Toshkentda oilaviy jinoiy guruh ushlandi (video)

Toshkentda oilaviy jinoiy guruh ushlandi (video)

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan poytaxtimizda yashirincha yashab kelayotgan oilaviy firibgarlar qo‘lga olingandi.

Ushbu shaxslar firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun Farg‘ona filoyati IIB tomonidan qidiruvga berilgan edi. Qidiruvga berilgan guruh Toshkent shahri, Uchtapa tumanidagi xonadonlarning birida ushlangan. Jinoyatchilarni qo‘lga olishda tezkor guruhga oilaning barcha a’zolari faol qarshilik ko‘rsatishgan. Bu haqda Zamon ko‘rsatuvida lavha berildi.

Firibgarlar guruhi odamlarning ishonchiga kirib, tilla taqinchoq o‘rniga ularning qalbakilarini sotish bilan shug‘ullanib kelgan. Ular xaridorni ishontirish uchun ularga haqiqiy tillani ko‘rsatishgan, hattoki zargarga tekshirtirib, uning haqiqiyligini tasdiqlatib ham olishgan. Xaridor pulni sanayotgan vaqtida taqinchoqlar aslisini o‘rniga qalbakisini berib yuborishgan.

2017 yilning 10 mart kuni soat 12:30larda Yunusobod tumanida joylashgan Mega Planet savdo markazida ishlovchi Zulxumor Tojimetova begona ayollardan 2 dona tilla uzuk va 2 dona tilla zanjirni 700 AQSh dollariga sotib olgan. Ammo xarid qilgan taqinchoqlari tilla emas, oddiy sariq rangli mis metal qorishmasidan yasalgan ekanligini bilganida esa kech bo‘lgan.

Ularning navbatdagi rejasi Uchtepa tumanida joylashgan Karvon bozoriga qaratilgan. Bu yerda sotuvchi bo‘lib ishlovchi Xotam Boborahmatov xiylagar ayollarning tuzog‘iga qanday tushib qolganligini anglab yetmasdan, ular bu joyni ham tark etishgan.

Men bu ishni 20 yildan beri qilaman. Onam ham shu ish bilan shug‘ullanib kelgan, degan ayblanuvchi O.Sohibova.

O.Sohibova avval ham ko‘p insonlarni chuv tushirib, bir necha marotaba sudlangan. Oxirgi marta 2013 yil 6 yilu 7 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Amnistiya tufayli uning o‘talmay qolgan 4 yili axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan edi. Berilgan ozodlik ushbu ayol uchun firibgarlik orqali mo‘may pul topish dardidan ustun bo‘la olmadi. U hatto o‘z farzandlarini ham ushbu qing‘ir jinoyatga boshladi. Aldov tufayli doim odamlardan qochib yurishi sabab bu oilaning hatto muqim yashash joyi ham bo‘lmagan. Oqibatda farzandlarining birontasi o‘rta maktabda ta’lim olmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!