Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksi bosh shifokori ishdan bo‘shatildi

Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksi bosh shifokori ishdan bo‘shatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan turmush o‘rtog‘i tomonidan suratga olingan videomaterial paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, homilasi yetilib, tug‘ruq og‘riqlari boshlangan bo‘lsa-da, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagan hamda unga shoshilinch tibbiy  yordam ko‘rsatilmagan.  

Mazkur masala yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev tug‘ruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot  muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazdi.  Unda sog‘liqni saqlash tizimining xalqimiz oldidagi obro‘yiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday salbiy holatlar keskin tanqid qilinib, boshqa uni  takrorlanmasligi bo‘yicha qat’iy ogohlantirishlar berildi,  vaziyatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga tegishlicha choralar ko‘rilishi  ta’kidlandi.

Vaziyat Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, quyidagilar ma’lum qilindi. Homilador ayol O.S. 2000 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy ro‘yxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5 may kuni emas, shu yilning 29 aprel kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni soat 04:25 da ayolni turmush o‘rtog‘i X.M. tug‘ruq og‘riqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga olib kelgan. Navbatchi shifokor ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, “Homiladorlik 1, 41-xafta. Tug‘ruqning 1-davri latent fazasi” tashxisini qo‘ygan. 
Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo‘l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro‘yxatda turganini inobatga olib, dislokasiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani tug‘ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug‘ruq bo‘limiga borish tavsiya qilingan. 

Shu kuni soat 5:40 lar atrofida homilador ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tug‘ruq bo‘limiga olib borilgan va u yerda “Homiladorlik 1, 41 xafta. Tug‘ruqning 1-davri” tashxisi bilan qabul qilingan. 2021 yil 29 aprel kuni soat 7:40 da og‘irligi 3700 gr bo‘lgan qiz dunyoga kelgan. Tug‘ruqdan keyingi davr asoratsiz o‘tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan.

Ushbu vaziyat yuzasidan o‘zi mas’ul bo‘lgan yo‘nalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rmagani uchun Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘rinbosari R.Haitbayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 

Tibbiyot muassasasida ushbu qo‘pol holatga yo‘l qo‘yilgani uchun ushbu tug‘ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham  egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko‘rildi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!