“Boysun bahori”ning xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi

“Boysun bahori”ning xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Surxondaryo viloyatining xushmanzara Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovda dunyoning 13 davlati jamoasi va yakkaxon xonandasi, mamlakatimizning 15 ta folklor-etnografik ansambli o‘z mahoratini keng namoyish etdi. Ularning chiqishlarini xalqaro hakamlar hay’ati ochiq, oshkora baholadi. Ko‘rik-tanlovning folklor san’ati yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tanlov yakunida birinchi o‘rin Surxondaryo viloyatidagi “Boysun” folklor-etnografik ansambli jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Buxoro viloyatidagi “Jondor” folklor-etnografik, Samarqand viloyatidagi “Chavqi” folklor etnografik ansambllari munosib topildi. Uchinchi o‘rinni Xorazm viloyatining “Xorazm” folklor-etnografik ansambli, Qozag‘iston Respublikasining “Qozog‘iston” jamoasi va Yaponiyaning “Yapon marvaridi” jamoalari qo‘lga kiritdi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovning “Folklor namunalarining eng yaxshi talqini uchun” nominasiyasida Namangan viloyatining “Yallama-yorim” folklor-etnografik ansambli, “Turli xalqlar folklor namunalarini mujassamlashtirgan jamoa uchun” yo‘nalishida belgiyalik jamoa, “An’anaviy musiqaning milliy cholg‘ulardagi eng yaxshi talqini uchun" nominasiyasida Buyuk Britaniyalik jamoa va “Milliy folklor qo‘shiqlarining eng yaxshi sahnaviy talqini uchun” yo‘nalishida Qirg‘iziston Respublikasining “Qirg‘iziston” jamoalari, “Milliy an’analarning targ‘iboti uchun” nominasiyasida Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik xalq ansambli g‘olib bo‘ldi.

Shuningdek, milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida Toshkent viloyatining “Ko‘zmunchoq” jamoasi birinchi, Jizzax viloyatining “Besh tosh”, Qoraqlpog‘iston Respublikasining “Meros” bolalar jamoasi ikkinchi, Tojikiston Respublikasining “Qoratog‘”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Belarus Respublikasining “Yaritsa” xalq jamoasi uchinchi o‘rinlar bilan taqdirlandi.

Tanlovning “Eng noyob xalq tomoshasi uchun”, “Milliy urf-odatlarning eng yaxshi talqini uchun”, “Eng ahil jamoa uchun” “Voha folklori va tomosha san’atining targ‘ibotchisi”, “Folklor va tomosha san’atining eng yaxshi targ‘ibotchisi” kabi nominasiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham munosib rag‘batlantirildi. G‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom, xalqaro festival statuetkasi, pul mukofotlari tantanali topshiriladi.
Tantanali marosim el suygan san’atkorlar ishtirokidagi galakonsert bilan yakunlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!