Aqiyda ilmga asoslangan bo‘ladi

Aqiyda ilmga asoslangan bo‘ladi

«Aqiyda» so‘zi arabcha «aqada» fe’lidan olingan bo‘lib, «bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash» degan ma’noni anglatadi. Bu so‘zning jami (ko‘plik shakli) «aqoid» bo‘ladi. Islom aqiydasi musulmon insonni mahkam bog‘lab turadigan e’tiqodlar majmuasidir.

Aslida, biror narsaga e’tiqod qilish uchun uni hech qanday shubha qoldirmaydigan darajada yaxshi bilish kerak. Buning uchun avvalo, o‘sha narsani idrok qilish lozim. Keyin esa o‘sha hissiy idrok ilmiy ma’rifatga aylanishi lozim. So‘ngra zamon o‘tishi, boshqa dalillarning sobit bo‘lishi ila o‘sha ilmimiz tasdiqlanadi va unga bo‘lgan ishonchimiz kuchli bo‘ladi. Mazkur ilmga bo‘lgan ishonch ongimizda mustahkam ravishda qaror topganidan so‘ng u bizning aqlimizga va qiladigan ishlarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadigan bo‘ladi.

Qachonki ma’lum bir ilm bizning fikrimizga aylanib, his-tuyg‘ularimizni yo‘llaydigan va harakatlarimizni boshqaradigan holga yetganda, aqiydaga aylangan bo‘ladi. Demak, aqiyda ilmga asoslangan bo‘lishi lozim.

Ali Qoriyning «Al-Fiqhul Akbar»ga yozgan sharhi takmilasining 146-sahifasida aqiyda ilmiga:

«U bir ilmki, unda e’tiqod qilish lozim bo‘lgan narsalar haqida bahs qilinadi», deb ta’rif berilgan.

Islomning aqiyda qismidagi so‘zni ushbu iymonning ruknlari haqidagi ma’nolardan boshlaymiz. Iymon-e’tiqodning inson hayotidagi ahamiyati cheksiz ekanini insoniyat iymonsizlik jafosini tortib ko‘rganidan keyingina tushunib-etib turibdi. Qadimdan iymonsizlikning turli ko‘rinishlari zohir bo‘lib kelgan bo‘lsa ham, u bor haqiqat sifatida o‘rtaga chiqqan emas edi. Hamma iymonga u yoki bu tarzda yuzlanar edi. Ko‘pchilikning xatosi Alloh bayon qilgan tarzdagi iymonga yuzlanmaslikda edi. Hech kim Alloh taoloni yo‘q demas, ammo ko‘plari Unga shirk keltirar, ismlari, sifatlari va amallarining ba’zilarini inkor qilar yoki noto‘g‘ri tushunar edilar. Shuning uchun ham qadimgi aqiyda kitoblarimizda Allohning borligi haqida emas, U Zot taoloning tavhidi, sifatlari, ismlari va amallari haqida so‘z yuritilgan. Ozgina e’tiborsizlardan boshqa hamma Allohning borligini e’tirof qilgani uchun aqoid ulamolari bu masalada bahs yuritib o‘tirmaganlar.

Islomda iymon Alloh taolo tarafidan bandalarga berilgan ne’matlarning eng ulug‘i sifatida qadrlanadi. Islom insonning qadrini iymon bilan o‘lchaydi. Iymonsiz odam ikki dunyoda ham hech bir narsaga erisha olmasligini qattiq ta’kidlaydi. Islom hamma narsa iymon asosida olib borilishiga alohida ahamiyat beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!