«Coca-Cola» promo-aksiyasi mojarosi: g‘olibga mashina berilmayapti

«Coca-Cola» promo-aksiyasi mojarosi: g‘olibga mashina berilmayapti

O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan «Coca-Cola Uzbekistan, LTD» MCHJ kompaniyasi tomonidan «O‘zbekistonda Yangi yil Promo-aksiyasi 2020» doirasida ko‘plab qimmatbaho sovrinlar o‘ynalgani hamda unda millionlab iste’molchilarning ishtirok etganligi va sovrinlarni qo‘lga kiritganligi aholining katta qismida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur aksiya doirasida yurtdoshlarimiz ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritib, yangi yilni o‘zgacha kayfiyat bilan kutib olgan bo‘lsa ajab emas. Bu kabi aksiyalarning Markaziy Osiyodagi eng yirik o‘ttiz milliondan ortiq iste’molchi bozoriga ega bo‘lgan davlatda o‘tkazilishi kompaniyaning imijiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi albatta, ammo bunday keng qamrovli o‘yinlarda qandaydir muammo paydo bo‘lishi tabiiy hol.

YANGI YILDA YANGICHA KAYFIYAT

Yaqinda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga kompaniya tomonidan o‘tkazilgan Promo-aksiyada bosh sovrin hisoblangan «Nissan Sylphy» avtomobillaridan birining g‘olibiga aylangan Normatov Sayfiddin murojaat qilib, 2021 yil 14 yanvar kuni «ZoʻrTv» telekanalidagi jonli efirda u tomonidan o‘ynalgan «DIP440NR» proma kodli qopqoq g‘olib deb topilgani, jonli efirda u bilan telefon orqali bog‘lanishganligini hamda «Nissan Sylphy» avtomobilini qo‘lga kiritganligini ma’lum qilishganligini, bundan judayam xursand bo‘lganligini ma’lum qilgan.

UMRI QISQA BO‘LGAN QUVONCh

Ammo, hozirda u tomonidan «Coca-cola classic» mahsulotini xarid qilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan «DIP440NR» proma kodli qopqog‘i voyaga yetmagan qizi tomonidan chiqindi sifatida tashlab yuborilganligi sababli, unga yutuq sifatida chiqqan avtomobilni kompaniya tomonidan berilishida muammolar yuzaga kelganini ma’lum qilgan.

Albatta, ushbu holatda "Coca-cola" kompaniyasining e’tirozlari o‘rinli bo‘lishi mumkin, sababi Promo-aksiya qoidalariga ko‘ra proma kodli qopqoqlar aksiya yakuniga qadar iste’molchida saqlanishi lozim bo‘lgan. Ammo tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, iste’molchi tomonidan ataylab sodir etilmagan, uning irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda yo‘qotilganligini inobatga olib, istisno tariqasida avtomobilni topshirishi kompaniyaning statusiga munosib bo‘lgan bo‘lar edi. 

AKSIYANI O‘TKAZISHDAN ASL MAQSAD NIMA?

Albatta, bu kabi yutuqli o‘yinlarda muayyan maqsad ko‘zlanadi. Asosan, bunday aksiyalar iste’molchi va kompaniya o‘rtasida o‘zaro iliqlikni paydo qilib, xaridorlarda kompaniyaga nisbatan ixlosini oshirishdan iborat bo‘ladi. Arzimagan sababni ro‘kaj qilib, xaridorning «og‘zidagi oshini» yulib olib, hafsalasini pir qilish qaysi qonunda yozilgan? Vatan himoyasi yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan bu shaxsning manfaatiga bunday bepisandlik bilan yondashish maqsadga muvofiq bo‘lmas edi. 14 yanvar kuni bir harbiyning xonadoniga kirib kelgan ushbu quvonchning umri qisqa bo‘lgani alam qilarli holat. Qiziq, shu o‘rinda savol tug‘iladi, yutuqli qopqoq yo‘qolgani bilan, ushbu kod haqiqatda bo‘lganini tasdiqlovchi registrasiya mavjudligi yetarli emasmi? Yoki kompaniya bunday qanaqadir manfaat kutganmikan? 

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi ushbu kazusni o‘rganib chiqib, xalqaro e’tirof etilgan normalar va qadriyatlarga tayangan holda, inson, uning sha’ni va qadr qimmatini oliy darajadagi masala sifatida tan olib, fuqaro Normatov Sayfiddin (Normatov Sayfiddin)ga promo-aksiya g‘olibi sifatida «Nissan Sylphy» avtomobilini topshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!