Toshkentdagi qurilish ob’ektlaridan birida oshpaz baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi

Toshkentdagi qurilish ob’ektlaridan birida oshpaz baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi

Falokat oyoq ostida, deganlaridek, o‘zini nima kutayotganini hech kim oldindan bilolmaydi. Ba’zan ko‘ngilsizlik sodir bo‘lishi uchun bir lahza chalg‘ib qolish ham kifoya qiladi. Ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyatlar qonunchilikda aybning birmuncha xavfsiz shakli, deb belgilanganiga qaramay, bir begunoh insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishi juda achinarli holdir…

Beparvolik bilan chiqindilarni pastga tashladi

Sudlanuvchi qurilishlardan birida og‘zaki kelishuv asosida g‘isht teruvchi ishchilarga yordamchi sifatida ishlayotgan vaqtida, qurilish binosining beshinchi qavatidagi qurilish chiqindilarini tozalash jarayonida sement qorishmalari va g‘isht bo‘laklarini chelakka soladi. U ehtiyotsizlik qoidalariga rioya qilmay, pastda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan, beparvolik bilan qurilish chiqindilarini yuqoridan pastga tashlab yuboradi. Chiqindilar shu qurilish ob’ektida og‘zaki kelishuv asosida oshpaz vazifasini bajarib kelgan va binoning yonidan o‘tib ketayotgan fuqaroning boshiga tushib, tan jarohati oladi. U kasalxonaga olib borilganda olgan og‘ir tan jarohati oqibatida vafot etadi.

“Bekor o‘tirmaslik uchun chiqindilarni yig‘ishtirdik…”

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, quyidagilarni ma’lum qildi:

— Asli surxondaryolikman, bir kuni mahalladoshim qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentda qurilishda ishlayotganini, agar ishlashni istasam ish borligini aytib qoldi. O‘sha paytda bekor yurganim uchun uning taklifiga rozi bo‘lib, poytaxtga keldim.

Mahalladoshim meni qurilish bo‘layotgan besh qavatli binoga olib keldi. U g‘isht uruvchilarga yordamchi bo‘lishimni aytdi. Ertasi kuni u meni qurilish rahbarining oldiga olib bordi. Rahbar menga ish haqim terilgan g‘ishtga qarab berilishini aytdi. Shundan keyin qurilishda qolib, yordamchi bo‘lib ishlay boshladim. Voqea sodir bo‘lgan kuni g‘isht qolmaganligi sababli ish to‘xtab qoldi. Bekor o‘tirmaslik maqsadida atrofda to‘planib qo‘yilgan chiqindilarni yig‘ishtira boshladik. Boshqa sheriklarimiz pastni tozalashdi. Ertalabdan soat o‘n yarimlargacha ancha chiqindi to‘pladik, sherigim chiqindilarni to‘kish uchun chelakka solib berdi. Men qo‘limdagi chelak bilan beshinchi qavatning derazasidan pastga qaradim, hech kim ko‘rinmaganidan keyin axlatni pastga ag‘dardim.

Ayni shu paytda bo‘z bilan o‘ralgan hojatxona tomondan qurilishda oshpaz bo‘lib ishlovchi fuqaro chiqib qolib, men to‘kkan chiqindi uning boshiga tushdi. U dastlab boshini changallab, o‘tirib qoldi, keyin yerga quladi. U daraxtlar orasidan chiqqani uchun uni ko‘rmay qoldim. Bu vaqtda andijonlik ustalar hojatxona oldidagi devorni oqlashayotgandi.

Men ularga “oshpazga yordam beringlar”, deb baqirdim. Shundan keyin pastga yugurib tushdik. Ishchilar hushini yo‘qotgan, boshidan qon oqayotgan oshpazni yengil mashinaga olib chiqishdi. Uni kasalxonaga olib ketishdi. Birozdan keyin oshpazning kasalxonada vafot etgani haqida xabar keldi. Oshpaz bilan faqatgina tushlik va kechki ovqat paytida salom-alik qilganman, o‘rtamizda hech qanday kelishmovchilik bo‘lmagan. Uning mendan yoshi katta bo‘lgani uchun deyarli gaplashmaganman.

Qurilishda boshni himoya qilish uchun hammamizga kaska berilgan. Lekin ish jarayonida kaska xalaqit qilgani uchun yechib ishlardik. Ishga qabul qilingan vaqtimda hech kim menga texnik xavfsizlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmagan. Binoning yuqori qavatida ishlash uchun xavfsizlik kamarlari ham berilmagan. Chiqindilarni tashlayotganimda biror kishining ustiga tushishi mumkinligi xayolimga kelmagan. Ehtiyotsizligim va beparvoligim tufayli uning o‘limiga sababchi bo‘lib qoldim. Ayni paytda bu qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman.

Hukm o‘qildi

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Zohiddin NURIDDINOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi,

Lola Shoimova, jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!