Quvadagi moliyaviy piramida 95 nafar fuqaroga jabr yetkazdi

Quvadagi moliyaviy piramida 95 nafar fuqaroga jabr yetkazdi

Jinoyat kodeksining 1881-moddasi “Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat” deb nomlanadi. Ammo kundalik hayotimizda ayni jinoyatga deyarli duch kelavermaymiz.

Quva tumanida yashovchi Sayyora Mahmudova esa tanishi Rasuljon Mirzaalimovning taklifi bilan mazkur jinoyatga qo‘l urganda xayolan yettinchi osmonda uchib yurardi. Ya’ni yigit unga internet orqali “APPI TRAVELS.COM” sayti orqali turizmni rivojlantirish bo‘yicha elektron biznes ishiga qo‘shilishni, agar shunday qilsa, dunyoning barcha mamlakatlari uchun chegirmali narxda aviachiptalar olish, mehmonxona, restoranlar, ijaraga avtomashinalar buyurtirish, internet sayti ochish, reklama va shunga o‘xshash elektron tarzda amalga oshiriladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini tushuntiradi.

— Ayniqsa, saytning oltita raqamli “Matrisa” xizmati siz uchun juda foydali, — deydi R.Mirzaolimov Sayyorani yanada qiziqtirib. — Bu xizmatga a’zo bo‘lish uchun uch yuz dollar to‘laysiz. Keyin tanishlaringizdan yana ikki kishini a’zo qilasiz, ular ham ikkitadan mijozni jalb etishi kerak. Shunda siz 750 dollar bonus — daromad olasiz. Qancha ko‘p odamni a’zo qilsangiz, shuncha ko‘p bonusni qo‘lga kiritasiz.

Buni qarangki, S.Mahmudovaga elektron biznesdan ham ko‘ra “Matrisa” xizmati haqidagi ikkinchi taklif juda ma’qul keladi. Natijada u yeng shimarib, “ish”ga kirishib ketadi. Avvalo, 300 AQSh dollari miqdorida a’zolik badali to‘laydi. Keyin tanishlari Shohsanam Nosirova, Mahsudaxon Tillayeva, Dilrabo Soliyeva va Farruh Mo‘ydinovlarni a’zolikka jalb qiladi. Qarabsizki, 750 dollarlik bonusni qo‘lga kiritib turibdi-da.

Shundan so‘ng Sayyoraning yana boshqa qadrdonlari Gulasal Aripova, Rayhonoy Soliyeva, Rohatxon Saidazimova, Lobaroy Dadajonova, Nargizaxon Sultonovalar ham saytning yuqoridagi xizmatiga a’zo bo‘lib qo‘shilishadi. Bora-bora S.Mahmudova bilan birga ular 10 kishilik jinoiy guruhga aylanadi. Axir ishlamay pul topish kimga ham yoqmaydi deysiz? Yana deng, daromad xorijiy valyutada to‘lansa. Mana shu tariqa jinoiy guruhning har bir a’zosi o‘z tanish-bilishlarini “Matrisa” xizmatiga jalb qila boshlaydi. Jumladan, kimdir 150, kimdir 200 AQSh dollari bersa, naq 82 nafar fuqaro 300 AQSh dollaridan pul topshiradi. Hatto, 1000, 1200, 1500, 1800 AQSh dollari berganlar ham bor. Ayniqsa, fuqaro Nafisaxon Sheraliyeva bir oy mobaynida o‘zi, turmush o‘rtog‘i S.Sheraliyev, qizlari F.To‘xtasinova, Z.To‘xtasinova, G.To‘xtasinova, qaynonasi S.Sheraliyeva, qaynisinglisi, uning qizi va jiyani kabi oila a’zolarining hisobiga “atigi” 2550 AQSh dollarini jinoyatchilarning qo‘liga tutqazadi. Oqibatda, 2019 yilning aprel-iyun oylarida 95 nafar fuqaroning 71.200 AQSh dollari (606.160.184 so‘m) miqdoridagi mablag‘i noqonuniy ravishda jalb etiladi. Biroq kimdir bonusga ega bo‘lsa, boshqa birov bergan pulini ham qaytarib ololmaydi. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda jalb qilingan fuqarolarga hech qanday bonus berilmagan. Shu bois ular huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishgan. Pirovardida qing‘ir ishning qiyig‘i chiqib, mazkur jinoyat fosh etiladi.

Shundan so‘ng S.Mahmudova, SH.Nosirova, M.Tillayeva, D.Soliyeva, F.Mo‘ydinov, G.Aripova, R.Soliyeva, R.Saidazimova, L.Dadajonova va N.Sultonovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining yuqorida tilga olingan 1881-moddasi 3-qismi “a,v”-bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi tomonidan esa “qahramon”larimizga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga binoan tegishli sinov muddatlari belgilandi. Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan 15 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 30.533.000 so‘m miqdoridagi zararni undirish ham o‘z aksini topdi.

Albatta, mazkur jinoyat ishi tafsilotlaridan voqif bo‘lgan har qanday kishida bir talay fikr-mulohazalar tug‘iladi. Sudlanuvchilarku mo‘may daromad ilinjida hech narsadan tap tortmay jinoyatga qo‘l urgan. Ammo oz emas, naq 95 nafar jabrlanuvchilarning so‘rab-surishtirmay ish tutgani ham jinoyatga yo‘l ochgan. Ularning orasidan hech yo‘qsa, bitta bo‘lsa ham oqni qoradan, halolni haromdan ajratadigan kishi chiqmagani achinarli.

 Zafarjon OMONOV,
 jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi raisi

Xurshid SULTONOV,
jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!