O‘zbekistonda Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etiladi

“O‘zbekiston Respublikasining ‘Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida’gi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan:

  • Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizom;
  • Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Ekspert komissiyasi ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hamda ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va (yoki) tegishli sohada davlat siyosatini yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzurida tuziladi.

Texnik reglament loyihasini ishlab chiquvchi organ uni komissiyaga yuboradi, komissiya a’zolari tomonidan 15 kalendar kun ichida takliflar taqdim etiladi. Taqdim etilgan loyiha bo‘yicha komissiya yig‘ilishida qaror qabul qilingandan so‘ng qaror bir hafta ichida manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Standartlar instituti tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etilmoqda. Uning vazifalari:

  • JSTga a’zo davlatlarni respublikada xalqaro standartlarga asoslanmagan yoki ulardan sezilarli darajada farq qiladigan yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilayotgani to‘g‘risida o‘z vaqtida (ishlab chiqish bosqichida) xabardor qilish;
  • JSTga a’zo davlatlar axborot markazlari so‘rovlariga javoblar taqdim etish;
  • JSTga a’zo davlatlarining yangi texnik reglamentlarni ishlab chiqish bo‘yicha xabarnomalari bo‘yicha fikr bildirish;
  • JSTga a’zo davlatlarning savdodagi texnik to‘siqlar sohasida rejalashtirilgan yoki qabul qilingan choralari to‘g‘risidagi xabarnomalarni respublikaning tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalari va boshqa manfaatdor tomonlarga ularning so‘roviga ko‘ra taqdim etish.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 26 martdan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 19 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Unda JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholagan. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!