Universitetlarga kiritish bo‘yicha yirik korrupsiyaviy sxema fosh etildi

Universitetlarga kiritish bo‘yicha yirik korrupsiyaviy sxema fosh etildi

AQSh Adliya vazirligi Yel, Kaliforniya va Stenford universitetlariga kirgizib qo‘yish bo‘yicha yirik korrupsiyaviy sxema aniqlanganini ma’lum qildi. Bu borada 50 nafar kishiga ayblov qo‘yilgan. Ularning ichida Felisiti Xaffman, Lori Laflin kabi mashhur aktrisalar ham bor, deb yozadi Meduza.

OTMlarga kirish uchun abituriyentlarni tayyorlaydigan kompaniya hamda xayriya tashkiloti rahbari Uilyam Singer mazkur korrupsiyaviy sxema markazidan joy olgan. Ota-onalar unga xayriya-ehson ko‘rinishida pora berishgan. Ayblov hujjatiga ko‘ra, Singer aybini tan olgan va o‘zi bilan birga ishlagan hamda unga yordam berganlarga qarshi ko‘rsatma bergan.

Xizmat lardan biri SAT va ACT testlarini topshirishda qalloblik qilish bilan bog‘liq. Ma’lumot uchun, ushbu test natijalari Amerika oliy o‘quv yurtlarida talabalarni saralashda inobatga olinadi. Ushbu xizmat uchun ota-onalar 15 mingdan 75 ming dollargacha to‘lagan.

Singerning rejasi bo‘yicha, ta’lim olishdagi qiyinchiliklar bahonasi bilan ularning farzandlari imtihonlari kechiktirilgan. Keyin ular ma’murlari Singerga tanish bo‘lgan Texas yoki Kaliforniyadagi maktablardan birini tanlashgan. Sxemaning yana bir ishtirokchisi esa imtihon kuni yo to‘g‘ri javoblarni berib turgan yoki testdagi xatolarni to‘g‘rilab bergan yoxud o‘zi abituriyentlar uchun test topshirgan.

Ayni shu sxemada san’atkor Felisiti Xaffman ham ishtirok etgan. 2017 yilda Singer 15 ming dollar evaziga aktrisaning qiziga imtihondan yaxshi natija olish uchun yordam bergan. Los-Anjeles sudi Xaffmanga 250 ming dollar garov pul tayinladi.

Singer, shuningdek, OTM murabbiylari bilan kelishib o‘qishga kirishni ham kafolatlagan. Murabbiylar pora evaziga bolalarni ularning real muvaffaqiyatlari bo‘lsa-bo‘lmasa, sportchi sifatida yiqqan. Singer tashkiloti xodimlari esa o‘smirlarning sportdagi natijalari haqida soxta ma’lumotlar, jumladan, xuddiki, sport bilan shug‘ullanayotgani aks etgan fotosuratlarni tayyorlashgan.

Ba’zan sahna ko‘rinishlarini ota-onalarning o‘zlari ham qilishgan. Masalan, aktrisa Lori Laflin va uning turmush o‘rtog‘i Mossimo Janulli. 2016-2017 yillarda aktrisaning qizini Janubiy Kaliforniyadagi universitet eshkak eshish bo‘yicha jamoasi a’zosi sifatida qabul qilishadi. Vaholonki, bu qiz mazkur sport turi bilan umuman shug‘ullanmagan.

Oila sohiblari esa farzandining eshkak eshish trenajyoridagi suratlarini jo‘natganlar. O‘qishga kirish uchun esa Singerga 500 ming dollar qurtdek sanab berilgan.

Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar ko‘pincha firibgarlik ortidan o‘qishga kirishganini bilishmagan. Shuning uchun ularning birortasiga ham ayblov qo‘yilmadi. Adliya vazirligi ushbu talabalarning kelgusi taqdirini OTMlarning o‘zlari hal etishini bildirgan.

Xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!