Samarqandda 14 yoshli bolaning o‘limi ortidan aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

Samarqandda 14 yoshli bolaning o‘limi ortidan aka-ukalarga sud hukmi o‘qildi

2019 yil avgust oyining 13 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati o‘z binosida, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2019 yil 17 iyuldagi hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan sudlanuvchilar;

Xayitov Zafar Nurillayevich (Xayitov Zafar Nurillayevich), 1976 yil 1 dekabrda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilali, ikki nafar farzandlari bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan, Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘ini, 374-uyda yashagan, ish bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ayblov xulosasi nusxasini 2019 yil 3 iyul kuni va hukm nusxasini 2019 yil 17 iyul kuni olgan,

Xayitov Xusan Nurillayevich (Xayitov Xusan Nurillayevich), 1986 yil 4 iyulda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar farzandlari bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan, Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Qo‘shchinor” MFY, Urganji qishlog‘ida yashagan, ish bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ayblov xulosasi nusxasini 2019 yil 3 iyul kuni va hukm nusxasini 2019 yil 17 iyul kuni olganlarga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan jabrlanuvchi B.Tursunov tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishini apellyasiya tartibida ko‘rib chiqdi.

Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2019 yil 17 iyuldagi hukmiga asosan Z.Xayitovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

X.Xayitovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

«7news.uz» internet nashri ixtiyorida mavjud bo‘lgan Sudning hukmiga ko‘ra, Z.Xayitov va X.Xayitovlar, 2019 yil 29 mart kuni soat taxminan 21:00 larda bir guruh bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on tumani, Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini, Ko‘mir qishlog‘ida yashovchi singlisi D.Xayitovaning yashash uyiga voyaga yetmagan jiyani 2005 yil 20 iyul kuni tug‘ilgan B.Abduhakimov tomonidan o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgani uchun uni tartibga chaqirish va onasi D.Xayitovaning gaplariga quloq solishini tushuntirish maqsadida borib, voyaga yetmagan jiyani B.Abduxakimovni oyog‘idan arqon bilan shiftga osib qo‘yib, tanasining turli joylariga tayoq bilan bir necha marta qasddan urib tan jarohati yetkazganliklari natijasida voyaga yetmagan B.Abduxakimov “Og‘ir, hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati” olib vafot etishiga sababchi bo‘lishgan.

Jabrlanuvchi B.Tursunovning shikoyatida, birinchi bosqich sudi sudlanuvchilar Z.Xayitov va X.Xayitovlarga nisbatan bir qadar yengil jazo tayinlanganligi, shuningdek, D.Xayitovaning harakatlarida qasddan odam o‘ldirish jinoyat alomatlari borligi sababli sud hukmini o‘zgartirib, sudlanuvchilar Z.Xayitov va X.Xayitovlarga og‘irroq jazoni tayinlashni hamda D.Xayitovaning jinoiy harakatlariga qonuniy baho berish so‘ralgan.

Sudlov hay’ati ish bo‘yicha viloyat sudining sudyasining ma’ruzasini, prokuror, sudlanuvchilar va ularning himoyachisi hamda jabrlanuvchining vakillarini fikrlarini tinglab, apellyasiya shikoyatidagi keltirilgan vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan birga tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko‘ra sud hukmini o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.

-jabrlanuvchining vakili D.Xayitovaning dastlabki tergov va suddagi, marhum voyaga yetmagan B.Abduxakimov uning o‘g‘li, sudlanuvchi Z.Xayitov akasi va sudlanuvchi X.Xayitov ukasi bo‘lishi, 2019 yil 28 mart kuni turmush o‘rtog‘i SH.Tursunov Rossiya davlatidan unga qo‘ng‘iroq qilganida u turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan voqeani aytib berganligi, so‘ng 2019 yil 29 mart kuni soat 21:00 larda akasi Z.Xayitov va ukasi X.Xayitov uning yashash uyiga kelganligi va turmush o‘rtog‘i ularga Rossiyadan qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li B.Abduxakimov onasining aytganlarini qilmayotganligi va gapiga kirmayotganligini aytib, uni tartibga chaqirib qo‘yishni so‘raganligi sababli kelganligini aytganligi, akalari o‘g‘lidan nima sababdan onasining gaplariga quloq solmayotganligi va o‘g‘irlik qilganligini so‘rab bir-ikki shapaloq urishganligi, keyin ukasi unga tashqaridan xivich keltirib berishni aytganida u ukasiga urmasligini va o‘g‘li nimjon bola ekanligini aytganida, ukasi unga aralashmasligini, uning o‘zi tarbiyalab berishini aytgani, akasi va ukasi o‘g‘li B.Abduxakimovni oyog‘idan shiftga osib qo‘yib qo‘llari bilan yuz sohasiga, xivich bilan oyoq va son sohalariga urgani, ularga urmasligini iltimos qilganida akasi aralashmasligini aytib, uni ikkinchi xonaga kiritib qo‘yganligi, keyin u nima bo‘lganligini aniq bilmasligi, shundan so‘ng u o‘g‘lidan ovqat yeyish-emasligini so‘raganida o‘g‘li indamasdan yotganligi uchun o‘g‘lini arazlayapti deb o‘ylab boshqa gapirmagani, oradan biroz vaqt o‘tib u o‘g‘lining yuzi va labi oqarib qolganligini ko‘rib oyog‘ini ushlab ko‘rganida o‘g‘lining oyog‘i muzdek ekanligini bilgani, akasi va ukasi uning yashash uyiga o‘g‘lini o‘ldirish maqsadida emas, balki uni tartibga chaqirib qo‘yish maqsadida kelganligi, dastlabki tergov jarayonida turmush o‘rtog‘i SH.Tursunov jabrlanuvchining vakili deb e’tirof etilganligi, lekin turmush o‘rtog‘i vijdoni qiynalib 2019 yil 23 iyun kuni o‘z joniga qasd qilib vafot etganligi, ushbu voqealardan so‘ng marhum turmush o‘rtog‘ining yaqin qarindoshlari uni o‘g‘lining va turmush o‘rtog‘ining o‘limida ayblab yashash uyidan haydab yuborganligi sababli hozirgi kunda o‘zining ota-onasinikida yashab kelayotganligi haqidagi;

Shunga ko‘ra, sudlov hay’ati, shikoyatdagi vajlar sud hukmini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli, sud hukmini o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!