoning quyi tomonida – Yangikent qal’asi atrofida joylashgan. Uning qaysi yillarda, qancha vaqt umr ko‘rgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ko‘pchilik manbalarda 95 yil yashagani aytiladi.
 
«Kitabi dedam Korkut» (Ded (deda) so‘zi aslida qadimiy saklarning so‘zidan olingan va bizningcha "ota" ma’nosini anglatadi) hozirgacha ikki nusxasi saqlangan, ularning birinchisi – Drezden (Germaniya) nusxasi, ikkinchisi esa Vatikan (Italiya) nusxalaridir. Drezden nusxasida 12 syujet saqlangan, Vatikan nusxasida esa shuning 6 tasigina mavjud.
 
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!