O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi

O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi

Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2024 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhida ma’lum qilinishicha, joriy yilda pul o‘tkazmalari miqdori 12-12,5 milliard dollar atrofida shakllanishi mumkin. Regulyator aholi uchun energiya resurslari narxi oshirilishining umumiy inflyasiyaga birlamchi ta’sirini 2,4 foiz bandga baholadi va yillik inflyasiya 9-11 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning I choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investision faollikning oshishi kuzatildi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Iqtisodiy o‘sishning yangilangan prognozi aholi va tadbirkorlik sub’ektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan bog‘liq.

Joriy yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, eksport (oltinsiz) o‘sish dinamikasi asosiy ssenariy prognozlari doirasida shakllanib keldi. Shu bilan birga, geosiyosiy vaziyatdagi noaniqliklarning davom etishi, joriy yil oxiriga qadar yetakchi markaziy banklar tomonidan pul-kredit sharoitlarining yumshatish sikli boshlanishi haqidagi taxminlar va oltinga bo‘lgan talabning oshib borishi, o‘z navbatida, oltin narxi oshishining asosiy omillaridan bo‘lmoqda.

Yuqoridagi omillar hisobiga jami eksport o‘sishi 9-12 foizni, oltinsiz eksport o‘sishi esa 12-14 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. I chorakda asosiy kapitalga investisiyalar hajmining real o‘sishi 74,5 foizni tashkil etib, ushbu o‘sish so‘nggi bir necha yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Joriy yilda xususiy investisiyalar, asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar umumiy iqtisodiy faollikka hissa qo‘shadi.

2024 yilning I choragida jahonda iqtisodiy faollikning yaxshilanishi natijasida global iqtisodiy o‘sish prognozlari oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. Biroq, fiskal rag‘batlantirishlarning qisqarishi bilan birga moliyaviy sharoitlarning qat’iylik darajasi va geosiyosiy xatarlar saqlanib qolishi iqtisodiy o‘sishni cheklovchi omillar bo‘lib qolmoqda.

Ba’zi yirik savdo-hamkor mamlakatlar iqtisodiyotida ham bu yil yuqori o‘sishi kutilmoqda. Xususan, Rossiyada yuqori talabning saqlanib qolayotgani fonida 2024 yilning I choragida ishlab chiqarish jadal sur’atlarni qayd etdi. Ishbilarmonlik muhiti va shaxsiy iste’molning mustahkamlanishi sharoitida joriy yil uchun Rossiyaning iqtisodiy o‘sish prognozi sezilarli darajada 3,1 foizgacha (+0,5 f. b.) oshirildi.

Joriy yilning I choragida eksportning (oltinsiz) o‘sish dinamikasi asosiy ssenariy prognozlari doirasida shakllangan. Jahonda atom energetikasining roli ortib borayotganligi sababli uran qimmatlashishi va Xitoy ishlab chiqarish sektoridagi ijobiy tendensiyalar tufayli mis narxining o‘sishi joriy yilda oltinsiz eksport dinamikasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Shu bilan birga, paxta narxi chorakning dastlabki oylaridagi keskin o‘sishidan so‘ng o‘tgan yilgi qiymatlarga qaytgan bo‘lsa, narxning keyingi trayektoriyasida yuqori noaniqlik saqlanib qolmoqda.

Hisobot davrida importning o‘sish sur’ati biroz pastroq shakllanib, ushbu pasayish o‘tgan yilgi transport vositalari importi fonida yuzaga kelgan yuqori baza bilan izohlangan. I chorakda mashina va asbob-uskunalarsiz importning o‘sishi dinamikasi qariyb 8 foizni tashkil etgan. Joriy tendensiyalarni hisobga olgan holda import o‘sish prognozi 10-12 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda.

Valyuta kurslarida sezilarli tebranishlar kuzatilmagan taqdirda, pul o‘tkazmalari prognozi 2024 yil oxirigacha 12-12,5 milliard dollar atrofida shakllanishi prognoz qilinyapti. Yanvar-mart oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshib, 2,5 milliard dollarga yetgan. Shu bilan birga, ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning erkinlashtirilishi va natijada inflyasiyaning tezlashishi hisobga olinganda, aholi tasarrufidagi real daromadlar biroz pasayishi, ularning tarkibiy o‘zgarishi va bunga mos ravishda shaxsiy iste’mol ma’lum darajada maqbullashishi mumkin.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi uchun energiya resurslarining ijtimoiy me’yor bo‘yicha narxlari oshirilishining umumiy inflyasiyaga birlamchi ta’siri 2,4 foiz bandni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Yuridik shaxslar uchun energiya tariflari o‘tgan yili oshirib bo‘lingani va bu o‘zgarishlar faqat uy-xo‘jaliklariga nisbatan amalga oshirilayotgani hisobiga uning ikkilamchi ta’siri yuqori bo‘lmasligi kutilmoqda. Ushbu ikkilamchi ta’sir asosan inflyasion kutilmalarning o‘zgarish darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

O‘rta muddatli davrda bazaviy inflyasiyaning barqaror pasayib borishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyidan tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va ayrim kommunal xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishi qisqa muddatli istiqbolda bazaviy inflyasiyaning pasayuvchi tendensiyasini sekinlashtirishi mumkin.

Qayd etilishicha, avvalgi yillardagi byudjet xarajatlarining yuqori sur’atda o‘sishi ta’sirlari kamayib borishi bilan bir qatorda kelgusida fiskal intizomga rioya qilinishi va byudjet xarajatlarining yil boshida belgilangan darajalari doirasida amalga oshirilishi inflyasiyaga talab tomondan qo‘shimcha bosim shakllanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2024 yil II choragida bir martalik ta’sirlar hisobiga umumiy inflyasiya ko‘rsatkichi oshishi va nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari davom ettirilishi natijasida yil yakuniga umumiy inflyasiya 9-11 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat byudjeti taqchilligi I chorakda 19,8 trillion so‘mni yoki YAIMga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan. Mazkur yuqori taqchillik iqtisodiyotning moliyaviy holatiga potensial bosimni shakllantirib, davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi sezilarli nomutanosiblikni aks ettiradi.

So‘nggi davrlarda (2023 yilning III choragini hisobga olmaganda) kuzatilgan musbat fiskal impuls tendensiyasi iqtisodiyotda rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat davom etayotganligini ko‘rsatadi. Yuqori fiskal taqchillik qisqa muddatli iqtisodiy faollikni oshirsa-da, o‘rta muddatda potensial o‘sishga hamda narxlar barqarorligiga salbiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Barqaror byudjet-soliq siyosatini saqlab qolish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun ushbu tafovutning bartaraf etilishi muhim hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!