“O‘zingdan chiqqan baloga” yoxud Rossiya bozorida o‘zbek o‘zbekni xonavayron qildi

“O‘zingdan chiqqan baloga” yoxud Rossiya bozorida o‘zbek o‘zbekni xonavayron qildi

Jahon.uz” ga yo‘llangan maktub va buning ortidan olib borilgan jurnalistik surishtiruv natijasida, Rossiyada o‘z yurtdoshlarimiz o‘zimizning o‘zbeklarni “qon qaqshatayotgani”ning guvohiga aylandik.

Afsuski, oramizda shunday insonlar ham borki, ular na o‘z yurtida, na o‘zga yurtda foydali ish bilan shug‘ullanadi. Aksincha, o‘zga yurtga borib oilam, bola-chaqam deb borgan, bir-ikki so‘m daromad qilmoqchi bo‘lganlarning cho‘ntagiga ko‘z olaytiradi.

Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida yashovchi Elyor Madrahimov 2016 yildan buyon Farg‘onada meva-sabzavot ekinlarini yetishtiruvchi fuqarolardan pomidor, bodring va limon mahsulotlarini yig‘ib olib, Rossiyaning Moskva shahridagi “Fud-Siti” bozoriga ulgurji narxda yetkazib berish bilan shug‘ullanib keladi.

“Men Moskva shahridagi “Fud-Siti” bozoriga birinchi marotaba yuk olib borganimda, yukni tushirishga deb, har bir bog‘lam (uch quti) mahsulot uchun 100 (yuz) Rossiya rublidan pul yig‘ib olishar edi. Bu ishlarni asli marg‘ilonlik Toyir Azizov amalga oshirar edi. Yukni birinchi marotaba olib borganimda foyda ko‘rmadim, aksincha yigirma bir ming rubl miqdorida yuk tushirilganligi uchun Toyirdan qarz bo‘lib qoldim, keyinchalik surishtirsam, bu pul yig‘ish aslida yo‘q narsa bo‘lgan va Toyir bu pullarni bozorda noqonuniy ravishda faoliyat yuritib kelayotgan, bir guruh shaxslardan iborat jinoiy guruh uchun savdogarlardan talab qilgan”, deydi u.

Elyor O‘zbekistonga qaytib kelib, Toshkent shahridagi sherigi Maqsud Hafizov yig‘ib qo‘ygan mahsulotlarni “Fud-Siti” bozoriga jo‘natadi. Uning jo‘natgan yuklarini Toyir Azizov o‘zboshimchalik bilan tortib olib, sotib, ushbu bozorda noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanuvchi guruh manfaatlari uchun har bir kilogramm yukidan ikki yuz rubldan “ulush” sifatida ushlab qoladi.

Oradan vaqt o‘tib Elyor Madrahimov O‘zbekistondan yuborilgan yuklarini sotish maqsadida yana Moskvaga, “Fud-Siti» bozoriga boradi. U yerga borganida, Toyir Azizov unga “nima uchun mendan so‘ramasdan O‘zbekistonga ketib yubording bu yerdan faqat mendan ruxsat so‘rab ketishga majbursan” deb uning yuziga uradi va tahdid qiladi.

2018 yilning bahor faslida Maqsud Hafizov Rossiyaga ko‘p miqdorda pomidor yuboradi. Ushbu mahsulot “Fud-Siti” bozorining yuk tushirish joyiga yetib kelgach, Elyor Madrahimov mahsulotni olmoqchi bo‘lganida, Toyir Azizov bunga to‘sqinlik qiladi. Sababini so‘raganida esa, Toyir har bir “svyazka” uchun 100 rubl berishini talab qilib tazyiq o‘tkaza boshlaydi hamda sheriklari bilan uning 150 kg miqdoridagi pomidor sabzavotini olib qo‘yadi. Toyir Azizov sabzavotlarni uch kundan so‘ng, yaroqsiz holatga keltirib qaytarib beradi.
Elyor Madrahimov Moskvada meva-sabzavot mahsulotlarini sotishga qarshilik ko‘rsatilayotganligi sababli O‘zbekistonga qaytib keladi.

Bu birgina holat, xolos. O‘rganishlar natijasida, Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida yashovchi Rustam Olimov ham jabr ko‘rganlardan biri ekaniga guvoh bo‘ldik.

U o‘tgan yilning oktyabr oyida Farg‘onada yetishtirilgan pomidor, bodring va limon mahsulotlarini “Fud-Siti” bozorida sotish maqsadida olib kirganida, chechen millatiga mansub shaxslar hamda Zuxriddin, Muzaxfar va Toyir undan mahsulotlar uchun “ulush” talab qilishgan. Ammo, u har kim o‘z mahsulotini erkin sotish huquqiga ega ekanligini aytib, keskin norozilik bildirgan.

Shundan so‘ng uni o‘ndan ortiq chechen. tojik va o‘zbek millatiga mansub qurollangai shaxslar bozorning yuk tushirish maydonida ayovsiz kaltaklashadi. U hushini yo‘qotganida, bozor ma’muriyatining ko‘riqlash xizmati ma’muriy binosi yerto‘lasiga olib kirishib fuqarolik pasportini olib qo‘yishadi va o‘rmonga olib borib o‘ldirishlarini aytib uni yuk mashinasiga ortayotganlarida bozorning qo‘riqlash bo‘limi xodimi uni to‘da orasidan olib chiqadi. So‘ngra mazkur bozor qo‘riqdash bo‘limi boshlig‘i, asli Farg‘ona viloyati, Quva tumanidan bo‘lgan Akrom ismli shaxsning oldiga olib kirishadi. Akrom unga fuqarolik pasportini olib beradi.

Rustam Olimov Akromning yordamida bozor hududidan chiqib, Moskva shahrida ijarada turgan xonadoniga boradi. Oradan 3-4 soat o‘tgach, “Fud-Siti” bozorida ho‘l meva sotish bilan shug‘ullanuvchi tanishi Xayrullo G‘aniyev Rustam Olimovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, uni kaltaklagan shaxslar uning xonadoniga bostirib kelishmoqchi ekanliklarini aytadi.

Bu xabarni eshitgach u darhol Moskva shahrida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi tanishi Dilshod akadan yordam so‘raydi. Dilshod aka unga boshqa xonadon topib beradi, borib o‘sha yerga joylashadi. Lekin kechqurun uni ushbu uyga ham qidirib kelishgach, Moskva viloyatining Odinsovo shaharchasidagi xonadonga ketishga majbur bo‘ladi.

Rustam bozordagi shaxslar bu yerga ham kelishayotganliklarini eshitgach, zudlik bilan samolyotga chipta sotib oladi va O‘zbekistonga qaytib keladi.

Aniqlanishicha, Moskvadagi “Fud-Siti” bozori hududida o‘zbekistonlik Mirlaziz Yunusov, Muzaxfar Tursunov (2013 yilda Rossiya hududidan deportasiya qilinganligi sababli O‘zbekistonga qaytib ismini bitta harfga o‘zgartirib yangi pasport olgan holda Rossiyaga qaytib borgan), Toyir Azizov, Zuhriddin, Dilmurod va tojikistonlik Manzura ismli ayol, chechen va tojik millatiga mansub bo‘lgan shaxslar bilan jinoiy guruh tuzishgan.

Ular meva-sabzavot mahsulotlarini ulgurji narxda sotish maqsadida olib boradigan o‘zbekistonliklardan “ulush” talab qilib kelishadi. Ular har bir yuk mashinasidagi 20 tonna mahsulotning ulgurji sotilishi uchun bozor hududiga olib kirilishiga 1500 AQSh dollari mikdorida “ulush” olishadi.

Zo‘ravonlar talab qilingan pulni bermaganlarga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazishadi. Agarda ular talab qilayotgan o‘sha ulush pullari o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, mahsulotlar yuklangan yuk mashinasi eshiklarini yopib qo‘yishib, qasddan chiritish va chiqindiga aylantirish bilan shug‘ullanib kelishadi va natijada dehqon ham, sotuvchi ham minglab dollar zarar ko‘radi.

Jinoiy guruh a’zolarining har biriga toshkentlik Mirlaziz Yunusov tomonidan vazifalar belgilab berilgan. Guruh a’zolaridan bo‘lgan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanilik aka-uka To‘xtasin va Zikrillo Hoshimovlar hamda Toshkent shahri Qo‘yliq mavzesida yashovchi Dilmurod ismli shaxslar mahsulotlarni Moskva shahridagi “Fud-siti” gipermarketiga yuborish istagida bo‘lgan yurtimizdagi savdogarlardan pomidor va limon mahsulotlarini yig‘ib olib, yuk mashinasida mazkur bozorga yuborishadi. Mahsulotlarning bojxona va chegaralardan olib o‘tilishiga “javobgar” sifatida Toshkent shahrilik Zuhriddin ismli shaxs tayinlangan.

Mahsulotlarni tashish va tushirib tarqatish uchun marg‘ilonlik Toyir Azizov javobgar sifatida belgilangan. U barcha “ulush”larni yig‘ib olib, Zuhriddinga beradi va jinoiy yo‘l orqali topilgan pullar guruhning o‘zbek, tojik va chechen millati vakillaridan iborat a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi.

O‘zbekistondan borayotgan mahsulotlar Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida yashovchi Muzaffar Tursunov va uning Rossiyadagi turmush o‘rtog‘i, tojikistonlik Manzuraning nomiga yuborilishi qatiy belgilab qo‘yilgan. Manzura Rossiya Federasiyasidagi tojiklar orasida obro‘li bo‘lgan, “Hoji Jabbor” nomi bilan tanilgan shaxsning ishonchli vakillaridan bo‘lib, Manzura ham bozordagi sotuvchilardan “ulush” yig‘ishga mas’ul hisoblanadi.

Bundan tashqari, guruhning chechen millatiga mansub Axtam Gabisov boshchiligidagi jami o‘n nafardan ortiq chechen, ingush va tojik, gruzin millatiga mansub sobiq sportchilar va jismonan baquvvat shaxslardan tuzilgan kichik guruh a’zolari “ulush” bermagan fuqarolarga sovuq va o‘qotar qurollar bilan jismoniy hamda ruhiy tazyiq o‘tkazib kelishadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Elyor Madrahimov Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani IIBga o‘zi guvohi bo‘lgan holatlar yuzasidan ariza bilan murojaat qiladi.

O‘z arizasida, u Moskva shahrida joylashgan “Fud Siti” bozorida Toyir Azizov sabzavot mahsulotlarining sotilishi uchun pul berishini talab qilgani, pullarni bermasa mahsulotlarini bozorda sotishga yo‘l qo‘ymasligini aytib tahdid qilganini bildirgan.

Shuningdek, arizada yozilishicha, Madrahimov yonida pullari bo‘lmagani sababli, unga pullarni keyinroq berishini aytgan hamda Azizovdan 38 ming rubl qarz bo‘lib qolgan. U mahsulotlarini sotib, O‘zbekistonga kelgan, keyinrok yuklari borgan vaqtda Azizov uning yuklarini arzon narxda sotib yuborib, 24 ming rubl pulini olgan.
Elyor Madrahimovning arizasida ko‘rsatilishicha, Toyir O‘zbekistonga kelib, unga 14 ming rubl qarzi qolganini aytib, qolgan pullarni berishini talab qilgan.

2018 yil 3 dekabr kuni Farg‘ona viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Toyir Azizov talab qilingan 200 AQSh dollarini Elyor Madrahimovdan olayotgan vaqtda ushlangan.

O‘zga yurtda o‘z vatandoshlarini qaqshatib, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan mazkur guruhning qolgan a’zolari ham sud oldida javob berishadi hamda ularga nisbatan adolatli hukm chiqariladi, deb umid qilamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!