Qiziq tadqiqot: semiz siyosatchilar bor davlatda korrupsiya yuqori bo‘ladimi?

Qiziq tadqiqot: semiz siyosatchilar bor davlatda korrupsiya yuqori bo‘ladimi?

Dunyoning eng nufuzli moliyaviy nashrlaridan biri The Economist juda qiziq maqola e’lon qildi. Unda sobiq SSSR tarkibidagi qaysi davlatlarda ortiqcha vaznga ega siyosatchilari ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda korrupsiya balandligi haqida so‘z boradi.

Fransiyadagi Monpelye biznes maktabi tadqiqotchisi Pavel Blavatskiy tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda sobiq SSSR tarkibiga kirgan 15ta davlatning 2017 yildagi Hukumat tarkibi aks etgan 300 ga yaqin fotosuratlar tahlil qilinib, kompyuterdagi maxsus algoritm orqali ularning vaznlari hisoblab ko‘rilgan (izoh - Hukumat tarkibi deganda Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar olingan).

Ma’lum bo‘lishicha, ortiqcha vaznga ega amaldorlari ko‘p davlatlarda korrupsiya holatlari ham yuqori bo‘lib chiqqan. Davlatlardagi korrupsiya holatini belgilashda Jahon banki va Transparency International indeksidan foydalanilgan.

Mazkur indeksga ko‘ra, Boltiq bo‘yidagi 3ta davlat - Estoniya, Latviya va Litva, shuningdek Gruziya sobiq SSSRga a’zo mamlakatlar orasida eng korrupsiyadan holi davlatlar hisoblanadi. Shuningdek, ushbu davlatlar vazn jihatdan eng ixcham vazirlari bilan ham maqtana olar ekan.

Aksincha korrupsiya indeksida eng quyi o‘rinlarda turadigan O‘zbekiston va Turkmanistonda, shuningdek Ukrainada ortiqcha vaznga ega vazirlar soni ko‘p ekan.

Tadqiqotchining fikricha, semizlik sobiq SSSR davlatlaridagi siyosatchilar orasida haddan tashqari ko‘p uchraydi. Masalan, barcha 15 ta mamlakat vazirlarining 3 dan 1 qismi "ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi" toifaga kiradi. Blavatskiy algoritmi bo‘yicha, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 54%, Tojikistonda 44%ni tashkil qiladi (2017 yildagi ma’lumot).

Garchi Vladimir Putin sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi, kuchli siyosatchi sifatida gavdalansa ham, lekin uning Hukumati xuddi qo‘shni davlatlardagi kabi nisbatan do‘mboqlardan tashkil topgan, deyiladi maqolada.

Shuningdek, tadqiqotchi Armanistonni alohida misol keltirgan. Ya’ni Armaniston 2018 yilda revolyusiya orqali demokratiya tomon katta qadam tashlagandan so‘ng, Hukumat tarkibining vazni ancha yengillashgan, ya’ni ortiqcha vaznga ega vazirlar soni kamaygan.

Maqolada yana bir qiziq ma’lumot keltirilgan. Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin, semiz siyosatchilar bor davlatda semiz odamlar ham ko‘p bo‘lsa kerak, deb. Lekin raqamlar aksincha ekanligini ko‘rsatmoqda. Ortiqcha vaznga ega siyosatchilar bor davlatning fuqarolari ozg‘in ekan (o‘ng tomondagi grafikka qaralsin).

«Albatta, ushbu korrelasiya semiz siyosatchilar ixchamroq hamkasblariga qaraganda ishonchsiz degan xulosa chiqarishga sabab bo‘la olmaydi. Ammo sobiq Sharqiy blokdagi davlatlarda siyosatchilar vazni kamaysa, yaxshi bo‘lar edi. Chunki tadqiqotlar ko‘rsatadiki, saylovchilar ortiqcha vaznga ega siyosatchilarga kamroq ishonch bildiradi», - deyiladi The Economist maqolasida.

Qo‘shimcha izoh: yana bir bor eslatib o‘tamiz, ushbu tadqiqot 2017 yilgi Hukumatlar tarkibidan kelib chiqib olib borilgan. Mana bu faylda qaysi davlatdan qaysi siyosatchilar tadqiq qilinganini to‘liq ko‘rishingiz mumkin.

Masalan, tadqiqot uchun tanlab olingan O‘zbekistonning 2017 yilgi 24 kishilik Hukumat tarkibidan hozirda faqat 9 kishi ishlayapti, qolganlar yoki butunlay Hukumatdan ketgan yoki boshqa lavozimga o‘tkazilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!