Odessa shahri o‘qqa tutildi

Odessa shahri o‘qqa tutildi

Rossiya 29 aprel kuni Odessani o‘qqa tutishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 nafarga yetdi, 32 kishi yaralandi. Bu haqda viloyat harbiy administrasiya rahbari Oleg Kiper xabar berdi.

“29 aprel soat 22:00 holatiga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘ldi, bir it ham nobud bo‘ldi. Yana bir kishi hujum oqibatida yuzaga kelgan insult sababli vafot etdi. 32 kishi jarohat oldi, 25 kishi kasalxonada, jumladan, ikki bola va bir nafar homilador ayol. Yo‘qolgan besh yoshli qiz og‘ir ahvolda, yana olti kishi reanimasiyada”, — deyiladi xabarda.
“Afsuski, qurbonlar soni ortib bormoqda, yosh ayol kasalxonada vafot etdi. Reanimasiyadagi erkakning hayotini saqlab qolish uchun kurashilmoqda”, — deydi Odessa meri Gennadiy Truxanov.

Keyinchalik, bir kishi kasalxonada vafot etgani ma’lum bo‘ldi, ammo bu o‘sha odammi yoki yo‘qmi noma’lum, deb yozadi UNIAN.

Shahar rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati Qora dengiz sohillari yaqinida shunchaki sayr qilgan.

“Odessa, odamlar dengiz bo‘yida sayr qiladi va ular o‘ldirilmoqda. Ular go‘yoki odamlarni, bolalarni o‘ldirish orqali o‘zlarini himoyalayotganini da’vo qilmoqda”, — deya ta’kidladi Truxanov.

“Rossiya harbiylari shaharni ballistik raketa bilan, dastlab kassetali o‘q-dorilar bilan o‘qqa tutgan. Bunday o‘q-dorilar tirik kuchni yo‘q qilish uchun ishlatiladi. Ular texnika va binolarga emas, birinchi navbatda odamlarga tahdid soladi”, — deydi Oleg Kiper. Ukraina janubiy mudofaa kuchlari vakili Dmitriy Pletenchuk ham Odessani o‘qqa tutishda kassetali kallakli “Iskander-M” raketasi ishlatilganini ma’lum qildi.

Hujum oqibatida Odessa yuridik akademiyasi universitetining saroyida sodir bo‘lgan keng ko‘lamli yong‘in o‘chirilgan, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati. Hujumga uchragan bino Odessadagi eng mashhur binolardan biri bo‘lib, mahalliy aholi uni “Garri Potter qal’asi” yoki “Kivalov qal’asi” deb ataydi.

Odessadagi raketa hujumi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan bugun shahar va viloyatda bir kunlik motam e’lon qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!