Yaponiyada Olimpiada ob’ektlari yaqinida dronlar ishlatish taqiqlandi

Yaponiyada Olimpiada ob’ektlari yaqinida dronlar ishlatish taqiqlandi

Yaponiya hukumati 2020 yilda Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlari vaqtida sport ob’ektlari va sportchilar uchun mo‘ljallangan turar-joylar yaqinida boshqaruvchisiz uchar qurilmalar parvozini taqiqlashga qaror qildi. Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi. 

Hukumat shu maqsadda yaqin orada joriy qonunchilikni qayta qo‘rib chiqishni boshlamoqchi. Yangi choralar Yaponiyada 2019 yilda, regbi bo‘yicha jahon kubogi o‘tkazilishi vaqtida joriy qilinishi mo‘ljallangan. Dastlabki rejaga ko‘ra, ushbu taqiqlov AQSh va Yaponiya mudofaa kuchlari harbiy bazalari yonidagi hududlarga ham taalluqli bo‘ladi.

Hukumatda dronlar terrorchilik maqsadlarida hamda xavfli suyuqliklarni tarqatishda qo‘llanishi mumkin, deb hisoblanmoqda. Shu sababli, yapon polisiyasiga qonunga tegishli tuzatmalardan keyin bunday qurilmalarni musodara qilish va qoidabuzarliklar aniqlanganda ularni urib tushirishga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Ayni vaqtda Yaponiyada dronlarni aerodromlar atrofida qo‘llash taqiqlangan. Ularni tungi vaqt alohida ruxsatsiz qo‘llash mumkin emas. Qoidabuzarlik uchun 500 ming iyen (4,5 ming dollar) miqdorida jarima belgilangan.

Shuningdek, dronlarni muhim ahamiyatdagi ob’ektlar – misol uchun, imperator saroyi, bosh vazir qarorgohi, parlament hududi ustida beruxsat qo‘llash uchun bir yillik qamoq jazosi yoki yuqoridagidek, 500 ming iyen jarima solinishi mumkin. Bunday ob’ektlar atrofida 300 metrlik taqiqlov hududi o‘rnatilgan. Bu choralar 2015 yilda yuz bergan voqea sababli qabul qilingan. O‘shanda bosh vazir Sindzo Abe devonxonasi tomida tasodifan tutun shashkasi va Fukusimadan olingan past radioaktiv tuproqli kapsula o‘rnatilgan dron aniqlangan.

Tokiodagi Olimpiada 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustgacha davom etadi. Olimpiada tashkilotchilarining ta’kidlashicha, barcha asosiy sport ob’ektlari Olimpiya qishlog‘idan 8 kmdan ko‘p bo‘lmagan masofada joylashadi. Bu muxlislar va sportchilarga yo‘lga minimal vaqt sarflashga imkon beradi. 

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!