Xitoy uyg‘urlar haqidagi qonun uchun Amerikadan qasos olmoqchi

Xitoy uyg‘urlar haqidagi qonun uchun Amerikadan qasos olmoqchi

Payshanba kuni e’lon qilingan bayonotda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy Pekin "qat’iy javob zarbasi" berishi va Qo‘shma Shtatlar barcha oqibatlar uchun mas’ul bo‘lishini ta’kidlagan.

Xitoy Prezident Tramp imzolagan qonun "Xitoyning tashqi ishlariga qo‘pol ravishda aralashishi"ni ta’kidlab, Qo‘shma Shtatlarni "o‘z xatosini tezroq to‘g‘rilash"ga chaqirgan.

Jazo choralari

Chorshanba kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Shinjondagi musulmon uyg‘urlar va boshqa milliy va diniy ozchiliklarga qarshi bosim o‘tkazish siyosati tufayli ushbu siyosatga aloqador xitoy rasmiylariga nisbatan jazo choralarini nazarda tutuvchi qonunni imzolagan.

Qonun loyihasi 15 mayda Senat, 27 mayda esa, AQSh Kongressining Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlangandi.

AQSh Davlat Departamenti Xitoyni musulmon uyg‘urlarga qarshi qiynoqlar qo‘llash va ularning madaniyatlarini yo‘q qilib yuborishga urinishda ayblagan.

Tramp o‘z bayonotida, qonunnning ayrim bandlariga to‘la qo‘shilmasa-da, uni tasdiqlaganini ma’lum qildi.

Qonunga binoan, uyg‘urlarga qarshi bosim siyosati uchun mas’ul bo‘lgan Xitoy rasmiylarining AQShdagi mol-mulk va hisoblari muzlatiladi hamda ularning Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlanadi.

Qonunda AQSh Davlat Dapertamentiga Shinjondagi uyg‘urlar huquqlarining toptalishiga doir maxsus hisobot tayyorlash topshirilgan.

Boltonning iddaosi

Qonun Xitoy lagerlariga tashlangan bir milliondan ko‘proq aksar uyg‘urlardan iborat musulmonlarning haq-huquqlarini tiklashni nazarda tutadi.

Unga ko‘ra, Xitoy uyg‘urlarning fuqarolik va siyosiy haqlarini rad etmoqda, ularning e’tiqod va erkin harakatlanish huquqlarini keskin cheklagan.

Xitoy Shinjondagi musulmonlarga qarshi qo‘llayotgan qator choralar ham sanab o‘tiladi:

  • Shaxsiy hayotni ham nazorat qiluvchi kuzatuv va bolalardan DNK olish.
  • Uylar oldida QR kodlarini qo‘llab, musulmonlarning qanchalik tez-tez namoz o‘qishini tekshirish.
  • Yuz va ovozni taniydigan texnologiyalarni tadbiq etish.

Uyg‘urlarga qarshi repressiyalar bois jazo choralari qo‘llash nazarda tutilgan rasmiylar orasida Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasi bo‘yicha kotibi Chenning nomi zikr etilgan.

Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasi kommunist rahbari Janob Chen esa musulmonlar tashlangan maxsus lagerlarning "quruvchisi" deb ataladi.

Ayni paytda Oq Uyning sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton o‘z xotiralarida Prezident Tramp Xitoy rahbari Si Sinpinga uning uyg‘urlarni qamoq-lagerlarda ushlab turish siyosatini ma’qullashini aytganini da’vo qildi.

Boltonning iddaosiga ko‘ra, Tramp Xitoy rahbariga "lagerlarni qurib to‘g‘ri qildingiz" deb aytgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!