Navoiyda 7-sinf o‘quvchisi to‘tini gapirtiradigan “Aqlli qafas” yaratdi

Navoiyda 7-sinf o‘quvchisi to‘tini gapirtiradigan “Aqlli qafas” yaratdi

Navoiy shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazida 7-sinf o‘quvchisi “Aqlli qafas” yaratdi. Ixtiro viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar markazida tashkil etilgan “Yosh olimlar” klubining ochilish marosimida taqdim etildi. Bu haqda Turon24 xabar bermoqda.

“Asosan to‘tiqushlar uchun mo‘ljallangan aqlli qafas qushni 15 kunda gapirtira oladi, – deydi loyiha muallifi, Karmana tumanidagi 4-maktab o‘quvchisi Suhrob Haydarov. – Chunki unga tanlangan so‘zlarni takrorlashga mo‘ljallangan fleshka joylashtirilgan. Shuningdek, qafas to‘liq avtomatik tarzda ishlaydi. Uning egasi qushini parvarishlash uchun ortiqcha vaqt sarflashiga hojat yo‘q. Qushga ozuqa berishdan tortib, xona haroratiga moslashtirishni ham qafasning o‘zi bajaradi”.

Yangi tashkil etilgan klubga 100 dan ortiq yosh havaskor ixtirochi bola a’zo bo‘ldi. Klub a’zolari o‘z ustaxonalarida tayyorlagan ixtirolarini markazda yig‘ilib muhokama etishlari, bu yerdagi maxsus ustaxonada kamchiliklarini to‘g‘rilashlari mumkin.

“Yosh ixtirochilar” to‘garagi a’zolari o‘rtasida ko‘plab tanlovlar o‘tkazib kelmoqdamiz, – deydi xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Tohir Abdurahmonov. – Yangi tashkil etilgan “Yosh olimlar” klubi iqtidorli bolalarni birlashtirib, o‘z ustilarida yaxshiroq ishlashi uchun ijodiy muhit bo‘lib xizmat qiladi”.

Hozir ixtirochilar “Aqlli chiqindi qutisi” loyihasi ustida ishlashmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!