Gentra, Cobalt va Damas xatlandi

Gentra, Cobalt va Damas xatlandi

Qashqadaryo viloyati Soliq boshqarmasi viloyatda soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklarining mol-mulkini xatlab, qarzdorlikni undirish bo‘yicha reydlar o‘tkazmoqda. Bu haqda “Daryo” boshqarma axborot xizmati mas’uli Firdavs Jabborovga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Kasbi tumanidagi “Madinaxon Po‘latova” fermer xo‘jaligining bugungi kundagi soliq qarzi 137 million so‘mni tashkil qilgan. Fermer xo‘jaligi qarzini o‘z vaqtida to‘lab bermagani sababli unga tegishli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Shuningdek, tumandagi “Rahmatov Sobir” fermer xo‘jaligi mas’ullari ham 42 million so‘m miqdoridagi soliq qarzini to‘lab bermagani bois fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan avtotransport vositasi xatlangan.

Bundan tashqari, tumandagi “Sanoqulov Erdon” fermer xo‘jaligining 29 million so‘mlik qarzdorligi evaziga Cobalt avtomobili, “Suyarova Dilbar” fermer xo‘jaligining 71 million so‘mlik qarzdorligi uchun esa Damas avtomobili xatlanib, jarima maydonchasiga olib kelingan.

Soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan shaxslardan soliq qarzini undirish bo‘yicha viloyatimizda xatlov tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shunday tadbirlardan yana biri Mirishkor tumanida ham tashkil etildi. Tumandagi “Jonibek g‘alabasi” fermer xo‘jaligining 13,6 million so‘mlik soliq qarzdorligi evaziga uning Volkswagen rusumli avtotransport vositasi xatlandi. “Fayzullayev Lazizbek” fermer xo‘jaligining 22 million so‘mdan ortiq qarzdorligi evaziga esa Damas avtotransport vositasi xatlab olindi. “Shomirov Fayoz Farhodovich” fermer xo‘jaligining 26 million so‘mlik soliq qarzi xatlov tadbiri davomida to‘liq undirildi, — deydi viloyat Soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mas’uli Firdavs Jabborov.

Boshqarma mas’ullari jamoatchilikka O‘zbekiston Respublikasi konstitusiyasining 63-moddasini eslatib, “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashi shart”ligini ta’kidlamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!