Onasini o‘ldirgan qotil: "Onam va singillarimga necha marta pichoq urganimni eslolmayman"

Onasini o‘ldirgan qotil: "Onam va singillarimga necha marta pichoq urganimni eslolmayman"

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining ochiq sud majlisida Sanjar Tursunov (maqoladagi ism shariflar o‘zgartirildi)ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ish hujjatlarida keltirilishcha, sudlanuvchi S. Tursunov 1998 yili Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti o‘rta maxsus. Bo‘ydoq, muqim ish faoliyatiga ega emas. Sudlanmagan.

S. Tursunov onasi Dilfuza Xalilovani begona erkaklar bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lganlikda gumon qiladi. Onasiga nisbatan nafrati uning jinoiy rejasiga turtki bo‘ladi.

Singillarimni olib ketmoqchi edim

Sudda ko‘rsatma bergan S. Tursunov voqeani quyidagicha so‘zlab berdi:

2013 yili onam tog‘amning savdo do‘konida, poytaxtda ishlamoqchi ekanini aytib, ikki singlim va meni o‘zi bilan birga olib ketdi. Otam Zarafshonda qoldi. O‘qishimizni Toshkent shahridagi maktabga ko‘chirdik. Oradan bir yil o‘tib, men kollejga o‘qishga kirdim. Onam Zarafshonga borib-kelib ishlardi. 2015 yilning sentyabr oyi o‘rtalarida tog‘amning qizi turmushga chiqdi. To‘y arafasi poytaxtga kelgan onam telefonda begona erkaklar bilan gaplashayotganini tasodifan eshitib qoldim. Keyin o‘ziga bildirmay uyali telefon apparatini tekshirib ko‘rdim. Noma’lum raqamdan kelgan SMS larni ko‘rib, jahlim chiqdi. O‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qilib, kim ekanini, onamni qayerdan tanishini surishtirdim. Notanish erkak bilan gapimiz qovushmadi. U meni haqorat qilib, aqling yetmagan ishlarga aralashma, dedi. Bu gapdan achchig‘im chiqib, otamga qo‘ng‘iroq qildim va onamning nima ishlar qilib yurganini aytdim. Shu voqeadan keyin ota onam alohida yashay boshlashdi.

2015 yili onam singillarim bilan birga Zarafshonga qaytib keldi. Men poytaxtda qoldim. O‘qishim tugab, uyga qaytganimda onam va singillarim haqida har xil gaplar eshitdim. Surishtirsam, singlim Nargiza onam bilan kelisholmay dugonasinikida yashayotgan ekan. Nilufarni otam uyiga olib ketibdi.

2017 yilning 11 sentyabr kuni S. Tursunov do‘stlari bilan qahvaxonada uchrashadi. Uch yigit tug‘ilgan kun bahonasida pivo ichishadi. Spirtli ichimlik ta’sirida yigitlardan birining kayfi oshib, Sanjarning singillari haqida gap ochadi. Tabiiyki, bu Sanjarga yoqmaydi. Uyga qaytganida soat chamasi 01.30lar atrofida edi. Sanjar otasini uyg‘otib, singlisini so‘raydi. Nargizaning ertalab chiqib ketgancha hali ham qaytmaganini bilgach, jahli chiqib, unga qo‘ng‘iroq qiladi.

Nargiza qo‘ng‘irog‘imga javob bermagach, otamdan jahlim chiqdi. Qizlaringiz buzilib ketgan, sizning esa parvoyingiz falak deya baqirdim. Otam yuzimga shapaloq tortdi. Qattiq asabiylashdim. Uydan pichoq olib chiqib, singlimni olib kelaman, deb ko‘chaga chiqmoqchi bo‘lganimda otam yo‘limni to‘sdi. Uni itarib yuborib, chiqib ketdim. Onamnikiga borib, otam bilan janjallashib qolganimni aytdim. U meni eshitmadi, aksincha, otamni haqorat qila boshladi. Jahlim chiqib baqirdim. Nilufar xonasidan chiqib keldi. Nargiza ham shu yerda ekan. Uni ko‘rib, o‘zimni nazorat qilolmay qoldim. Qo‘limdagi pichoqni onamning o‘ng biqiniga tiqib yubordim. Kutilmaganda yuz bergan voqeadan onam esankirab qoldi, so‘ng qaddini rostlashga urindi.

Sudlanuvchining suddagi ko‘rsatmasida keltirilishicha, D. Xalilova qo‘liga pichoq olib, o‘g‘liga tashlanmoqchi bo‘lganida S. Tursunov onasining to‘g‘ri kelgan joyiga ko‘p marotaba pichoq urgan.

S. Tursunov:

Nilufar bizni ajratmoqchi bo‘lib, onamni suyab oldi. Achchiq ustida unga ham bir necha marotaba pichoq tiqib oldim. Nilufarni himoyalash uchun yaqinlashgan Nargizaga ham pichoq urdim. Jahl ustida o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Onam va singillarimga qanday tashlanganim, necha marta pichoq urganimni eslolmayman. Singillarim jon holatda tashqariga qocha boshlashdi. Onamni ham topa olmay qoldim. Singillarimning ortidan ketgan bo‘lsa kerak, degan o‘yda tashqariga chiqdim. Singillarim uyning old tomonidan aylanib o‘tib, tepaga chiqishayotganini ko‘rib qoldim. Menga ko‘zi tushgan Nilufar Aka, iltimos, bunday qilmang , deb baqirdi. Nargiza qaysidir xonadonga kirmoqchi bo‘lganida uy egalari qonga belanganini ko‘rib, shovqin ko‘tarishdi. Milisiya chaqirilganini eshitganimdan so‘ng duch kelgan tomonga qocha boshladim. Qancha yugurdim, bilmayman. O‘zimga kelganimda otamning uyida edim. Otamga nima bo‘lganini aytib berdim. U o‘ksinib yig‘ladi. Onam va singillarimni o‘ldirish uchun bormagandim. Maqsadim uchovini ham qo‘rqitib qo‘yish edi.

Onam uni haqorat qilmadi

Voyaga yetmagan jabrlanuvchi Nargiza Tursunova sudda pedagog va qonuniy vakili ishtirokida ko‘rsatma berdi.

N. Tursunova:

O‘sha kuni biz uxlayotgandik. To‘satdan eshik taqilladi. Onam Kim u? , deb so‘radi. Akam o‘zini tanitgach, onam eshikni ochdi. Ikkisi iliq ko‘rishishdi. Men ham xonamdan chiqib keldim. Akam meni ko‘rishi hamon baqira ketdi: Sen bu yerda nima qilib yuribsan?! deya. Vajohatini ko‘rib indamadim. Onam Xonangizga kirib yoting, akangga shu yerga joy solib beraman , dedi. Gap orasida akam otam bilan urishib qolganini ham aytib o‘tdi. Onam ko‘rpa to‘shaklarni olayotganda akam cho‘ntagidan pichoq chiqarib, onamning o‘ng biqiniga tiqib oldi. Qo‘rqqanimdan xona burchagiga borib qoldim va qattiq baqira boshladim. Opam Nilufar yugurib chiqib, akamni ajratmoqchi bo‘ldi. Ammo akam unga ham pichoq urdi. Yodimda qolgani akam onamga sakkiz marta pichoq urdi. Opam ikkisi xonadan chiqib ketishganda men hali ham burchakda turardim. Qarshimda akamni ko‘rib, Bas qiling, nima qilyapsiz , deb baqirdim. U esa Sen ham yonimga kel , deb menga tashlanmoqchi bo‘ldi. Qochmoqchi bo‘lganimda bir necha marta pichoq tiqdi. O‘zimni himoya qilish uchun uni itarib yubordim va ko‘chaga qarab qochdim. Tashqarida opamni ko‘rib uning yoniga bordim. Akam ortimizdan chiqdi, ko‘zlari qonga to‘lgandi, nima qilayotgani, nima deyotganini anglamasdi. Jon holatda qo‘shnilarning uyiga kirdik. Ikkimizning ham ust boshimiz qon edi. Qo‘shnilar milisiya chaqirishganini aytishdi. Akam ularga yashash manzilini aytib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Qizlarni o‘ldirmoqchi bo‘ldi

Guvoh J. Nazarboyeva:

Tungi soat 2:00lar atrofida eshik taqilladi. Tashqarida kimdir Yordam beringlar , deb qattiq baqirardi. Eshikni ochsam, ust boshi qonga belangan ikki qiz turibdi. Ular bilan yaxshi tanish emasmiz. Qizlardan biri o‘zini ichkariga urdi. Shovqindan turmush o‘rtog‘im chiqib keldi. Unga Tez yordam chaqiring , dedim. Shu payt ikkinchi qizning ortidan qo‘lida pichoq ko‘targan yigit kelib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Erim Qizlarga tegma, milisiya chaqirdim , deb baqirdi. U esa Qaysi biring uydan chiqsang sog‘ qo‘ymayman , deb po‘pisa qildi. So‘ng yashash manzilini aytib, ko‘zdan yashirindi. Biz Tez yordam chaqirdik. Ko‘p o‘tmay ichki ishlar xodimlari yetib kelishdi. Bilsak, haligi yigit qizlarning akasi ekan. U onasiga og‘ir tan jarohati yetkazibdi. Onasi vafot etdi...

S. Tursunovning otasi o‘g‘lining Onam va singillarimni o‘ldiraman deganini ichkilik ta’sirida aytdi qo‘ydi deb jiddiy qabul qilmagan. Uyga ust boshi qon bo‘lib qaytib, Ularni pichoqlab qo‘ydim , deganida ham shubhaga bormagan.

Sanjar Tursunov JKning 97-moddasi, 2 qismi, j bandi, 25, 97-moddasi, 2-qismi, a , g , j bandlari va 219-moddaning 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud S. Tursunovga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil kesil o‘tash uchun 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati

sudi sudyasi Faxriddin Xalilov bilan

hamkorlikda tayyorlandi.

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!