Sajdada o‘lim topgan xitoylik

Sajdada o‘lim topgan xitoylik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 (hayotiy voqea)

Bundan chamasi olti-etti oy avval o‘n kishi Xitoydan Istanbulga keldi. Ular yaqinda islomni qabul qilib musulmon bo‘lishgan va endi umra safarini niyat qilib yo‘lga chiqishgan edi. Biri ikki oy oldin, biri esa ikki hafta avval islomni qabul qilgan yigitlar edi. Din haqida, umra haqida bilimlari yo‘q. Istanbulda o‘zlariga diniy bilimga ega, arab tilini biladigan bir yo‘lboshchi topish niyatida edilar. Niyat xolis ekan, yo‘lboshchi ham topildi. U bir vaqtlar Xitoydagi zug‘umlardan qochib kelgan bir uyg‘ur edi. Bo‘lib o‘tgan voqeani o‘sha kishidan eshitamiz:

“Yangi musulmon bo‘lgan bu xitoy yigitlari bilan yo‘lga chiqdik. Yaxshi do‘st ham bo‘lib oldik. Ular islomga taalluqli bo‘lgan har bir eshitgan narsalarini katta bir hayajon bilan darrov bajarishga urinishar, o‘rganishardi. Islomdan bilimlari haminqadar, hatto namozda o‘qiladigan suralarni ham durust bilishmas va faqat “Alhamdulillah, Allohu akbar” deyishardi, xolos. Avval Makkaga bordik. Yangi tug‘ilgan chaqaloq kabi edilar. Shodliklaridan goh kulishar, goh yig‘lashar edi. 
Ularning ismlarini ham o‘zgartirdik, Muhammad (Chan Ching), Hasan (Chun Fang)bo‘ldi. Har biriga yangi ismi bilan murojaat qilardik. Ammo bu yigitlarning ichida bitta Muhammad ismlisi g‘oyatda ajralib turardi. Uni zimdan, diqqat bilan kuzata boshladim. Namozdan har turganida ko‘zlari jiqqa yosh bo‘lardi. U bir kuni mendan so‘radi:

– Dinimizda aroq va shu kabi narsalarga qanday qaraladi? Bu haqda biron ma’lumot bormi?

Men shunday javob qildim:

– Robbimiz ichkilikni harom qilgan. Uning ichilishi ham, sotilishi ham, tarqatilishi ham harom.

Yashab turganimiz mehmonxonaga keldik. Muhammad Xitoyga ukasiga qo‘ng‘iroq qilib:

– Aroq zavodimizni yop. Allohning amri shunday ekan. Biz bu amrga bo‘ysunishimiz shart.

Ukasi zavodni bunchalik tez yopa olmasligini, hech bo‘lsama bir-ikki kun fursat berishini so‘radi. Chunki akasi aytganiday qilsa, bir necha ming dollar zarar qilar, sheriklarini ham og‘ir ahvolga solib qo‘yardi. Ammo Muhammadning qarori qat’iy edi:

– Alloh amr etgan, buni. Biz bajarishimiz shart. Hoziroq zavodni yop. Men Xitoyga qaytganimdan so‘ng sheriklar bilan muammoni o‘zim hal qilaman.

Nihoyat Makkadagi ziyoratimiz ham o‘z poyoniga yetdi, biz Madinaga qarab yo‘l oldik. Madinada bomdod namozi kirdi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning: “Bu jannat bog‘chasidir” deb atagan namozlarini ado qilar edik. Muhammad mening yonimda, boshqa yigitlar bilan bir safdamiz. Namoz asnosida Muhammad sajdaga bordi va uzoq vaqt sajdadan bosh ko‘tarmadi. Biz namozni tugatdik ham u sajdadan bosh ko‘tarmasdi. Sajdada jon berdimikin, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Yo‘g‘-e, yoshgina yigit-ku,  dedim. Uning sajdadan bosh ko‘tarishini kutdik, ancha kutdik, ammo... uni chaqirdim, javob bermadi. Yana chaqirdim, jimjitlik. Xavotir ola boshladik. Yelkasiga qo‘limni uzatib, yengilgina tortmoqchi edim, u chap tarafga qarab yiqildi. Darrov tez yordam chaqirib, shifoxonaga olib ketdik. Shifokor uning vafot etganini aytdi. Muhammadni shifoxonadagi o‘likxonada qoldirdik. Kasalxona tashqarisida nima qilishni bilmay, u yoqdan-bu yoqqa borir kelar, bir qayg‘u ichida turardik. Shu orada shifoxonaga bir mashina kelib to‘xtadi. Mashinaning rusumidan egasining obro‘li kishi ekanligini ko‘rinib turardi. Shifoxona xodimlari uni hurmat bilan qarshi oldilar. Keyin bilsak, bu Madinaning olim amirlaridan biri ekan. U shifoxona xodimlariga qarab shunday dedi:

– Bugun bu yerda bir xitoylik yigit vafot etdimi?

– Ha, – dedilar.

Biz hayratdan lol qolgancha:

– Biz o‘sha yigitning do‘stlarimiz. Siz uni taniysizmi? deb so‘raganimizda, u shunday deb javob qaytardi:

– Kecha tunda tushimda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni ko‘rdim va ular menga buyurdilarki:

“Ertaga bu yerda bir xitoylik ummatim vafot etadi, uning janozasi bilan shug‘ullan (hozir bo‘l)”.

Tez fursatda hamma narsa o‘zgardi. Muhammadni shifoxonadan olib, go‘zal bir shaklda janoza o‘qib, dafn etdik.

Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!