Vaboda sabr qilish ajri

Vaboda sabr qilish ajri

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qorin xastaligi ila o‘lgan shahiddir, vaboda o‘lgan shahiddir», dedilar».

Ma’lumki, vabo xastaligi doimo barcha jamiyatlarni tashvishga solib kelgan. Hamma unga qarshi qandoq ishlar qilish zarurligini o‘ylab kelgan. Vabo tarqalgan joyda ko‘plab odamlar nobud bo‘lishi ham inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat. Shuningdek, vabo tez yuqadigan xastalik, uning tarqalishini oldini olishning eng samarali yo‘li bemorlarni sog‘lardan ajratish.

Shuning uchun ham Islomda vabo kasali bilan o‘lgan kishini shahidga tenglashtirilgan. Ya’ni, xastalikka sabr qilib, boshqa taraflarga ketib qolmay vafot etgan odam shahid hukmida bo‘ladi. Bunda bemor kishilarni sabrga chaqirish bilan birga ularning ortidan qolgan yaqinlariga ham katta tasalli bor. Ular, falonchi vabo xastaligiga uchraganda hadisi sharifga amal qilib sabr ila vafot etgani bois shahid hukmida ketgan, degan fikr ila yuradilar.

Hadisi sharifda zikr qilinayotgan qorin xastaligi ham vaboga o‘xshash yuqumli xastalik bo‘lsa ajab ermas. Ba’zi bir hadislarda, jumladan, yuqorida zikr qilingan favqulodda sharoitlarda o‘lganlarga ham «shahid» lafzi ishlatilgan. Ularni shahid hukmida o‘lgan deyiladi. Bu ma’nolar va ularga tegishli tushunchalar kelgusi hadisi shariflarni o‘rganishimiz davomida yana ham ravshanroq bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vabo haqida so‘ragan ekanlar. Shunda u zot bundoq xabar beribdilar: «Aslida u Alloh xohlaganlariga yuboradigan azob bo‘lgan. Bas, Alloh uni mo‘minlarga rahmat qildi. Bas, qay bir banda vabo voqe’ bo‘lganda o‘z yurtida sabr qilib, Alloh uning peshonasiga bitganidan boshqa narsa bo‘lmasligiga ishonib tursa, albatta, unga shahidning ajri mislidek ajr bo‘lur».

Ikkisini Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Alloh taolo mo‘min-musulmonlarga qanchalar mehribon ekanligi yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Bu haqiqat vabo xastaligi boshqalar uchun nima maqsadda, musulmonlar uchun nima maqsadda yuborilishi bayonidan kelib chiqadi. «Aslida u Alloh xohlaganlariga yuboradigan azob bo‘lgan. Bas, Alloh uni mo‘minlarga rahmat qildi».

Darhaqiqat, ko‘pgina qavmlar turli xastaliklar, jumladan, vabo ila qirilib bitgani tarixda ma’lum. Alloh taolo O‘z mehri ila boshqalarga azob bo‘lib yuborilgan vaboni musulmonlar uchun rahmat qilib qo‘yibdi. Ular vabo yetganida Alloh taoloning aytganini qilsalar, vafot etsalar ham, shahid ketadilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Bas, qay bir banda vabo voqe’ bo‘lganda o‘z yurtida sabr qilib, Alloh uning peshonasiga bitganidan boshqa narsa bo‘lmasligiga ishonib tursa, albatta, unga shahidning ajri mislidek ajr bo‘lur», deganlari aynan shu ma’noni tasdiq etadi.

Bu hozirgi zamon istilohi ila aytilganda, tibbiy saqlanish chorasi, ajnabiychasiga karantin, deganidir. Islom ko‘pchilik manfaatini o‘ylab, vaboni boshqa hududlarga ham tarqalib ketmasligi yo‘lida o‘zini fido qilgan kishilarni shunday yuqori taqdirlaydi. Bu ma’no kelgusi rivoyatda yana ham oydinlashadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Vabo balo yoki azobdir. Uni Bani Isroilga yoki sizdan oldin o‘tgan kimsalarga yuborilgan edi. Qachon uning biror yerda paydo bo‘lganini eshitsangiz, u yerga bormangiz. Agar u siz turgan yerda voqe’ bo‘lsa, undan qochib u yerdan chiqmangiz», dedilar».

Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.

Ushbu rivoyatdagi «balo yoki azobdir» hamda «Bani Isroilga yoki sizdan oldin o‘tgan kimsalarga» degan tarkiblardagi «yoki»ning kelishi hadis ilmida «shak uchun» deyiladi. Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu ikki so‘z yoki iboradan birini ishlatganlari aniq, lekin roviy qaysi biri ekanligida shak qilib qolgan. Boshqacha qilib aytganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aynan ikkisidan qay birini ishlatganlarini aniq yodlab qola olmagan va omonatga xiyonat qilmaslik yuzasidan borini aytgan.

Vaboning boshqalar uchun azob, musulmonlar uchun rahmat ekanini oldin o‘rgandik. Endi esa o‘shal xastalik paydo bo‘lganda musulmonlar jamoasi unga nisbatan qandoq munosabatda bo‘lishlari bayon qilinmoqda. «Qachon uning biror yerda paydo bo‘lganini eshitsangiz, u yerga bormangiz». Chunki u yerga borsangiz o‘sha xastalikka chalinishingiz ehtimoli bor. Mabodo, Alloh ko‘rsatmasin, biror kor-hol bo‘lib qolsa, kelmasam bo‘lar ekan, deb yurasiz. «Agar u siz turgan yerda voqe’ bo‘lsa, undan qochib u yerdan chiqmangiz». Chunki sizning u yerdan qochib chiqishingiz mazkur xastalikni boshqa yerlarga tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu Islom tomonidan ming besh yuz yil avval joriy qilingan tibbiy saqlanish chorasidir. Bu chorani ma’muriy buyruqbozlik bilan emas, aholining tibbiy madaniyatini o‘stirish ila joriy qilishga harakat qilingani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Umar Shom tomon chiqdi. Toki u Sarg‘ga yetganda unga Ajnodning ahli: Abu Ubayda al-Jarroh va uning ashoblari uchradilar va Shomda vabo voqe’ bo‘lganining xabarini berdilar. Shunda Umar Ibn Abbosga: «Menga birinchi muhojirlarni chaqirib kel», dedi. Men ularni chaqirib keldim. U ularga maslahat soldi. Ular esa ixtilof qilishdi. Ba’zilari: «Sen bir ish uchun chiqding. Endi undan qaytishingni maslahat bermaymiz», dedilar. Boshqalari esa: «Sen bilan birga odamlarning qolganlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bor. Ularni manavi vaboga olib borishingni maslahat bermaymiz», dedilar. Umar: «Jo‘nanglar oldimdan!» dedi-da, so‘ngra: «Menga ansoriylarni chaqirib qo‘y», dedi. Men ularni chaqirib keldim. Bas, ularga ham maslahat solgan edi, ular ham muhojirlarning ixtilofdagi yo‘lini tutdilar. Ularga ham: «Jo‘nanglar oldimdan!» dedi-da, so‘ngra: «Menga ho‘v anavi yerdagi Quraysh shayxlaridan fath muhojirlarini chaqirib kel», dedi. Ularni chaqirib keldim. Ulardan ikkitasi ham ixtilof qilmadi. Ular: «Odamlar bilan orqaga qaytishingni, ularni vabo tomon olib bormasligingni maslahat beramiz», dedilar. Umar odamlar orasida jar chaqirtirib: «Albatta, men tong chog‘ida ulovimni minurman», dedi. Shunda Abu Ubayda: «Allohning qadaridan qochibmi?» dedi. Umar unga: «Shuni sendan boshqa aytsa bo‘lmasmidi!? (Umar unga xilof qilishni yoqtirmas edi.) Ha, Allohning qadaridan, Allohning qadariga qochamiz. Aytgin-chi, agar sening tuyalaring bo‘lsayu ular ikki bo‘lingan bir vodiyga tushsalar. Bo‘laklarning biri serhosil bo‘lsayu boshqasi quruq bo‘lsa, hosildorida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan, qurug‘ida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan. Shunday emasmi?!» dedi. Shu payt Abdurrahmon ibn Avf kelib qoldi. U o‘zining ba’zi hojatlari ila ketgan edi. U: «Bu haqida menda ilm bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon uning biror yerda borligi haqida eshitsangiz, u tomon bormang. Qachon siz turgan yerda u voqe’ bo‘lsa, undan qochib chiqmang», deganlarini eshitganman», dedi. Shunda Umar Allohga hamd aytdi va ortiga qaytdi».

Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Bu rivoyatdan ko‘plab ma’lumotlar olish mumkin. Shuning uchun uni shoshilmasdan birma-bir tahlil qilib chiqsak yaxshi bo‘ladi. «Umar Shom tomon chiqdi». Bu safar hazrati Umarning xalifalik davrlarida bo‘lgan. U kishi Shomdagi musulmonlar holidan xabar olish maqsadida bir qancha sahobalarni o‘zlari bilan olib yo‘lga chiqqanlar. U kishining Shomga qarab yo‘lga chiqqanlari haqidagi xabar hamma tomonga tarqalgan. Jumladan, bu xabarni o‘sha davrdagi Shomning voliyi Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu ham eshitib o‘z odamlari bilan xalifani kutib olish uchun yo‘llariga chiqqanlar.

«Toki u Sarg‘ga yetganda unga Ajnodning ahli: Abu Ubayda al-Jarroh va uning ashoblari uchradilar va Shomda vabo voqe’ bo‘lganining xabarini berdilar».
«Sarg‘» — Hijozdan kelayotganda birinchi uchraydigan Shomning qishloqlaridan birining nomi. «Ajnod» Shomning o‘sha paytdagi besh mashhur shahari shundoq nom bilan atalgan. Ular: Falastin, Urdun, Dimashq, Hims va Qunsuraynlardir. O‘shanda mazkur besh shaharning amirlari Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu bilan birga hazrati Umarni kutib olgani chiqqan ekanlar. Odatda davlat boshlig‘ini kutib olgani chiqqanlar hol-ahvol so‘rashgandan so‘ng eng muhim va dolzarb masaladan so‘z ochadilar. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu va u kishining sheriklari ham hazrati Umarga yurtida vabo tarqalganligi haqidagi xabarni aytdilar. «Shunda Umar Ibn Abbosga: «Menga birinchi muhojirlarni chaqirib kel», dedi. Men ularni chaqirib keldim. U ularga maslahat soldi». Hazrati Umarning vabo haqida kishilarga maslahat qilishlaridan u kishi bu haqdagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan bexabar bo‘lgan. Agar hazrati Umar hadisni bilganlarida hech kimga maslahat solmay unga amal qilishga o‘tar edilar. Aksiga olib maslahatga chaqirilganlar ham hadisdan bexabar ekanlar. «Ular esa ixtilof qilishdi». O‘shanda hazrati Umar bilan birga Shom safariga chiqqan birinchi muhojirlar ichida mazkur masala bo‘yicha ikkiga bo‘linish paydo bo‘ldi.

«Ba’zilari: «Sen bir ish uchun chiqding. Endi undan qaytishingni maslahat bermaymiz», dedilar». Ya’ni, ey Umar, sen Shomdagi musulmonlar holidan xabar olgani chiqding. Bu xabarni hamma eshitdi. Do‘stu dushman qarab turibdi. Vabo haqidagi xabarni eshitib shu yerdan ortga qaytib ketsang yaxshi bo‘lmaydi. Bundan do‘stlar xafa, dushmanlar shod bo‘ladilar. «Boshqalari esa: «Sen bilan birga odamlarning qolganlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bor. Ularni manavi vaboga olib borishingni maslahat bermaymiz», dedilar». Bular ham o‘zlarining fikrlariga kelgan dalilni ro‘kach qilishdi. Sog‘-salomat va mo‘’tabar odamlarni xatarli joylarga olib borishni ravo ko‘rmadilar. Ularning bundoq ixtilof qilishlari xalifaga yoqmadi. «Umar: «Jo‘nanglar oldimdan!» dedi-da, so‘ngra: «Menga ansoriylarni chaqirib qo‘y», dedi». Demak, avval muhojirlar, keyin ansoriylar turar ekanlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyatlarini davom ettiradilar: «Men ularni chaqirib keldim. Bas, ularga ham maslahat solgan edi, ular ham muhojirlarning ixtilofdagi yo‘lini tutdilar». Ko‘rinib turibdiki, ansoriylarning hazrati Umar ila Shom safariga chiqqanlari ichida ham vabo haqidagi hadisi sharifni eshitgan odam yo‘q ekan. Shuning uchun ular ham bu masalada ixtilof qildilar. «Ularga ham: «Jo‘nanglar oldimdan!» dedi-da, so‘ngra: «Menga ho‘v anavi yerdagi Quraysh shayxlaridan fath muhojirlarini chaqirib kel», dedi». Bular Quraysh qabilasining mo‘’tabar shayxlari bo‘lib, Makkai Mukarrama fath bo‘lgan kunigina musulmon bo‘lgan edilar. Shuning uchun ham ularga muhojir va ansoriylardan keyingi, uchinchi o‘rinda maslahat solindi. «Ularni chaqirib keldim. Ulardan ikkitasi ham ixtilof qilmadi. Ular: «Odamlar bilan orqaga qaytishingni, ularni vabo tomon olib bormasligingni maslahat beramiz», dedilar». Ular ham hadisi sharifdan bexabar ekanlar. Lekin avvalgi ixtilof qilganlarning holidan o‘rnak olishganmi, xalifani oldida hech ixtilof qilmay bir xil fikr aytdilar. Vabo tarqalgan diyorga kirmay ortga qaytish haqida maslahat berdilar. Bu maslahat hazrati Umar roziyallohu anhuga ma’qul keldi. Qaytishga qaror qildi. «Umar odamlar orasida jar chaqirtirib: «Albatta, men tong chog‘ida ulovimni minurman», dedi». Ya’ni, Madinaga qaytib keturman, deganlari. Albatta, bu qaror hammaga yoqsa ham aziz mehmonlarni orziqib kutgan shomliklarga yoqmadi. «Shunda Abu Ubayda: «Allohning qadaridan qochibmi?!» dedi». Shomning voliyi Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning bundoq og‘ir gap aytishlaridan achchiqlari chiqqani bilinib turibdi. U kishi hazrati Umarga shundoq gapirishga haddi sig‘adigan ulug‘ zot edilar. «Umar unga: «Shuni sendan boshqa aytsa bo‘lmasmidi!?» Ya’ni, hozir sen menga aytgan gapni sendan boshqa odam aytganda yaxshi bo‘lardi, dedi. Hazrati Umarning nima uchun bundoq deganlarini tushuntirish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu oraga o‘z gaplarini qo‘shib bayon bermoqdalar: (Umar unga xilof qilishni yoqtirmas edi.)

Hazrati Umar Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning hurmatlarini qilib u kishiga xilof bo‘ladigan gaplarni aytishdan o‘zlarini tiyib yurar edilar. Endi esa ko‘pchilikni oldida u kishi bilan tortishishga majbur bo‘lmoqdalar. «Ha, Allohning qadaridan, Allohning qadariga qochamiz». Sen menga: «Allohning qadaridan qochibmi?!» deb ta’na qilmoqdasan. Lekin bu yerda Allohning qadaridan qochish yo‘q. Qochish bo‘lsa ham biridan ikkinchisiga qochish bor. «Aytgin-chi, agar sening tuyalaring bo‘lsayu ular ikki bo‘lingan bir vodiyga tushsalar. Bo‘laklarning biri serhosil bo‘lsayu, boshqasi quruq bo‘lsa, hosildorida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan, qurug‘ida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan. Shunday emasmi?!» dedi». Yoki bir tomonda boqish Allohning qadari ila, boshqasida boqish Allohning qadaridan tashqarida bo‘ladigan bo‘lsa, shuni ayt. Hammasi ham Allohning qadari. Bizning hozir qilayotgan ishimiz ham shunga o‘xshash. Buning uchun sen xafa bo‘lma. «Shu payt Abdurrahmon ibn Avf kelib qoldi. U o‘zining ba’zi hojatlari ila ketgan edi». Shuning uchun bu masala bo‘yicha bo‘lib o‘tgan voqealardan xabarsiz edi. Kelganidan so‘ng gapning haqiqatini angladi va: «Bu haqida menda ilm bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon uning biror yerda borligi haqida eshitsangiz, u tomon bormang. Qachon siz turgan yerda u voqea bo‘lsa, undan qochib chiqmangiz», deganlarini eshitganman», dedi». Ortiqcha maslahatga ham, tortishuvga ham hech qanday o‘rin qolmadi. «Shunda Umar Allohga hamd aytdi va ortiga qaytdi». Ushbu qissa juda ham mashhur. Uni turli kitoblarda turli munosabatlar ila keltiriladi. Bunda maslahat, aqiyda, qadar masalasi, davlat boshlig‘i va voliy hamda amirlarning muomalasi va shunga o‘xshash ko‘pgina masalalar bor. Bizga keragi esa «Tib kitobi» uchun taalluqli qismi vabo bor joyga kirmaslik va u yerdagilarning chiqmasligi masalasi.

Shu yerda hadisi sharifni o‘rganish davomida mulohaza qilinadigan qoidalarni ham eslab o‘tishimiz lozim.

1. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning aytgan barcha hadislarini hamma sahobalar eshitgan bo‘lishi shart emasligi.

2. Ba’zi hadislarni sanoqli kishilar eshitgan bo‘lishi mumkinligi. Misol uchun vabo tarqalgan joyga kirmaslik va u yerdan chiqmaslik haqidagi hadis. Shuncha katta sahobalar ham uni eshitmagan ekanlar. Shuncha odamning ichidan faqat bir kishi — Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu eshitgan ekanlar.

3. Ushbu hadisga o‘xshash ahyon-ahyonda uchraydigan narsalarga oid hadislarni hojat tushganda izlab topilishi. Albatta, vabo har yili yoki har o‘n yilda ham bo‘ladigan narsa emas. U juda oz bo‘ladigan narsa. Shuning uchun bu masalaga oid hadisi sharifni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlarida o‘sha suhbatda hozir bo‘lgan sahobalar eshitganlar va shu bilan hojat tushmagani uchun bu masalaga qaytilmagan. Pay-g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davr-larida ham, hazrati Abu Bakr Siddiqning davrlarida ham vabo bo‘lmagan. Hazrati Umarning xalifaliklarining avvalida ham bo‘lmagan. Mana, Shomga safar qilganlarida bu masalaga duch kelindi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu boradagi hadisi sharif hayotga tatbiq qilish shu yerdan boshlandi. Islom davlatining qaysi joyida yuqumli xastalik chiqadigan bo‘lsa o‘sha yerga tashqaridan birov kirmaydigan, u yerdan tashqariga birov chiqmaydigan bo‘ldi.

4. Hayotda biror masala oriz bo‘lib qolsa, dar¬hol o‘z bilganicha hukm qilib yubormasdan o‘sha masalaning shariatdagi hukmini izlash kerak. Bir odam, bir jamoa o‘sha hukmni bilmasa, boshqalari bilishi mumkin. Katta xalifalar, xususan, choriyorlar davrida shunga o‘xshash masala bo‘lsa, odamlarga bizga bundoq-bundoq masala oriz bo‘ldi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda biror narsa eshitgan odam bormi, deb e’lon qilinar edi. Ana o‘shanda eshitgan odamlar o‘z bilganlarini aytar va unga amal qilinar edi.

5. Ba’zi kishilarda Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu aytganlariga o‘xshash, Allohning qazoi-qadariga iymon bo‘lgandan keyin, saqlanaman, deb ma’lum xastalik bor joydan qochishni nima keragi bor, degan tushunchalar bor. Ammo agar ularning gumonlarida asos bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nima uchun saqlanishga amr qilganlar, degan e’tiroz paydo bo‘ladi.

Islom.uz portali tahririyati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!