Ish haftasining oxirigacha O‘zbekistondan salqin havo chekinadi

Ish haftasining oxirigacha O‘zbekistondan salqin havo chekinadi

Ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududidan salqin havo chekinadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha boshlangan haroratning pasayishi ushbu hafta boshida ham davom etadi. Dushanba va seshanba kunlari Volgabo‘yi hududlaridan kirib kelgan salqin havo oqimi harorat fonini 30-33 darajagacha, janubda 35-38 darajagacha pasaytiradi.

Keyinchalik ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududidan salqin havo chekinadi, ammo bu kunlarda kuchli issiq bo‘lishi kutilmaydi. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida havo harorati kunduz kunlari 35-38 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda 39-41 darajagacha bo‘ladi.

1—5 iyul kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 1—2 iyulda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin. 1 iyulda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 1—2 iyulda kunduz kunlari 30-33 daraja, 3—5 iyulda 35-38 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 18-23 daraja bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!