Kadastr sohasida korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan 33 xodim qayta ishga kirib, yana shu kabi jinoyatlarga qo‘l urdi

Kadastr sohasida korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan 33 xodim qayta ishga kirib, yana shu kabi jinoyatlarga qo‘l urdi

Kadastr tizimida faoliyat olib boruvchi o‘zini-o‘zi ta’minlashga ixtisoslashtirilgan Davlat kadastrlari palatasining huquqiy maqomi, majburiyatlari, nazorat mexanizmlari aniq belgilanmagani sohada korrupsiyaviy jinoyatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tahlilida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni 28-moddasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, kadastr sohasida muqaddam sudlangan shaxslar faoliyat olib borayotgani va yana takror jinoyatlar sodir etayotgani ma’lum bo‘lgan. Birgina firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish va pora berish jinoyatini sodir etgan 127 nafar shaxsning 33 nafari yoki 26 foizi muqaddam shu kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan.

Kadastr sohasida firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish va pora berish jinoyatlari oson mulkiy daromad orttirish maqsadida ishonchni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq yagona usulda sodir etilgan bo‘lsa, mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari turli xildagi korrupsiyaviy sxemalar asosida amalga oshirilgan.

Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyatlari asosan yer ajratish tartibini buzish, qonunbuzilishi holatlariga ko‘z yumish, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bermaslik yo‘nalishlarda sodir etilgani ma’lum bo‘lgan.

Ayniqsa, mahalliy hokimliklar huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizasiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalarda kadastr sohasi xodimlari doimiy faoliyat olib borishi natijasida yer ajratish bilan bog‘liq jinoyatlar egalik huquqini beruvchi qarorlarni chiqarishga asos bo‘luvchi (qaror osti) hujjatlariga turli soxta ma’lumot va yozuvlarni kiritish, yerlarning toifalarini va egalarini o‘zgartirish kabi usullarda sodir etilganligi aniqlandi, — deyiladi xabarda.

Tahlillardan ko‘rinishicha, sohada korrupsiyaviy jinoyatlar uchun Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) bo‘limlarida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq holatlarda korrupsiyaviy jinoyatlar 29 foizni tashkil qiladi. Bunga Davlat kadastrlari palatasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning kutilgan samara bermayotgani hamda sohada yagona va qat’iy nazorat o‘rnatilmagani sabab bo‘lmoqda.

Xususan, Kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasi to‘g‘risidagi nizomining 3-bandiga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi Kadastr agentligining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va uning tizimiga kiradi hamda o‘z faoliyatida Kadastr agentligining o‘rinbosariga bo‘ysunadi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Kadastr agentligi to‘g‘risidagi hamda kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi to‘g‘risidagi nizomda Kadastr agentligi organlari davlat yer, kadastr va geodeziya nazorati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga va jismoniy shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega ekani qayd etilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 266-1-moddasida Kadastr agentligi organlariga yuqoridagi huquqbuzarliklar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’muriy jarima tayinlash vakolati berilgan. Biroq zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarining samarali joriy etilmagani bois Kadastr agentligi tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari hozirda aniqlangan bitta holat yuzasidan tegishli ma’lumotlarni aniqlab, ishni sudga chiqarishi uchun o‘rtacha 7-10 kun vaqt sarflamoqda, bu esa xodimlarning ish unumdorligi va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘rganish va tahlillar natijalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tizimda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma yuborilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!