O‘zbekiston Oliy sudi 198 nafar qatag‘on qurbonlari nomini oqladi

O‘zbekiston Oliy sudi 198 nafar qatag‘on qurbonlari nomini oqladi

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 1930—1938 yillarda sud hukmi bilan nohaq jazoga tortilgan 198 nafar shaxs oqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy sudga O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashlarining maxsus yig‘ilishining 1930—1938 yillardagi qarorlariga ko‘ra hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlari hududlarida aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlar va qurolli qo‘zg‘olonlar, terrorchilik, banditizm va shpionaj sodir etish, Turkfront maxsus bo‘limi hay’ati hamda Butun Rossiya favqulodda komissiyasi Prezidiumining maxsus yig‘ilishining 1920—1921 yillardagi qarorlariga ko‘ra hozirgi Farg‘ona viloyati hududida bosmachilik harakatida ishtirok etish hamda O‘zSSR Oliy sudining 1938 yildagi hukmiga ko‘ra partiya tashkilotlarida aksilsho‘ro faoliyatini amalga oshirganlikda ayblangan 198 nafar shaxsga oid 11 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassasiya tartibida protestlar keltirilgan.

6 may kuni Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ushbu protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 11 ta jinoyat ishi bo‘yicha 198 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassasiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarilgan.

SSRI Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 1930 yil 21 iyundagi hukmi bilan O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi lavozimida ishlagan Sa’dulla Qosimov va boshqalar (jami 7 kishi) O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga mol-mulkini musodara qilgan holda o‘lim va ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining bugungi sud majlisida Sa’dulla Qosimovning nabirasi F. Sa’dullayev tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan kassasiya shikoyati hamda bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan ushbu jinoyat ishi yuzasidan keltirilgan kassasiya protesti ham ko‘rib chiqilgan. Natijada Sa’dulla Qosimov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi bekor qilinib, ularning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli aybsiz deb topilib, oqlangan.

Oliy sudi tomonidan 6 may kuni reabilitasiya qilinib, oqlangan qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!