Namoz uyqudan yaxshiroqdir

Namoz uyqudan yaxshiroqdir

Qur’oni Karimning «Maryam» surasi 59-oyatida: "So‘ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o‘rin oldilar. Endi ular, albatta yomonlikka (yomon jazoga) yo‘liqurlar", deb aytilgan. Ulamolardan bir toifasining aytishlaricha, zoye qilingan namozdan murod, uni tark qilish emas, balki uni vaqtidan kechiktirib o‘qishdir.

Ey, aziz birodar! Rabbimiz namozga shoshilinglar, najotga shoshilinglar deb turganda siz qanday uxlaysiz? Xuddi shuningdek muazzin subhda: «As-solatu xoyrum minan-navm» – «Namoz uyqudan yaxshiroqdir», deb nido qilib turgandachi! Demak, har qancha shirin uyqudan ham namoz yaxshiroq ekan, g‘aflatda qolmaylik.

Yana Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning huzuringizga kechqurun bir jamoa va kunduzi bir jamoa farishtalar orqama-orqa kelib bomdod va asr namozlarida jam bo‘ladi. Kechqurun turgan farishtalar Alloh taolo huzuriga chiqishganida, Alloh o‘zi bilgan holda: "Bandalarimni qay holda tark qildinglar?" deb so‘raydi. Farishtalar: "Ularni tark qilganimizda ham, borganimizda ham namoz o‘qayotgan edi, deyishadi", dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati). 

Azizlar, diqqat qiling! Demak, farishtalar: «Ey Alloh, falonchini bomdod namozini o‘qiyotganda topdik, deyishsa, uni o‘qimasdan uxlab qolgan odam haqida: «Falonchini esa uxlab yotgan paytda topdik» deyishlari haqiqatdan yiroq emas. Vallohu a’lam.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!