Zelenskiy Makrondan «dalda oldi», navbat Merkelga

Zelenskiy Makrondan «dalda oldi», navbat Merkelga

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 17 iyun kuni ilk rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi.

Tashrif doirasida Zelenskiy Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. Ikki soat davom etgan muloqotda tomonlar Donbass, Kreml asirlari (Azov dengizida Rossiya tomonidan qo‘lga olingan Ukraina dengizchilari), Ukraina-Fransiya ikki tomonlama munosabatlari yuzasidan fikr almashgan.

Donbass mojarosi harbiy yo‘l bilan hal qilinmaydi

Zelenskiy Makron bilan muloqotda Donbass mojarosini harbiy yo‘l bilan emas, balki diplomatik usullarda va sanksiyalar ko‘magida bartaraf etish tarafdori ekanini ta’kidlagan. Ukraina Prezidentiga ko‘ra, sanksiyalar bilan Rossiyaga bosim o‘tkazib, muammoni yechish darkor.

“Ukraina o‘z hududini qaytarib olmagunicha sanksiyalar saqlanishi lozim. Ular Ukraina suverenitetini himoya qiladi. Umid qilamanki, “Katta yettilik”ning Fransiyadagi vakolatxonasi mazkur masalani ko‘rib chiqadi”, degan Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat “jangarilar” bilan ham muzokaralarni boshlagan. Bu yerda okkupantlar nazarda tutilmayapti, Ukraina faqat Minsk formatida ular bilan aloqaga chiqishi mumkin.

O‘z navbatida Makron Fransiya Ukrainani urushga chek qo‘yish, tinchlik, hududiy yaxlitlik masalalarida qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ukraina masalasida Germaniya Fransiya bilan maslakdosh

Zelenskiy bugun, 18 iyun kuni Germaniya Federativ Respublikasiga ham tashrif buyurdi. Mazkur tashrif doirasida Ukraina davlat rahbarining GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, kansler Angela Merkel bilan muzokaralar olib borishi, shuningdek Germaniya ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.

GFR tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning nemis matbuotida bugun e’lon qilingan intervyusida Germaniya Ukrainaga daxldor masalalarda Fransiya bilan maslakdosh ekani aytiladi.

Shu bilan birga Maas Germaniya va Fransiya Rossiyadan qo‘lga olingan ukrainalik askarlarni ozod qilishni talab qilishini ham ma’lum qilgan. Uningcha Rossiya ayni tadbir bilan ham Minsk kelishuviga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi.

Germaniya TIV rahbari Berlin Ukrainaning yangi rahbaridan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash va Donbassda tinchlikni ta’minlashda amaliy ishlarni kutayotganini ham bildirgan.

Xalqaro OAV materiallari asosida Malohat HUSANOVA tayyorladi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!