O‘zbekistonlik mutaxassislar OPEK doirasida malaka oshiradi

O‘zbekistonlik mutaxassislar OPEK doirasida malaka oshiradi

Jahon bozorida qiymati baland mahsulotlardan biri – bu neft hisoblanadi. Shuning uchun ham uni “qora oltin” deb atashadi.

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) 1960 yilda tashkil etilgan bo‘lib, neft qazib olish kvotalari ustidan nazorat qilish uchun tuzilgan xalqaro hukumatlararo tuzilmadir.

2023 yil oktyabr holatiga ko‘ra, tashkilot tarkibiga 12 davlat kirgan. Bular – Jazoir, Venesuela, Gabon, Iroq, Eron, Kongo, Quvayt, Liviya, Birlashgan Arab Amirliklari, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, Ekvatorial Gvineyadir.

Bosh qarorgohi Avstriya poytaxti Vena shahrida joylashgan bu tashkilot bilan O‘zbekistonning aloqalari rivojlanmoqda.

OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi delegasiyasi yurtimizga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Adham Bekmurodov hamda OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi Prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa, jamg‘arma direktori Musab Alomar, jamg‘arma menejeri Olga Mixaylova o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

O‘zaro muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat natijasida ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, energetika sohalarida erishilayotgan ulkan natijalar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan jozibador sharoitlar OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi Prezidenti tomonidan e’tirof etildi.

Tomonlar energetika, transport sohalari, yashil iqtisodiyot, kambag‘allikni qisqartirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, infratuzilmalarni barqaror rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda bevosita ishtirok etayotgan turli bo‘g‘indagi davlat xizmatchilari uchun OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ko‘magi ostida turdosh loyihalar ishga tushirilgan davlatlarda qisqa va uzoq muddatli stajirovka va o‘quv dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdi.

Xalqaro jamg‘arma prezidenti tashkilotga a’zo davlatlardagi qator sohalarda erishilgan yutuqlar “bilim-transferi” bo‘lib, o‘zbek mutaxassislari tomonidan o‘zlashtirilishiga shubha qilmasligini alohida qayd etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!