Neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi

Neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi

Yurtimizda neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib borayotgan bir davrda, xalqning rizqini kesib, o‘z nafsini qondirish maqsadida borini ham talon-taroj qilayotganlarning bunday xatti-harakati hech qanday quyushqonga sig‘maydi. Fuqarolar Furqat Fayziyev, Xalimjon Matxoliqov va Qayumjon Boqiyevlar ham shundaylar toifasidan bo‘lib chiqdi. Ular “Andijonneft” AJda liniya nazoratchisi Zoirjon Mamatqulovni pul bilan boshini aylantirib, 1 mln. so‘m evaziga undan qattiq sir tutiladigan “Andijon-Asaka-FNQIZ” neft quvuri liniyasi qayerdan o‘tganini bilib olishadi.

"Xalq so‘zi onlayn"ning yozishicha, shundan so‘ng, huquqbuzarlar Quva tumani Bahor MFY hududidan oqib o‘tadigan qora oltinni o‘g‘irlash bo‘yicha reja tuzishga kirishadilar. Shu maqsadda Toshloq tumani Yakkavut MFY, Beruniy ko‘chasi, 282-uyda yashovchi Nodirbek Meliboyev va Bobirbek Ne’matovlar bilan jinoiy til biriktirib, ularning xonadonida neft mahsulotlarini ishlab chiqaradigan yashirin sexni tashkil qilish ishlarini boshlab yuboradilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida bu yerda qo‘lbola usulda metalldan tayyorlangan uskunada 1,120 litr neft xom ashyosini qaynatish orqali 490 litr mazut va 100 litr solyarka tayyorlangan.

Neftni qayta ishlash korxonalarida xavfsizlikni ta’minlashning o‘z tartib-qoidalari bor, chunki olov bilan o‘ynashish yaxshilikka olib kelamaydi. Biroq, yashirin sexdagi ahvol ko‘rib turganingizdek xavfsizlik qoidalariga umuman zid. Bu yerda istlagan mahalda jiddiy halokat yuz berishi va bundan nafaqat sexdagi ishchilar, balki qo‘shni xonadonda yashovchilarga ham katta talofat etishi mumkin edi.

Yaxshiyamki, oramizda ziyrak va befarq bo‘lmagan odamlar ko‘p. Polietilen qoplarda o‘g‘irlanayotgan neftni tashish uchun ijaraga olingan transport vositasining egasi ushbu kimsalarning qing‘ir ishlaridan xabar topgach, huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati fosh etildi.

Huquqbuzarlar daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Hozirda ularga nisbatan O‘zR JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!